#islab_dayjest
Ijtimoiy siyosat laboratoriyasi1. Ijtimoiy himoya siyosatini shakllantirish jarayonidagi hokimiyat munosabatlari
Ushbu maqola Madagaskarda ijtimoiy himoya siyosatining shakllanish jarayonini siyosiy iqtisod yondashuvi asosida tahlil qiladi. Mualliflar ijtimoiy himoya siyosatini faqat texnik yoki moliyaviy jarayon sifatida emas, balki turli manfaatdor tomonlar o‘rtasidagi hokimiyat munosabatlari mahsuli sifatida ko‘rib chiqadi. Tadqiqotda hukumat, xalqaro donorlar, BMT agentliklari va boshqa tashkilotlarning o‘zaro ta’siri o‘rganilib, ijtimoiy nafaqa dasturlarining nega ijtimoiy himoya tizimining asosiy vositasiga aylangani tahlil qilinadi.
Maqola Madagaskarda ijtimoiy himoya siyosati asosan tashqi donorlar tashabbusi bilan rivojlanganini ko‘rsatadi. Natijada, siyosatni shakllantirish va amalga oshirish jarayonida milliy institutlarning roli nisbatan cheklangan. Mualliflar ijtimoiy nafaqa dasturlarining kengayishi ijtimoiy himoya tizimining institutsional rivojlanishi bilan har doim ham birga kechmaganini ta’kidlaydi.
Asosiy xulosalar
Tadqiqotning eng muhim xulosalaridan biri shundaki, Madagaskarda ijtimoiy himoya siyosatini belgilashda xalqaro donorlar hal qiluvchi rol o‘ynagan. Siyosatning ustuvor yo‘nalishlari ko‘pincha hukumatning uzoq muddatli strategiyasi emas, balki tashqi moliyalashtirish mexanizmlari orqali shakllangan.
Maqola shuningdek, turli tashkilotlar tomonidan amalga oshirilgan dasturlar o‘rtasida yetarli darajada muvofiqlashtirish mavjud emasligini ko‘rsatadi. Bu esa resurslarning samarasiz taqsimlanishiga va dasturlarning parchalanishiga olib kelgan.
Mualliflarning yana bir muhim xulosasiga ko‘ra, ijtimoiy himoya tizimining samaradorligi nafaqat moliyaviy resurslarga, balki davlatning institutsional salohiyati va siyosiy yetakchiligiga ham bog‘liq.
Tavsiyalar
Maqolada hukumatning ijtimoiy himoya siyosatini boshqarishdagi rolini kuchaytirish zarurligi ta’kidlanadi. Mualliflar donorlar, xalqaro tashkilotlar va davlat idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni yaxshilashni tavsiya qiladi.
Shuningdek, ijtimoiy himoya dasturlarini yagona milliy strategiya asosida birlashtirish, turli tashabbuslar o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni kuchaytirish va tashqi moliyalashtirishga qaramlikni kamaytirish zarurligi qayd etiladi.
Maqolaning asosiy g‘oyasi shundan iboratki, ijtimoiy himoya siyosatini faqat ijtimoiy nafaqa orqali baholash yetarli emas. Siyosatning muvaffaqiyati davlat institutlari, donorlar va boshqa manfaatdor tomonlar o‘rtasidagi hokimiyat munosabatlariga ham bevosita bog‘liq.
Manba: https://socialprotection.org/publication/manuscript-delpy-4aae79ff9d90.pdf
2. Ish o‘rinlarining yo‘qolishi va zaif ishchilarni himoya qilishda davlat siyosatining o‘rni
Ushbu maqolada iqtisodiy inqirozlar, texnologik o‘zgarishlar va mehnat bozoridagi tarkibiy o‘zgarishlar natijasida ish o‘rinlarining qisqarishi muammosi tahlil qilinadi. Mualliflar ish o‘rnini yo‘qotish barcha xodimlarga bir xil ta’sir ko‘rsatmasligini, ayniqsa, past daromadli, norasmiy sektorda ishlovchi va ijtimoiy himoyadan yetarli darajada foydalana olmaydigan aholi qatlamlari ko‘proq zarar ko‘rishini ta’kidlaydi.
Maqolada turli mamlakatlar tajribasi tahlil qilinib, ish o‘rinlarining yo‘qolishi faqat bandlik bilan bog‘liq muammo emasligi, balki daromadlarning kamayishi, kambag‘allikning kuchayishi va ijtimoiy tengsizlikning ortishiga ham olib kelishi ko‘rsatiladi. Shu sababli, davlat siyosati mehnat bozoridagi o‘zgarishlarga moslashishga yordam beradigan himoya mexanizmlarini yaratishi kerakligi qayd etiladi.
Muhim natijalar
Maqola mehnat bozoridagi o‘zgarishlar ayrim guruhlarni boshqalarga nisbatan ko‘proq xavf ostida qoldirishini ko‘rsatadi. Norasmiy sektorda ishlovchilar, vaqtinchalik band bo‘lganlar, ayollar, yoshlar va malakasi past xodimlar ish o‘rinlarini yo‘qotish oqibatlaridan ko‘proq jabr ko‘radi.
Mualliflar faqat ishsizlik nafaqalarini joriy etish muammoni to‘liq hal qila olmasligini ta’kidlaydi. Ish o‘rnini yo‘qotgan shaxslarni qayta tayyorlash, yangi ko‘nikmalarni shakllantirish va ularni qayta band qilishga qaratilgan faol mehnat bozori siyosati muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, tadqiqot ijtimoiy himoya tizimlari va mehnat bozori siyosati o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ta’kidlaydi. Bu ikki yo‘nalish bir-birini to‘ldirgan taqdirdagina zaif aholi qatlamlarini samarali qo‘llab-quvvatlash mumkin.
Tavsiyalar
Maqolada ijtimoiy himoya dasturlarini mehnat bozori siyosati bilan uyg‘unlashtirish tavsiya etiladi. Mualliflar ishsizlikdan himoya qilish tizimlarini kengaytirish, qayta kasbiy tayyorlash dasturlarini rivojlantirish va norasmiy sektorda ishlovchi aholini ijtimoiy himoya tizimlariga kengroq jalb etish zarurligini ta’kidlaydi.
Bundan tashqari, mehnat bozoridagi o‘zgarishlarga tezkor javob bera oladigan moslashuvchan siyosat mexanizmlarini yaratish ham muhim tavsiya sifatida ilgari suriladi.
Manba: https://publications.iadb.org/en/job-loss-and-role-public-policies-vulnerable-workers
3. Iqlim o‘zgarishiga moslashishda ijtimoiy himoya
Maqolada iqlim o‘zgarishining Hindiston aholisi, ayniqsa, ijtimoiy jihatdan zaif qatlamlar hayotiga ta’siri tahlil qilinadi. Mualliflar ekstremal ob-havo hodisalari, qurg‘oqchilik, suv tanqisligi va haroratning ko‘tarilishi mavjud ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni yanada kuchaytirayotganini ta’kidlaydi.
Maqolada ijtimoiy himoya tizimi iqlim inqiroziga javob berishning muhim vositalaridan biri sifatida ko‘rib chiqiladi. Mualliflarning fikricha, ijtimoiy himoya faqat falokatlardan keyingi yordam bilan cheklanmasligi, balki aholining iqlim bilan bog‘liq xatarlarga oldindan tayyorlanishiga xizmat qilishi kerak.
Asosiy natijalar
Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari barcha aholi guruhlariga bir xil ta’sir ko‘rsatmaydi. Kambag‘al oilalar, qishloq aholisi, qishloq xo‘jaligiga qaram uy xo‘jaliklari va norasmiy sektorda ishlovchilar ko‘proq xavf ostida qoladi.
Mualliflar amaldagi ijtimoiy himoya dasturlari ko‘pincha qisqa muddatli muammolarni hal qilishga qaratilganini qayd etadi. Bunday yondashuv iqlim o‘zgarishining uzoq muddatli oqibatlarini yumshatish uchun yetarli emas. Shu sababli, ijtimoiy himoya tizimlarini iqlim siyosati bilan integratsiya qilish zarur.
Maqolada ijtimoiy himoya tizimlari nafaqat daromadlarni qo‘llab-quvvatlashi, balki odamlarning yangi sharoitlarga moslashish salohiyatini ham oshirishi kerakligi ta’kidlanadi. Bunga bandlik dasturlari, sug‘urta mexanizmlari, pul transferlari va sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish orqali erishish mumkin.
Tavsiyalar
Mualliflar ijtimoiy himoya dasturlarini iqlimga moslashish strategiyalarining ajralmas qismiga aylantirishni tavsiya qiladi. Shuningdek, ijtimoiy himoya siyosatini qishloq xo‘jaligi, bandlik, sog‘liqni saqlash va tabiiy ofatlarni boshqarish siyosati bilan uyg‘unlashtirish zarurligi ta’kidlanadi.
Maqolada ijtimoiy himoya tizimlarini yanada moslashuvchan qilish, zaif aholi qatlamlari qamrovini kengaytirish va iqlim bilan bog‘liq xatarlarga oldindan javob beradigan mexanizmlarni joriy etish zarurligi qayd etiladi. Hindiston tajribasi iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda ijtimoiy himoya siyosati markaziy o‘rin tutishi kerakligini ko‘rsatadi.
Manba: https://researchonline.lse.ac.uk/id/eprint/140334/1/Social_protection_climate_adaptation_India.pdf
4. Jamoatchilikka (mahalla) asoslangan ijtimoiy himoya
Tadqiqot Falastinning Beyta hududida mahalla institutiga asoslangan ijtimoiy himoya mexanizmlarini tahlil qiladi. Tadqiqotda davlatning rasmiy ijtimoiy himoya tizimidan tashqari, mahalliy hamjamiyatlar, xayriya tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarining aholini qo‘llab-quvvatlashdagi o‘rni o‘rganiladi.
Mualliflar Beytadagi ijtimoiy himoya tizimi ko‘p jihatdan mahalliy tashabbuslar, xayriya faoliyati va o‘zaro yordam tarmoqlariga tayanishini ko‘rsatadi. Ayniqsa, ayollar tashkilotlari nafaqat moddiy yordam ko‘rsatishda, balki ayollarning iqtisodiy va ijtimoiy faolligini oshirishda ham muhim rol o‘ynaydi. Tadqiqot mahallaga asoslangan yondashuv ijtimoiy birdamlikni mustahkamlashini, biroq u davlat tomonidan amalga oshiriladigan tizimli ijtimoiy himoyaning o‘rnini bosa olmasligini ta’kidlaydi.
Muhim xulosalar
Tadqiqot natijalari Falastinda norasmiy ijtimoiy himoya mexanizmlari hanuzgacha muhim ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi. Qarindoshlik aloqalari, mahalliy xayriya tashkilotlari va jamoaviy yordam shakllari ko‘plab oilalar uchun asosiy tayanch vazifasini bajaradi. Biroq iqtisodiy qiyinchiliklar va uzoq davom etayotgan inqirozlar bu tizimlarning imkoniyatlarini cheklamoqda.
Tadqiqotda ayollar tashkilotlarining faoliyati alohida e'tiborga olinadi. Unga ko‘ra, ayollarni kasbiy tayyorlash, daromad keltiruvchi faoliyatga jalb etish va ularning jamoat hayotidagi ishtirokini rag‘batlantirish ijtimoiy himoyaning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Beytada faoliyat yuritayotgan ayollar tashkilotlari iqtisodiy va ijtimoiy imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan turli dasturlarni amalga oshirmoqda.
Mualliflar mahalla institutiga asoslangan tashabbuslar samarali bo‘lishiga qaramay, ularning qamrovi cheklanganini qayd etadi. Shu sababli, norasmiy va rasmiy ijtimoiy himoya mexanizmlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarur.
Tavsiyalar
Maqolada mahalliy hamjamiyatlar, xayriya tashkilotlari va davlat institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash tavsiya etiladi. Shuningdek, ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturlarini kengaytirish, mahalliy tashabbuslarni institutsional jihatdan qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy himoya tizimini yanada yaxlit shaklda rivojlantirish zarurligi ta'kidlanadi.
Manba: https://link.springer.com/article/10.1186/s12982-026-02533-6
5. Issiq ob-havoning sog‘liq va iqtisodiyotga ta’siri
Ushbu tadqiqot Hindistonning shahar hududlarida norasmiy sektorda faoliyat yuritayotgan xodimlarga ekstremal issiq ta'sirini tahlil qiladi. Tadqiqot Dehli, Agra va Ajmer shaharlaridagi 538 ta uy xo‘jaligi ma'lumotlariga asoslanib, issiqlikning sog‘liq, mehnat unumdorligi va daromadlarga ta'sirini baholaydi. Tadqiqot mualliflari iqlim o‘zgarishi tufayli kuchayib borayotgan issiqlik to‘lqinlari norasmiy sektorda ishlovchilar uchun jiddiy sog‘liq va iqtisodiy xavf tug‘dirayotganini ko‘rsatadi.
Maqolada issiqlikning salbiy oqibatlari faqat ish joyi bilan cheklanib qolmasligi ta'kidlanadi. Yashash sharoitlarining yomonligi, suv va oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq muammolar ham xodimlarning tiklanish imkoniyatlarini cheklaydi. Natijada, issiqlikning ta'siri uy xo‘jaliklarining umumiy farovonligiga ham salbiy ta'sir ko‘rsatadi.
Xulosalar
Tadqiqot natijalari Hindistondagi norasmiy sektor xodimlari iqlim o‘zgarishining eng zaif guruhlaridan biri ekanini ko‘rsatadi. Bu toifadagi xodimlar mamlakat mehnat bozorining qariyb 90 foizini tashkil etishiga qaramay, ular ko‘pincha mehnat qonunchiligi va ijtimoiy himoya tizimlaridan yetarli darajada foydalana olmaydi.
Issiqlik mehnat unumdorligini pasaytiradi, ish vaqtini qisqartiradi va daromadlarning kamayishiga olib keladi. Tadqiqotga ko‘ra, ekstremal issiqlik tufayli Hindiston iqtisodiyoti har yili yalpi ichki mahsulotning qariyb 2 foiziga teng zarar ko‘rmoqda.
Mualliflar issiqlikning sog‘liqqa ta'siri ayniqsa xavotirli ekanini qayd etadi. Doimiy issiqlik ta'siri suvsizlanish, issiqlikdan toliqish va surunkali buyrak kasalliklari xavfini oshiradi. Daromadning kunlik mehnatga bog‘liqligi sababli ko‘plab xodimlar sog‘lig‘iga zarar yetayotgan bo‘lsa ham, ishlashni davom ettirishga majbur bo‘ladi.
Tavsiyalar
Maqolada mavjud ijtimoiy himoya tizimlaridan foydalanib, issiqlik bilan bog‘liq xavflarga oldindan javob beradigan mexanizmlarni joriy etish tavsiya etiladi. Xususan, issiqlik to‘lqinlari kuzatilganda ijtimoiy nafaqalarini avtomatik ravishda ishga tushirish, norasmiy sektor xodimlarini ijtimoiy reyestrlarga kiritish va ularning tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish zarurligi ta'kidlanadi.
Shuningdek, ish joylarida ruxsat etilgan maksimal harorat me'yorlarini belgilash, ichimlik suvi va soyali dam olish joylari bilan ta'minlash hamda mehnatni muhofaza qilish standartlarini kuchaytirish tavsiya etiladi. Mualliflarning hisob-kitoblariga ko‘ra, issiqlik bilan bog‘liq xavflarning oldini olishga sarflangan har bir dollar kelajakda 2,06–5,17 dollar miqdoridagi iqtisodiy yo‘qotishlarning oldini olish imkonini beradi.