#islab_dayjest

#islab_dayjest

Ijtimoiy siyosat laboratoriyasi

SENDVICH AVLOD: ISTE’MOLGA ASOSLANGAN BADAL TO‘LANADIGAN PENSIYA (CBCP) 

Maqola Malayziyaning "sendvich avlodi", ya'ni bir vaqtning o‘zida keksa ota-onalariga g‘amxo‘rlik qiladigan va farzandlarini tarbiyalaydigan o‘rta yoshlilar duch kelayotgan tobora o‘sib borayotgan iqtisodiy va hissiy zo‘riqishni tahlil qiladi. Malayziyaning yetarli darajada rivojlanmagan pensiya tizimi, asosan rasmiy ish bilan band bo‘lganlarga xizmat ko‘rsatishi sababli, bu yuk yanada og‘irlashmoqda. Natijada, ko‘plab keksa malayziyaliklar, ayniqsa ayollar, norasmiy ishchilar va iqtisodiy faol bo‘lmagan shaxslar yetarli pensiya olmay, o‘z farzandlariga moliyaviy qaram bo‘lib qolmoqdalar.

. . . . . . . . .

Ushbu muammoni hal etish uchun mualliflar Iste’molga asoslangan badal to‘lanadigan pensiya tizimini (CBCP) taklif etmoqdalar. Bu ichki iste’molga 2 foizlik soliq solish hisobidan moliyalashtiriladigan umumiy, bir xil stavkali pensiya tizimidir. Mazkur tizim 65 yosh va undan katta bo‘lgan barcha malayziyaliklarni oyiga 700 RM miqdorida kafolatlangan pensiya bilan ta’minlaydi, pensiyani olish uchun ish tajribasi bo‘lishini shart bo‘lmaydi. CBCPning barcha qatlamlarni qamrab oluvchi, moliyaviy barqaror (YIMning atigi 1 foizidan sal ko‘prog‘ini tashkil etadi) va siyosiy jihatdan maqbul bo‘lishi maqsad qilingan, ayniqsa Tovar va xizmatlar solig‘i (GST) kabi avvalgi choralar bilan taqqoslaganda.

. . . . . . . . . .

Mualliflar CBCP avlodlar o‘rtasidagi moliyaviy bosimni qanday kamaytirishi, pensiya tizimidagi qamrov bo‘shliqlarini qanday to‘ldirishi va keksalarga juda zarur bo‘lgan yordamni qanday ta’minlashi kerakligini ta’kidlaydi. Ular pensiyani Malayziyaning milliy shaxsiy guvohnoma tizimi (MyKad) orqali to‘lashni, nafaqalarni inflyatsiyaga moslashtirishni va iste’mol solig‘ini qoplash uchun Xodimlar jamg‘arma fondi (EPF) badallarini 2 foizga kamaytirishni tavsiya etadilar. Ularning fikricha, bu islohot nafaqat keksa malayziyaliklarning daromad xavfsizligini mustahkamlaydi, balki parvarishlash majburiyatlari orasida qolgan ishlaydigan oilalarning farovonligini ham himoya qiladi.

Manba: https://socialprotection.org/discover/publications/sandwich-generation-case-consumption-based-contributory-pension


OZIQ-OVQAT SUBSIDIYALARINI ISLOH QILISH MUAMMOLARI

Ushbu munozarali maqolada Eronning oziq-ovqat subsidiyalarini isloh qilish tajribasi tahlil qilinib, bilvosita subsidiyalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul o‘tkazmalari (moliyaviy yordam) bilan almashtirish uchun joriy etilgan subsidiyalarni adolatli taqsimlash sxemasiga (JDSS) alohida e’tibor qaratilgan. 2022-yilda Eron hukumati import qilinadigan tovarlarni (bug‘doy, neft, dori-darmon kabi) subsidiyalashdan fuqarolarga manzilli moliyaviy yordam ko‘rsatishga o‘tdi. Tadqiqotda ushbu islohotning loyihalashtirilishi, amalga oshirilishi va ijtimoiy-iqtisodiy ta’siri o‘rganiladi. Narxlar indeksi ma’lumotlari, uy xo‘jaliklari xarajatlari so‘rovlari va ekspertlar bilan suhbatlardan foydalangan holda, maqolada islohotlar turli daromad guruhlariga qanday ta’sir ko‘rsatgani, qaysi guruhlar foyda ko‘rgani va qaysi guruhlar ko‘proq zarar ko‘rgani baholanadi. Shuningdek, u islohotlar jarayonidagi asosiy zaifliklarni, masalan, vaqt, inflyatsiya ta’siri va ma’lumotlar tizimidagi kamchiliklarni o‘rganadi.

. . . . . . . . . .

Erondagi islohotlar shuni ko‘rsatadiki, oziq-ovqat subsidiyalari islohotlarining muvaffaqiyati yoki muvaffaqiyatsizligi vaqtga, inflyatsiya dinamikasiga va maqsadli mexanizmlarning aniqligiga juda bog‘liq. Iqtisodiy beqarorlik yoki yuqori inflyatsiya davrida islohotlarni amalga oshirish, agar tuzatishlar (indeksatsiya kabi) qo‘llanilmasa, moliyaviy yordamlarning real qiymatini tezda yo‘qotishi mumkin. Erondagi ijtimoiy reyestr tizimidagi zaifliklar va mufassal tekshiruvning yo‘qligi benefitsiarlarni tanlash aniqligini cheklab qo‘ydi, bu esa jamoatchilik ishonchi va islohot samaradorligiga ta’sir ko‘rsatdi. Bundan tashqari, kengroq ijtimoiy himoya strategiyalari bilan integratsiya yo‘qligi islohotning uzoq muddatli barqarorligini pasaytirdi. Iqtisodiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning puxtalik va ketma-ketligisiz subsidiyalarni bekor qilish kutilmagan qashshoqlik va islohotlar samarasidan chetda qolishga olib kelishi mumkin. 

Saboqlar va tavsiyalar

Oziq-ovqat subsidiyalari islohotlari bir-biridan ajralib qolmasligi kerak, ular inflyatsiya, valyuta devalvatsiyasi va fiskal imkoniyat kabi omillarni hisobga olishi kerak.

Byudjet, soliq va bank sektoridagi islohotlar eng maqbul tarzda amalga oshirilishini ta’minlash uchun ular subsidiya islohotlaridan oldin yoki ular bilan birga qilinishi kerak.

Moliyaviy yordam summalari vaqt o‘tishi bilan ularning real qiymatini saqlab qolish uchun inflyatsiya yoki valyuta kursining o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lishi kerak.

Benefitsiarlarni to‘g‘ri aniqlash kuchli ijtimoiy reyestr, dala tadqiqotlari va reyestrga kiritish/chiqarish xatolarini tuzatish mexanizmlarini talab qiladi.

Oziq-ovqat subsidiyalari islohotlari alohida tarzda amalga oshirilmasligi kerak, balki barqarorlik va inklyuzivlikni shakllantiruvchi izchil, uzoq muddatli ijtimoiy himoya tizimining bir qismi bo‘lishi kerak. 

Manba: https://www.idos-research.de/discussion-paper/article/challenges-for-food-subsidy-reform-lessons-learnt-from-the-just-distribution-of-subsidies-scheme-in-iran/


MAQSADDAN HARAKATGA: ENERGIYA SUBSIDIYALARINI ISLOH QILISH

2024-yilgi Jahon bankining Energetika sohasini boshqarishga ko‘maklashish dasturi (ESMAP) hisobotida keltirilishicha, ko‘p hollarda iqtisodiyotni izdan chiqaradigan va energiyadan samarasiz foydalanishni rag‘batlantiradigan elektr energiyasi, qazib olinadigan yoqilg‘i va turli isitish tizimlarini qamrab oluvchi energiya subsidiyalarining doimiy global muammoga olib kelishi kuzatiladi. Subsidiya siyosati aholining zaif qatlamlari uchun energiya xarajatlarini yengillashtirishga qaratilgan bo‘lsa-da, aslida ular energiyadan ko‘proq foydalanadigan badavlat uy xo‘jaliklariga nomutanosib ravishda foyda keltiradi. Hisobot Energiya subsidiyalari islohotini baholash tizimi (ESRAF) doirasidagi o‘n yillik texnik ko‘mak va tadqiqotlarni o‘z ichiga oladi. U siyosatchilar va amaliyotchilar uchun subsidiyalarning ijtimoiy-iqtisodiy kontekstini baholash, manfaatdor tomonlarga ta’sirini modellashtirish, yumshatish strategiyalarini ishlab chiqish, islohotlarning muddatlari va ketma-ketligini optimallashtirish hamda shaffof, samarali muloqotni ta’minlashni o‘z ichiga olgan bosqichma-bosqich yondashuvni taklif etadi.

. . . . . . . . . .

Energiya subsidiyalari kutilmagan oqibatlarga olib keladi: ular davlat investitsiyalarini sog‘liqni saqlash, ta’lim va barqaror energiya kabi muhim sohalardan uzoqlashtiradi va ko‘pincha tengsizlikni kuchaytiradi. Hisobotda ta’kidlanishicha, subsidiyalarni isloh qilish oddiy iqtisodiy yechim emas - bu subsidiyalarning kelib chiqishi va motivlarini chuqur tushunishni, shuningdek, ularning aholining turli guruhlariga ta’sirini qat’iy baholashni talab qiladigan ko‘p qirrali siyosiy muammodir. Samarali islohot puxta loyihalash, tartib  va siyosiy iqtisodga bog‘liq. Shaffof muloqot juda muhim, chunki jamoatchilik islohotlarning zarurligi va afzalliklarini tushunishi kerak. Ayniqsa, jamoatchilikning marginal qatlamlari.

Hisobotda islohotlarning amaliy yo‘l xaritasi taklif etiladi:

Subsidiyalarning mavjudlik sabablarini - tarixiy, siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy omillarni qamrab olgan holda - anglab yetish hamda ularning moliyaviy va taqsimot ta’sirlarini miqdoriy jihatdan baholash talab etiladi.

Demografik va daromad guruhlari bo‘yicha potensial ta’sirlarni tahlil qilish uchun makroiqtisodiy va taqsimot modellaridan foydalanish zarur.

Islohotlarni amalga oshirishda zaif uy xo‘jaliklarini himoya qilish uchun maqsadli kompensatsiyani (masalan, moliyaviy yordam yoki tarif imtiyozlari) o‘z ichiga olish kerak.

Jamoatchilik ishonchini mustahkamlash va islohotlarga qarshilikka qarshi kurashish uchun islohotlarning maqsadlari, afzalliklari va muddatlarini aniq tushuntirish zarur .

Manba: https://openknowledge.worldbank.org/entities/publication/f96a67e1-dcb8-40f7-90ed-9622f6e692f5


POKISTONDA IJTIMOIY HIMOYA VA SINFIY DINAMIKA: G‘OLIBLAR VA MAG‘LUBLAR

Ushbu tadqiqot Pokistondagi ijtimoiy himoya mexanizmlarining sinfiy iyerarxiya bilan qanday kesishishini, kimlar foyda ko‘rishi va kimlar bundan chetda qolishini o‘rganadi. U mazkur dasturlar mavjud tengsizliklarni mustahkamlashi yoki aksincha, hokimiyat va resurslarni qayta taqsimlashga ko‘maklashishi mumkinligini tanqidiy tahlil etadi. Sifat va miqdoriy yondashuvlar, jumladan, intervyular va siyosiy dasturlar tahlillari orqali mualliflar ijtimoiy himoya dasturlaridan foydalanish va ularning ta’sirida sezilarli sinfiy tafovutlar mavjudligini aniqlaydilar. Ular shuni ko‘rsatadiki, ba’zi guruhlar, ayniqsa kuchliroq ijtimoiy kapital va siyosiy aloqalarga ega bo‘lganlar sezilarli darajada naf ko‘rsa, boshqalari, xususan ishlovchi kambag‘allar va norasmiy sektorda band bo‘lganlar ko‘pincha bu imkoniyatlardan butunlay mahrum qoladilar yoki qisman foydalanadilar, xolos.

. . . . . . . . . .

Mualliflar Pokistondagi ijtimoiy himoya tizimi sinfiy betaraf emasligini aniqlashdi. O‘rta va yuqori sinf oilalari byurokratik tizimlardan samaraliroq foydalanib, imtiyozlar va xizmatlardan bahramand bo‘lishadi. Kambag‘al va marginal guruhlar esa axborot yetishmasligi, hujjatlashtirish muammolari va byurokratik murakkabliklar kabi to‘siqlarga duch keladi. Bunday noteng imkoniyatlar ijtimoiy himoya tizimini loyihalash va amalga oshirish amaliyoti ko‘pincha allaqachon imtiyozli bo‘lganlarga foyda keltirishini ko‘rsatadi, bu esa ijtimoiy tabaqalanishni kuchaytirishi mumkin. Tadqiqot adolatli natijalarga erishish uchun siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirishda ushbu sinfiy farqlarga asoslangan dinamikani aniq tan olish va hal etish zarurligini ta’kidlaydi.

Manba: https://www.tandfonline.com/doi/full/10.1080/1943815X.2024.2375995#abstract


IQLIM O‘ZGARISHIGA MOSLASHISHNI KUCHAYTIRISH UCHUN NORASMIY IJTIMOIY HIMOYANING AHAMIYATI

Maqolada Indoneziyaning rasmiy ijtimoiy himoya (RIH) tizimining iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xavflarga qarshi chora ko‘rishdagi cheklovlari tahlil qilingan. Mualliflar ta’kidlashicha, norasmiy ishchilar va "o‘rta qatlam" vakillari - ya’ni yordam olish uchun yetarlicha kambag‘al bo‘lmagan, ammo falokatlardan himoyalanish uchun yetarli darajada boy bo‘lmagan aholi qatlamlari - ko‘pincha RIH bilan qamrab olinmaydi. Ishonchli rasmiy mexanizmlar mavjud bo‘lmagani sababli, bu guruhlar tobora ko‘proq norasmiy ijtimoiy himoya (NIH) tizimlariga tayanmoqda. NIH o‘z ichiga o‘zaro yordam tarmoqlari, jamoaviy qo‘llab-quvvatlash va ishonch hamda o‘zaro munosabatlarga asoslangan amaliyotlarni oladi. Maqolada sifat va miqdoriy tadqiqotlar asosida ushbu norasmiy tizimlarning ishlash tarzi va ularning jamoalarga ekologik hamda ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklarni yengishda qanday yordam berishi ko‘rsatib berilgan. Shuningdek, ushbu norasmiy mexanizmlarni qo‘llab-quvvatlash va kengaytirishda, ayniqsa rasmiy chora-tadbirlar samarasiz bo‘lganda yoki kutilmagan salbiy oqibatlarga olib kelganda, nodavlat notijorat tashkilotlar (NNT) hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligi ko‘rib chiqiladi.

. . . . . . . . . .

Maqolaning asosiy xulosasi shundaki, Indoneziyadagi rasmiy ijtimoiy himoya tizimlari norasmiy sektorda ishlovchilar yoki hukumat mezonlariga ko‘ra “kambag‘al” toifasiga kirmaydigan shaxslar uchun sezilarli bo‘shliqlar qoldirmoqda. Bu guruhlar suv toshqini, issiqlik to‘lqinlari va suv tanqisligi kabi iqlim o‘zgarishi xavflariga tobora ko‘proq duch kelyapti. Natijada, ular o‘ziga xos mahalliy ehtiyojlarga mos holda yordam ko‘rsatadigan norasmiy qo‘llab-quvvatlash tarmoqlariga tayanishga majbur bo‘lmoqda. Ushbu norasmiy ijtimoiy himoya tizimlari moslashuvchanlik, o‘zaro ishonch va jamoaviy qaror qabul qilish xususiyatlari bilan ajralib turadi hamda ko‘pincha rasmiy dasturlarga qaraganda ko‘proq samarali va mahalliy madaniyatga singib ketgan yordam shakllarini taqdim etadi. Bundan tashqari, norasmiy tizimlar aholini ko‘chirish yoki infratuzilmani o‘zgartirish kabi rasmiy iqlimga moslashish choralarining salbiy oqibatlarini yumshatish imkoniyatiga ega, chunki bu choralar boshqa holatlarda zaif jamoalarni joyidan ko‘chirishi yoki ularni noqulay ahvolga solishi mumkin. Nodavlat notijorat tashkilotlarining roli, ayniqsa, norasmiy xizmat ko‘rsatuvchilarning sa’y-harakatlarini tashkil etish, mustahkamlash va muvofiqlashtirish orqali ularni yanada samarali va barqaror qilishda alohida ta’kidlangan. Tadqiqot Jakarta shahrida o‘tkazilgan bo‘lsa-da, mualliflar iqlim o‘zgarishi tezlashayotgani va rasmiy tizimlar hali to‘liq shakllanmagani sababli, bu xulosalar keng miqyosda ahamiyatli bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydilar.

Manba: https://www.tandfonline.com/doi/full/10.1080/1943815X.2024.2375995#abstract


 



Report Page