#islab_dayjest

#islab_dayjest

Ijtimoiy siyosat laboratoriyasi

Yaxshi mahalla, yaxshi qo‘shnilar, yaxshi ish o‘rinlari

Ushbu tadqiqot mahallalarning sifati kattalar hayotiga, xususan ularning mehnat bozoridagi natijalari va jinoyatchilik ehtimoliga qanday ta’sir qilishini o‘rganadi. Tadqiqot Daniyada ijtimoiy uy-joy tizimi orqali turli mahallalarga deyarli tasodifiy tarzda joylashtirilgan ehtiyojmand oilalar ma’lumotlariga asoslanadi. Bu yondashuv mahalla ta’sirini sababiy jihatdan aniqlash imkonini beradi.

Natijalar shuni ko‘rsatadiki, mahalla sifati yaxshilanganda kattalarning iqtisodiy natijalari ham yaxshilanadi. Agar mahalla sifati bir standart og‘ish miqdoriga oshsa, mehnat bozori natijalari o‘rtacha 0,08 standart og‘ishga yaxshilanadi, jinoyat sodir etish ehtimoli esa taxminan 2,8 % ga kamayadi. Tadqiqot bu ta’sirlar asosan ijtimoiy tarmoqlar va qo‘shnilar orqali ish topish imkoniyatlari bilan bog‘liqligini ko‘rsatadi.

Muhim jihatlar

Tadqiqot mahalla ta’siri bo‘yicha ilmiy adabiyotdagi muhim bo‘shliqni to‘ldiradi. Avvalgi tadqiqotlarning ko‘pi mahalla sharoitining bolalar natijalariga ta’sirini o‘rgangan bo‘lsa, bu maqola aynan mahallaning kattalarga ta’sirini tahlil qiladi.

Tadqiqot Daniyadagi ijtimoiy uy-joy tizimidan foydalanadi. Bo‘sh uylarning ma’lum qismi ehtiyojmand oilalarga berilgani sababli, oilalarning qaysi mahallaga joylashishi qisman tasodifiy bo‘ladi. Shu orqali mualliflar mahalla sifati va odamlarning keyingi hayotiy natijalari o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqroq o‘lchashga erishgan.

Natijalar shuni ko‘rsatadiki, yaxshi mahallalarda yashash kattalarning bandlik va daromad ko‘rsatkichlarini yaxshilaydi hamda jinoyatga qo‘l urish ehtimolini kamaytiradi. Bu ta’sirlar ko‘p jihatdan qo‘shnilar bilan ijtimoiy aloqalar orqali yuz beradi. Odamlar ish haqida ma’lumot yoki tavsiyalarni ko‘pincha o‘z ijtimoiy tarmoqlari orqali oladi, shuning uchun mahalladagi qo‘shnilar tarkibi mehnat imkoniyatlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Tadqiqot shuningdek mehnat bozori natijalaridagi ijobiy o‘zgarishlar mahalladagi ish o‘rinlari sonidan ko‘ra qo‘shnilar orqali beriladigan ish tavsiyalari bilan ko‘proq bog‘liq ekanini ko‘rsatadi.

Manba: https://www.nber.org/system/files/working_papers/w34872/w34872.pdf


Ishchilar manfaatiga xizmat qiluvchi sun’iy intellektni yaratish

Ushbu maqola sun’iy intellekt (AI) rivojlanishining mehnat bozori uchun qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini tahlil qiladi va “pro-worker AI” (ishchilar manfaatiga xizmat qiluvchi AI) tushunchasini ilgari suradi. Mualliflarning fikricha, sun’iy intellekt ikki xil yo‘nalishda rivojlanishi mumkin: birinchisi ishlarni avtomatlashtirib, inson mehnatini kamaytiradi; ikkinchisi esa inson ko‘nikmalarini kuchaytirib, ishchilarning imkoniyatlarini kengaytiradi.

Maqolada pro-worker AI inson mehnatining o‘rnini bosish o‘rniga inson bilim va tajribasini yanada samarali ishlatishga yordam beradigan texnologiyalar sifatida ta’riflanadi. Bunday texnologiyalar ishchilarga murakkabroq vazifalarni bajarish, yangi vazifalarni o‘zlashtirish va yangi bilimlarni egallash imkonini beradi.

Mualliflar hozirgi AI rivojlanishining asosiy yo‘nalishi ko‘proq avtomatlashtirishga qaratilganini ta’kidlaydi. Bu esa mehnat bozorida tengsizlikni oshirishi va ishchilarning daromad ulushini kamaytirishi mumkin. Shu sababli AI rivojlanishini inson mehnatini to‘ldiruvchi yo‘nalishga burish muhim deb hisoblanadi. 

Asosiy fikrlar

Maqola so‘nggi o‘n yilliklarda ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda daromadlar tengsizligi oshgani, real ish haqi esa ko‘plab ishchilar uchun sekin o‘sganini ta’kidlaydi. Sun’iy intellekt bu tendensiyalarni kuchaytirishi mumkin.

Pro-worker AI konsepsiyasiga ko‘ra, texnologiyalar ishchilarni almashtirmasdan, ularning samaradorligini oshirishi kerak. AI inson bilan hamkorlik qilib, qaror qabul qilishda yordam berishi, bilimlarni tahlil qilishi va ishchilarni murakkab vazifalarni bajarishda qo‘llab-quvvatlashi mumkin.

Maqolada ko‘plab AI tizimlari hozirda avtomatlashtirishga ko‘proq yo‘naltirilgan ekanligi qayd etiladi. Buning sabablaridan biri kompaniyalar uchun xarajatlarni kamaytiruvchi avtomatlashtirish texnologiyalari ko‘pincha iqtisodiy jihatdan tezroq foyda keltiradi.

Mualliflar yana bir muhim sabab sifatida AI sohasida AGI (sun’iy universal intellekt) g‘oyasi ustuvor ideologiya bo‘lib qolayotganini aytadi. Bu esa texnologiyalarni insonni to‘ldirish emas, balki insonni ortda qoldirish yo‘nalishida rivojlantirishga turtki berishi mumkin. 

Tavsiyalar

Maqolada sun’iy intellektni ishchilar manfaatiga yo‘naltirish uchun davlat siyosati muhimligi ta’kidlanadi. Mualliflar pro-worker AI rivojlanishini rag‘batlantirish uchun bir qator siyosiy choralar zarurligini qayd etadi.

Avvalo, davlat siyosati AI tadqiqotlari va investitsiyalarini inson mehnatini to‘ldiruvchi texnologiyalar tomon yo‘naltirishi kerak. Bundan tashqari, sog‘liqni saqlash va ta’lim kabi sohalar pro-worker AI uchun katta imkoniyatlarga ega bo‘lgani sababli, aynan shu sektorlarda bunday texnologiyalarni rivojlantirish muhim hisoblanadi.

Shuningdek, texnologik rivojlanish yo‘nalishini shakllantirishda hukumatlar, tadqiqotchilar va texnologiya kompaniyalari hamkorligi zarur deb ta’kidlanadi. Maqsad sun’iy intellektni inson mehnatini siqib chiqaradigan emas, balki inson imkoniyatlarini kengaytiradigan texnologiyaga aylantirishdir.

Manba: https://www.nber.org/system/files/working_papers/w34854/w34854.pdf


Shartsiz ijtimoiy nafaqalarning salomatlikka ta'siri

Ushbu tadqiqot shartsiz ijtimoiy nafaqalar sog‘liq bilan bog‘liq xulq-atvor va surunkali kasalliklarni boshqarishga qanday ta’sir qilishini o‘rganadi. Tadqiqot AQShda past daromadli, diabet yoki gipertoniya bilan yashayotgan bemorlar orasida o‘tkazilgan tasodifiy klinik sinovga asoslangan. Tadqiqotda 100 nafar bemor ishtirok etgan va ulardan bir qismi shartsiz ijtimoiy nafaqa shaklida pul yordami olgan, qolganlari esa standart tibbiy xizmatdan foydalanishni davom ettirgan.

Tadqiqotchilar pul yordamining sog‘liqqa qanday mexanizmlar orqali ta’sir qilishini aniqlash uchun ishtirokchilar bilan intervyular o‘tkazgan. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, berilgan mablag‘lar asosan asosiy ehtiyojlarni qoplash uchun ishlatilgan va bu vaqtinchalik stress hamda moliyaviy bosimning kamayishiga yordam bergan. Shuningdek, sog‘lom ovqatlanish, jismoniy faollik, dori-darmonlarni muntazam qabul qilish va tibbiy xizmatlardan foydalanish kabi xulq-atvorga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi aniqlangan.

Natijalar

Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, shartsiz ijtimoiy nafaqalar sog‘liqni yaxshilashga bir nechta yo‘llar orqali ta’sir qilishi mumkin. Eng muhim mexanizmlardan biri iqtisodiy bosim kamayishi tufayli stress va tashvishning kamayishidir. Bu esa odamlarning sog‘lom xulq-atvorni tanlashiga yordam beradi.

Nafaqani ishtirokchilar ko‘pincha oziq-ovqat, uy-ro‘zg‘or xarajatlari yoki boshqa zarur ehtiyojlarni qoplash uchun ishlatgan. Ayrim ishtirokchilar sog‘lom ovqatlanishga ko‘proq e’tibor bera boshlaganini yoki dori-darmonlarni o‘z vaqtida qabul qilish osonlashganini ta’kidlagan.

Tadqiqot shuningdek bu turdagi intervensiya sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan va bemorlar tomonidan qabul qilinadigan hamda adolatli deb baholangan dastur ekanini ko‘rsatadi. Hatto pul olmagan nazorat guruhi ishtirokchilari ham tadqiqot dizaynini adolatli deb hisoblagan.

Manba: https://www.sciencedirect.com/science/article/pii/S0277953626001449


Bolalar parvarishi tizimini isloh qilish orqali ayollar tadbirkorligini rivojlantirish

Ushbu tahliliy hisobot bolalar parvarishi (childcare) bilan bog‘liq majburiyatlar ayollarning tadbirkorlik faoliyati va biznesini rivojlantirish imkoniyatlariga qanday ta’sir qilishini o‘rganadi. Tadqiqot Women, Business and the Law ma’lumotlari hamda Bangladesh, Braziliya va Nigeriyadagi so‘rovlar va tadbirkor ayollar bilan intervyular asosida amalga oshirilgan.

Hisobot shuni ko‘rsatadiki, ayollar global miqyosda erkaklarga qaraganda deyarli uch baravar ko‘p bepul parvarish (care) ishlarini bajaradi, bu esa ularning biznes boshlash yoki uni kengaytirish imkoniyatlarini cheklaydi.

Bolalar parvarishi infratuzilmasining yetishmasligi ayollarning ishga kirishiga va biznes yuritishiga to‘sqinlik qiladi. Shu bilan birga, sifatli va arzon bola parvarishi tizimlari mavjud bo‘lsa, ayollar iqtisodiy faoliyati sezilarli darajada kengayishi mumkin. 

Asosiy jihatlar

Hisobotda ayollar tadbirkorligiga ta’sir qiluvchi muhim omillardan biri bepul parvarish mehnati (unpaid care work) ekani ta’kidlanadi. Dunyo bo‘yicha taxminan 708 million ayol aynan parvarish majburiyatlari sabab mehnat bozoridan tashqarida, erkaklar orasida esa bu ko‘rsatkich atigi 40 millionni tashkil qiladi.

Parvarish majburiyatlari ayollarning tadbirkorlik faoliyatiga bir necha yo‘l bilan ta’sir qiladi. Birinchidan, vaqt yetishmasligi sabab ayollar ko‘pincha biznesga kamroq vaqt ajrata oladi yoki uyga yaqin faoliyat turlarini tanlaydi. Ikkinchidan, bola parvarishlash xizmatlari yetarli bo‘lmaganda ayollar o‘z bizneslarini kengaytirishda qiyinchiliklarga duch keladi. Ba’zi tadqiqotlarda parvarish majburiyatlari bo‘lgan ayollar bizneslarining foydasi 48 % gacha past bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

Turli mamlakatlarda bola parvarishi tizimi turlicha ishlaydi. Masalan, Bangladeshda ayollarning aksariyati bolalarga o‘zi qaraydi yoki qarindoshlar yordamidan foydalanadi. Braziliyada esa ko‘proq rasmiy bolalar parvarishi xizmatlari mavjud bo‘lib, bu ayollarning biznes boshqaruvida faolroq ishtirok etishiga yordam beradi.

Hisobot shuningdek ayollar boshqarayotgan korxonalar ko‘pincha boshqa ayollarni ishga olishini qayd etadi. Shu sababli childcare muammosi nafaqat tadbirkor ayollarga, balki ularning xodimlariga ham ta’sir qiladi.

Tavsiyalar

Hisobot bola parvarishi siyosatini tadbirkorlik siyosati bilan integratsiya qilish muhimligini ta’kidlaydi. Buning uchun arzon va sifatli bolalar parvarishi xizmatlarini kengaytirish, ijtimoiy normalarni o‘zgartirish va ayollar boshqarayotgan parvarish xizmatlari bizneslarini qo‘llab-quvvatlash zarurligi qayd etiladi.

Shuningdek, davlatlar, xalqaro tashkilotlar va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, moliyaviy instrumentlar va investitsiyalar orqali parvarish iqtisodiyotini rivojlantirish ayollar tadbirkorligini kengaytirishga yordam berishi mumkin. 

Manba: https://documents1.worldbank.org/curated/en/099728302162638738/pdf/IDU-21245c25-4e9c-44ce-ad8e-9446d4949ca6.pdf


Janubiy Koreayada universal ijtimoiy himoya

Ushbu tadqiqot Janubiy Koreyada ijtimoiy himoya tizimi 1960-yillardan hozirgi kungacha qanday shakllanganini va qanday qilib u cheklangan dasturlardan deyarli universal qamrovga ega tizimga aylanganini tahlil qiladi. Maqolada oltita asosiy dastur ko‘rib chiqiladi: ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalardan sug‘urta, milliy sog‘liqni saqlash sug‘urtasi, pensiya tizimi, bandlik sug‘urtasi, milliy minimal turmush darajasini ta’minlash dasturi hamda keksalar uchun bazaviy pensiya.

Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, Koreyada ijtimoiy himoya dastlab asosan iqtisodiy rivojlanish va sanoatlashtirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy etilgan. Vaqt o‘tishi bilan esa tizim tez iqtisodiy o‘sish natijasida yuzaga kelgan daromadlar tengsizligi, kambag‘allik va boshqa ijtimoiy xatarlarni kamaytirishga qaratilgan holda kengayib bordi. 1980-yillarning oxiriga kelib Koreya universal sog‘liqni saqlash qamroviga erishdi, keyingi islohotlar esa ijtimoiy jihatdan himoyaga muhtoj guruhlar uchun daromadni qo‘llab-quvvatlash dasturlarini kuchaytirdi.

Tadqiqotning maqsadi dastlab selektiv farovonlik siyosatiga tayangan davlat qanday qilib vaqt o‘tishi bilan nisbatan universal ijtimoiy himoya tizimiga o‘ta olganini tushuntirish hamda bu tajriba rivojlanayotgan mamlakatlar uchun qanday saboqlar berishi mumkinligini ko‘rsatishdir.

Asosiy fikrlar

Tadqiqot Koreyada iqtisodiy rivojlanish siyosati bilan ijtimoiy himoya siyosati o‘rtasida yaqin bog‘liqlik mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi. Dastlabki ijtimoiy dasturlar tez industrializatsiya davrida sanoat ishchilarini qo‘llab-quvvatlash va mehnat bozorini barqarorlashtirishga qaratilgan edi. Keyinchalik tizim kengayib, ishsizlik, kambag‘allik va aholi qarishi kabi kengroq ijtimoiy xatarlarni ham qamrab ola boshladi.

Yana bir muhim jihat shundaki, yirik iqtisodiy inqirozlar ijtimoiy himoya tizimining kengayishini tezlashtirgan. Masalan, 1997-yildagi Osiyo moliyaviy inqirozidan so‘ng Koreyada kambag‘al uy xo‘jaliklari uchun minimal daromadni ta’minlash maqsadida milliy minimal turmush darajasini ta’minlash dasturi joriy etilgan.

Tadqiqot shuningdek bandlik sug‘urtasi va ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalardan sug‘urta kabi mavjud dasturlar yirik iqtisodiy va ijtimoiy zarbalar davrida muhim rol o‘ynaganini ko‘rsatadi. Jumladan, COVID-19 pandemiyasi davrida bu dasturlar ijtimoiy oqibatlarni yumshatishda yordam bergan va ijtimoiy himoya qamrovini yanada kengaytirish bo‘yicha muhokamalarni kuchaytirgan.

Umuman olganda, Janubiy Koreya tajribasi iqtisodiyot rivojlanib, ijtimoiy xatarlar o‘zgargan sari ijtimoiy himoya tizimlari ham tor doiradagi dasturlardan yanada universal tizimlarga aylanishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Tavsiyalar

Rivojlanayotgan mamlakatlar uchun muhim xulosa shuki, ijtimoiy himoya tizimini kengaytirish iqtisodiy rivojlanish strategiyalari bilan birgalikda olib borilishi kerak. Muhim siyosiy yoki iqtisodiy burilish davrlarida amalga oshirilgan institutsional islohotlar ijtimoiy himoya qamrovini kengaytirishga va jamiyatda ijtimoiy integratsiyani mustahkamlashga yordam berishi mumkin.

Manba: https://www.wider.unu.edu/sites/default/files/Publications/Working-paper/PDF/wp2026-3-social-protection-South-Korea.pdf


Report Page