SIZNI HIDOYATGA BOSHLAGANI UCHUN UNI ZIKR QILING!

SIZNI HIDOYATGA BOSHLAGANI UCHUN UNI ZIKR QILING!


Sizga o‘z Robbingizdan fazl istashingizda gunoh yo‘qdir. Arafotdan qaytib tushganingizda, Allohni Mash’arul Haromda zikr qiling. Ilgari adashganlardan bo‘lsangiz ham, sizni hidoyatga boshlagani uchun Uni zikr qiling.

Oyatda zikr qilingan «fazl» so‘zi rizq, kasb ma’nosini anglatadi. Odamlar o‘rtasida «Hajga borgan kishi tijorat bilan yoki boshqa biror kasb bilan shug‘ullansa bo‘lmaydi», degan tushuncha bor edi.

Imom Nasafiy rivoyat qilishlaricha, bir qavm: «Hammollik va tojirlik qilgan odamning haji haj bo‘lmaydi», degan gapni tarqatganida shu oyat nozil bo‘lgan ekan. Shunga o‘xshash ma’nolar boshqa rivoyatlarda ham kelgan.

Imom Ahmad qilgan rivoyatda Abu Umoma aytadilar:

«Abdulloh ibn Umardan: «Biz kiraga ishlaymiz, haj qilsak bo‘ladimi?» deb so‘rasam, «Baytullohni tavof qilib, Arafotda vuquf qilib, tosh otib, sochingizni oldirasizmi?» dedi.

«Albatta», dedik. U kishi:

«Bir odam Rasulullohning huzurlariga kelib, sen hozir mendan so‘ragan narsani so‘ragan edi, javob bermay turdilar. So‘ng Jabroil: «Sizga o‘z Robbingizdan fazl istashingizda gunoh yo‘qdir», degan oyatni olib tushdi», dedilar.

Imom Buxoriy qilgan rivoyatda Abdulloh ibn Abbos:

«Ukoz, Majanna, Zul-Majozlar johiliyat bozorlari edi. Haj mavsumida savdo qilish gunohmikan, deb ikkilanib qolganlarida, Alloh tarafidan «Sizga o‘z Robbingizdan fazl istashingizda gunoh yo‘qdir», degan oyat nozil bo‘lgan», deydilar.

Ibn Jarirning rivoyatlarida, Abu Solih hazrat Umardan:

«Ey mo‘minlarning amiri! Hajda tijorat qilarmidingiz?» – deb so‘raganida u kishi:

«Tirikchiliklarim hajdan bo‘lardi-da», deb javob bergan ekanlar.

Ayni chog‘da, ulamolar, kimki haj va tijoratni niyat qilsa, tijorat niyati ustun bo‘lsa, hajning savobi qolmaydi, deganlar. Demak, oldin tijorat, keyin haj bo‘lishi kerak emas. Hajga astoydil harakat qilib, orada bo‘sh vaqtlarda tijorat qilsa bo‘laveradi. Halol yo‘l bilan rizq talab qilish hech ayb bo‘lmaydi.

Rizq talab qilish haqidagi gaplardan keyin bevosita haj ibodatlarining bayoni kelishi ham bejiz emas.

«Arafotdan qaytib tushganingizda Mash’arul Haromda Allohni zikr qiling».

«Arafot»ning lug‘atdagi ma’nosi haqida hazrati Ali ibn Abi Tolib roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda aytilishicha, Alloh taolo Ibrohim alayhissalomga Hazrati Jabroil alayhissalomni yuborib hajni o‘rgatgan. Arafotga kelganlarida: «Arafta?» (ya’ni «Tanidingmi?») deb so‘ragan ekan. Chunki bundan avval ham bir marta kelgan ekanlar. Shundan «Arafot» deb nomlanib qolgan ekan. Ma’nosi – bilish, tanish degani.

Arafotda turish hajning bosh ibodati, rukni hisoblanadi. Payg‘ambarimiz alayhissalom: «Haj Arafotdan iboratdir», deganlar. Arafotning chegarasi ichida hoji arafa zavoldan boshlab shu kunning shomigacha bo‘lgan muddatda bir oz bo‘lsa ham turmasa, haji haj bo‘lmaydi.

Payg‘ambarimiz alayhissalom vidolashuv hajini qilganlarida, peshinni o‘qigandan so‘ng, quyosh botguncha turganlar. Arafotdan qaytib tushish quyosh botgandan so‘ng boshlanadi. Oyatda «Allohni Mash’arul Haromda zikr qiling», deyilmoqda. Mash’arul Harom esa «Muzdalifa» deganidir. «Mash’ar» – ochiq alomat degani. Muzdalifaning bu nom bilan atalishi haram hududida bo‘lganidandir. Muzdalifaning ma’nosi «yaqinlashish» bo‘lib, hojilar u yerga tushganlarida Baytullohga yaqinlashadilar. Hojilar shom va xufton namozlarini qo‘shib Muzdalifada o‘qiydilar. Hanafiy mazhabiga ko‘ra, Muzdalifada hayit fajrdan keyin bir lahza bo‘lsa ham turish vojibdir. Payg‘ambarimiz alayhissolatu vassalom ham o‘z hajlarida Muzdalifada bir ozdan ikki iqoma bilan shom va xufton namozlarini qo‘shib o‘qiganlar. So‘ngra fajrgacha yonboshlab, tong otgandan so‘ng bomdodni o‘qib, keyin tuyalarini minib Mash’arul Haromga kelganlar va qiblaga qarab duo takbirlar qilganlar. Tong yorishgandan so‘ng yurib ketganlar.

Alloh taolo musulmonlarga Mash’arul Haromda O‘zini zikr qilishga buyurmoqda, ularni hidoyatga boshlagani uchun zikr qilmoq ila shukr keltirishga amr etmoqda.

«Ilgari adashganlardan bo‘lsangiz ham, sizni hidoyatga boshlagani uchun U Zotni zikr qiling».

Ilgari musulmonlar Islomdan oldingi hayotlari bilan musulmon bo‘lganlaridan keyingi hayotlarini solishtirib ko‘rib, bu ulug‘ ne’matlarni tushunib yetar edilar va uni bergan Allohga shukr qilar edilar. Hozirgi kunda ham yangi musulmon bo‘lganlarning ko‘plari faqat musulmon bo‘lganlaridan keyingina o‘zlarini haqiqiy inson deb his qilayotganlarini aytib, ularni hidoyatga boshlagan Allohga shukr aytmoqdalar. Asli musulmon bo‘lib kelayotganlar esa musulmonmas kishilarni ko‘rib, ularning zalolat botqog‘ida tortayotgan azoblarini bilib, o‘zlarini hidoyatga boshlagan Allohga shukrlar aytadilar.

Inson ilohiy ta’limotdan uzoqlashganda turli noma’qulliklarni qiladi. Jumladan, o‘zini maqtash, mutakabbirlik qilish, boshqalardan ustun qo‘yishni ep ko‘radi. Johiliyat davrida Quraysh qabilasi boshqa arablardan o‘zlarini yuqori tutishar, ulardan ajrab turadigan ba’zi imtiyozlarni o‘zlariga ravo ko‘rishardi. Haj qilishganda boshqalarga qo‘shilmasdan, Arafotda ham alohida turishar edi. Arafotdan qaytib tushishda ham ayrim bo‘lib, odamlardan boshqa joyda imtiyozli bo‘lib turishardi.

Haj ibodatidagi ko‘pgina noto‘g‘ri narsalarni to‘g‘rilagani kabi Qur’oni Karim bu noo‘rin ishni ham to‘g‘rilab, dediki:

So‘ngra, odamlar qaytib tushgan joydan tushinglar. Va Allohga istig‘for aytinglar. Albatta, Alloh mag‘firatli, rahimli Zotdir.

Report Page