bvmmtb.uz

bvmmtb.uz


Qadrli yurtdoshlar,

Maktbgacha va maktab ta’limi tizimi fidoyilari!

Avvalo barchangizni eshik qoqib, kirib kelayotgan yangi – 2025 yil bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.Yangi yil har birimizning hayotimizda shodliklarga to‘la, omad va muvaffaqiyatlar yili bo‘lsin!                            

Yakunlanib borayotgan 2024-yil barcha sohalar qatori Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi tizimi uchun ham nihoyatda samarali kechdi.

Ayni paytda viloyatimizda 2 143 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari mavjud bo‘lib, ularning 492 tasi davlat, 1517 tasi oilaviy, 113 tasi davlat xususiy sheriklik asosidagi, 21 tasi xususiy ta’lim tashkiloti hisoblanadi.

Joriy yilda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 17 taga, oilaviy MTTlar 265 taga, DXSH asosidagi ta’lim tashkilotlari 16 taga, xususiy MTTlar soni esa 3 taga oshdi. Buning natijasida qamrov darajasi 83,3 foizdan 86.4 foizga (+3,1%) o‘sishga erishildi. 6 yoshli bolalarning ta’limga qamrovi esa 93,4 foizdan 98,9 foizga (5,5%) ko‘tarildi.

Maktab ta’limi tizimida erishilgan natijalarimiz ham ancha salmoqli bo‘ldi.

Bugungi kunda viloyatda 546 ta davlat va 32 ta nodavlat umumta’lim maktablari faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularda 333 ming 2842 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda.

Umumta’lim muassasalaridagi pedagoglar soni 30 645 nafarni tashkil etib, ularning 5 742 nafari, ya’ni, 18,7 foizi oliy, 8 004 nafari yoki 26,1 foizi birinchi, 9 502 nafari yoki 31 foizi ikkinchi toifali, 7 397 nafari yoki 24,2 foizi mutaxassis kadrlar hisoblanadi.

Joriy yilda malaka toifasiga ega o‘qituvchilar salmog‘i 69,9 foizdan 77,7 foizga, ya’ni 7,8 foizga o‘sishiga erishildi.

O‘tkazilgan malaka sinovi jarayonlarida ishtirok etgan umumiy o‘rta ta’lim maktablari pedagoglarning o‘rtacha ko‘rsatkichi 69,7 foizni tashkil etib, respublikada eng oldingi o‘rinni band etib turishibdi.

Shuningdek, yangi tartibdagi ommalashtirish platformasi orqali 370 nafar o‘qituvchining ish tajribasi tuman, 115 nafar o‘qituvchining ish tajribasi viloyat, 14 nafar o‘qituvchining ish tajribasi respublika miqyosida ommalashtirildi.

Bundan tashqari, maktablarda faoliyat yuritayotgan rus tili, ona tili, matematika, informatika, fizika, kimyo, biologiya, geografiya fani o‘qituvchilarining 3 918 nafari fanni bilish bo‘yicha milliy va xalqaro sertifikatlarga ega.

Vazir jamg‘armasidan ajratilgan 103 ta kvotaga ko‘ra shakllantirilgan 308 nafar nomzodlarning 118 nafari (113,5 foiz)ga tegishli ustama belgilangan.

Ayni paytda ming dollardan ortiq maosh olayotgan o‘qituvchilar salmog‘i 240 nafardan oshdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 130 nafarga ko‘p demakdir.

Maktablarda xorijiy tillarni o‘rgatishda ham alohida e’tibor qaratilgan. Ayni paytda mavjud xorijiy til o‘qituvchilarining 2 225 nafari, ya’ni 74.2 foizi xalqaro hamda milliy sertifikatga ega. Bu sertifikatli o‘qituvchilar salmog‘ining o‘tgan yilga nisbatan 18 foizga oshganligini ko‘rsatadi. 

Tizimda ilg‘or xalqaro tajribalardan samarali foydalanish, yangi zamonaviy ta’lim metodikalarni joriy etish maqsadida joriy yilda Koreya, Rossiya va AQSH davlatlaridan 10 nafar xorijiy pedagoglar ta’lim jarayonlariga jalb qilindi.

Tizimda olib borayotgan sa’y-harakatlarimiz samarasi, ayniqsa, o‘quvchilarimiz erishayotgan natijalarda yaqqol bo‘y ko‘rsatadi.

Joriy yilda viloyatimiz umumta’lim maktablarini tamomlagan 21 ming 937 nafar 11-sinf bitiruvchilarining 12 ming 797 nafari yoki 58,3 foizi oliy ta’lim muassasalariga talabalikka qabul qilindi. Bitiruvchilarimizni oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida to‘plagan o‘rtacha ballari 89,2 foizni tashkil etib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha respublikada yetakchi o‘rin qayd etildi.

Ayniqsa, o‘quvchilarimizning xalqaro fan olimpiadalarida erishgan muvaffaqiyatlarini faxr bilan e’tirof etish joiz. Joriy yilda o‘quvchilarimiz respublika fan olimpiadalarida 7 ta sovrinli o‘rinni egallashgan bo‘lsa, Xalqaro fan olimpiadalarida 22 ta (3 ta oltin, 7 ta kumush, 12 ta bronza) medalni qo‘lga kiritishdi.

Bu yutuqlarda albatta, jonkuyar va fidoyi pedagoglarimizning xizmatlari beqiyos ekanligini alohida e’tirof etish joiz.

Shu o‘rinda aytish joizki, tizimda qo‘lga kiritilgan yutuqlar qatorida hali qilinishg lozim bo‘lgan vazifalar ham talaygina. Yangi -2025 yilda biz yangi va yuksak marralarni ko‘zlaganmiz.

Qadrli Ustozlar, ta’lim tizimining fidoyilari! 

Barchangizni ostona hatlab kelayotgan yangi yil bayrami bilan yana bir bor tabriklar ekanman, 2025-yilda Buxoro ta’limini yanada yuksaltirishdek ezgu maqsad yo‘lidagi ishlaringizga omad tilayman.

 

Farrux QURBONOV,

Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i


Report Page