"Har darsning oxirida oʻzingiz uchun qisqacha qaydlar yozing, shunda ta'limda hammasi boshqacha boʻladi"

"Har darsning oxirida oʻzingiz uchun qisqacha qaydlar yozing, shunda ta'limda hammasi boshqacha boʻladi"


Respublika ta'lim markazi Axborot xizmati Andijonga bir necha kunlik safari davomida ko'plab o'qituvchilar qatori, Andijon shahridagi 19-maktabning geografiya fani o'qituvchisi Farhodbek Rahimov bilan ham suhbat tashkillashtirdi. Quyida shu suhbatni e'tiboringizga havola qilamiz.


"10 yildan buyon maktabda ishlab kelayotgan boʻlsam-da, hali hamon oʻzimni pedagog deb atay olganim yoʻq. Andijon davlat universitetini tugatganimdan keyin to hozirgacha maktabga moslashish, ustoz oʻqituvchilardan oʻrganish, oʻzimning dars oʻtish uslubimni yaratish, metodlar ishlab chiqish bilan band boʻldim. Endi-endi karaxt holatdan chiqib, oʻz ustimdan ishlashga vaqt ajrata olyapman. Ammo atrofga qarasam faoliyatini oʻrganishim kerak boʻlgan qanchadan-qancha oʻqituvchilar borligini koʻraman. Oʻquvchilarning psixologiyasida ham hali oʻrganishim kerak boʻlgan qirralar koʻpligini anglayman. 


O'zim, musiqaga san'atga qiziqqanim uchun ham darslarimda aktyor bo'lishga harakat qilaman. Ba'zi narsalarni rolga kirishib tushuntiraman. Dars oʻtishda eng muhimi — oʻquvchilarga oddiy maʼlumotni qiziqarli qilib yetkazish, ularni fikrlashga undash. Oʻzim uchun ham bularni shior qilib olganman.


Bolalarni iloji boricha keyslar bilan muammoli vaziyatning yechimini topishga undagim keladi. Masalan, bir marta, 7-sinf oʻquvchilarimga qurib qolayotgan orolni qanday qutqarish mumkin, deb savol bergan edim. Shunda baʼzi oʻquvchilarimdan: “Orol dengizi atrofida sunʼiy togʻlar barpo qilinsa, togʻlar atrofidagi yogʻingarchilikdan orolni toʻldirish mumkin”, — degan javobni oldim. Baʼzi oʻquvchilarim esa bunga qarshi chiqdi. Ulardan biridan olgan javobimdan haligacha xursand boʻlaman:

“Ustoz, agar biz orol dengizi boʻyida sunʼiy togʻ barpo qilsak, Atlantika okeanidan kirib keladigan havo massasini toʻsib qoʻymaymizmi? Bu vaziyatda, asosiy yogʻingarchiligi Atlantika okeani havo massalari hisobiga boʻlgan vohalar: Qashqadaryo, Surxondaryo. Navoiy, Buxoro hududida qurgʻoqchilik yuzaga kelmaydimi?”


Xuddi shu keysni boshqa bir sinfga “Kaspiy dengizidan orolga suv olib kelish fikriga qanday qaraysiz”, mazmunida berib koʻrganimda, quyidagicha javob olganman:

“Kaspiy dengizi Orol dengiziga nisbatan quyiroqda joylashgan. Uni tepaga koʻtarish uchun juda katta kuch va mablagʻ kerak boʻladi. Undan tashqari, bu ish amalga oshirilgan taqdirda ham, suvni orolgacha yetkazib kelishning oʻzi ham katta muammo. Birinchidan, suvning yarmi to orolgacha yetib kelgunicha bugʻlanish natijasida yoʻqotiladi. Ikkinchidan, Kaspiy dengizi orqali suv olib kelish albatta, qoʻshni Qozogʻiston hududi orqali kanal oʻtkazishni talab qiladi. Biz esa Qozogʻiston hududidan foydalana turib, ularga kanal suvidan foydalanishni taqiqlay olmaymiz, natijada yoʻlda kelayotgan suvning qolgan yarmi ham yoʻqoladi”.

Oʻzbekiston hududida AES qurilishi haqida fikr bildirishlarini ham tez-tez soʻrayman. baʼzi bolalar bunga juda ijobiy qarashadi. Chunki Atom elektr stansiyasi uran asosida ishlaydi. Oʻzbekiston esa Uran zaxiralariga boy, 1 gr uran esa 2500 tonna koʻmir issiqligini bera oladi. AES qurilishi hisobiga Oʻzbekiston elektr energiyasi bilan toʻliq taʼminlanishi mumkin.

Ayrim oʻquvchilar esa, Oʻzbekiston seysmik hududda joylashganligi, agar biror yer qimirlashi yuz bersa, bu yerda ham Chernobil yoki Fukusimadagi voqealar takrorlanishi mumkinligini aytishadi.

9-sinfda asosan Iqtisodiy Geografiya oʻtilgani tufayli, doskaga chiqqan oʻquvchi bizga berilgan mavzudagi mamlakatning prezidenti rolini bajarib beradi. Sinfdoshlari “prezident”ga oʻsha hudud haqidagi muammolarga qanday yechim berasiz deb soʻrashadi. Natijada dars juda jonli oʻtadi.

Oʻqituvchi darslarda oʻquvchining natijasidan faqat baho qoʻyish uchun foydalanmasligi kerak, balki shunga qarab oʻzining keyingi faoliyatini tashkillashtirishi kerak. Masalan qaysi mavzu koʻproq oʻquvchiga qiyinchilik qildi, qaysi mavzuda boʻshliqlar bor. Har darsning oxirida oʻzingiz uchun qisqacha qaydlar yozing. Shunda hammasi boshqacha boʻladi. Oʻquvchilarga ozgina yoʻnalish berilsa, ular, yerimizning tabiiy, ijtimoiy, iqtisodiy muammolariga yechim topa oladigan shaxs boʻlib yetishishlariga ishonaman!"


Kanalga obuna bo'lish:👇👇👇

Telegram |Facebook |Instagram

Report Page