bvmmtb.uz

bvmmtb.uz


#Xalqaro_hamkorlik

GERMANIYALIK O‘QUVCHILAR BUXORO SHAHRIDAGI 4-IDUMDA TA’LIM OLISHYAPTI

Buxoro shahridagi 4-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi 1956 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 1960 yildan buyon nemis tili chuqur o‘qitilib kelinadi. 2000 yildan beri maktab Germaniya bilan hamkorlikda qator madaniy va ta’lim loyihalarini amalga oshirib kelmoqda.

2000-2003 yillarda Bonn shahridagi Betxoven gimnaziyasi bilan “O‘quvchilar almashtirish” loyihasi amalga oshirilgan. Ikki davlat madaniyati, urf-odatlari, ta’lim tizimi bilan yaqindan tanishish maqsadiga yo‘naltirilgan mazkur loyiha doirasida 100 dan ortiq o‘quvchilar Bonn shahrida bo‘lib, tengdoshlari oilalarida yashab, nemis tilida muloqot qilishdi va nemis madaniyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. 

 2003-2005 yillarda Bonn shahrining Emili Hayermann maktabi bilan “Elektr energiyasini iqtisod qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish” loyihasi doirasida hamkorlik olib borildi.  Bunda har ikki maktab o‘quvchilarida tabiatga ehtiyotkorona munosabat, elektr, suv, gaz kabi ne’matlardan o‘rinli foydalanish, ularni tejab ishlatish kabi ko‘nikmalar shakllantirildi. Bu ko‘nikmalar mavzuga mos rasmlar ko‘rik-tanlovi, videoroliklar olish, quyosh energiyasi bilan ishlaydigan asboblar yasash, risola va maqolalar, referatlar tayyorlash orqali amalga oshirildi. Buning natijasida maktab o‘quvchilari 2010-yilda Xitoyda o‘tkazilgan “Energiyani iqtisod qilish 50/50” EKSPO xalqaro ko‘rgazmasida o‘z loyihalari taqdimoti bilan muvaffaqiyatli ishtirok etishdi. Loyiha bo‘yicha olib borilgan ishlar Yevropa Ittifoqi tashkiloti tomonidan o‘rganilib, ijobiy deb topildi va maktab Yevropa davlatlari maktablari qatorida xalqaro “Kelajak maktablari-21”, ya’ni 21 asrning ilg‘or maktablari sirasiga kiritildi. Mazkur loyiha davomida ham maktab o‘quvchilari germaniyalik tengdoshlari bilan bir necha bor bordi-keldi qilishdi.

  2018-yilda maktab ”PASCH-hamkor maktablar” loyihasi tarkibiga kiritildi. Turli tanlovlar, loyihalar orqali o‘quvchilarning nemis tilini o‘zlashtirish sifatini oshirish, Gyote serifikatiga tayyorlash orqali bilim darajasini belgilash maqsadiga yo‘naltirilgan mazkur loyiha davomida olib borilgan samarali ishlar natijasida 2019-yildan hozirga qadar maktab o‘quvchilarining 60 nafardan oshig‘i xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritishdi.

Shuningdek, loyihaning faol ishtirokchilaridan bo‘lgan o‘quvchilar H. Radjabovning “Ekologiya” mavzusida olib borgan targ‘ibot ishlari “Federsammer” majmuasiga (Germaniyada chiqadigan) kiritildi, N. Navro‘zova, M. Baffoyevlar esa “Buxoro yahudiylari” nomli hujjatli filmni suratga olib, muvaffaqiyatli taqdimot qilishdi. Bu jarayonlar Germaniyada chiqadigan “ Vitamin.de” yoshlar jurnalida yoritildi. Iqtidorli o‘quvchilardan yana biri – Sabrina Sayfullayeva loyiha doirasida 2020-yil Berlin shahrida o‘tkazilgan Wannseye – yoshlar forumida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. PASCH loyihasida faol ishtirok etgan 3 nafar o‘quvchi yoz oyida Germaniyaning Pfortshaym shahridagi yozgi lagerda dam olib qaytishdi.

Nemis tilini chuqur o‘rganayotgan o‘quvchilar bugun fan olimpiadalari va xalqaro tanlovlarda ham faol ishtirok etib, yuqori natijalarni qayd etib kelishmoqda. Jumladan, 2021-yilda oshkentdagi Gyote instituti tomonidan o‘tkazilgan an’anaviy “Ifodali o‘qish” tanlovida 10-V sinf o‘quvchisi Feruza Radjabova faxrli 1-o‘rinni egalladi. 2021-2022-o‘quv yilida 9-V sinf o‘quvchisi Abdunosir Usmonov Germaniya davlatining Gamburg shahrida o‘tkazilgan xalqaro nemis tili olimpiadasida (IDO) muvaffaqiyat bilan qatnashib, diplomga ega bo‘ldi. Shuningdek, 2022-2023 -o‘quv yilida 11-A sinf o‘quvchisi Shaxina Nazarboyeva fan olimpiadasining viloyat bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.

Ikki davlat orasidadagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashda munosib hissa qo‘shib kelayotgan mazkur ta’lim muassasasi Germaniya shaharlari bilan an’anaviy hamkorlik loyihasini davom ettirmoqda. Navbatdagi "O‘quvchilar almashtirish" loyihasi qadimiy Axen gimnaziyasi hamkorligida amalga oshirilib, ayni paytda gimnaziyaning 14 nafar o‘quvchisi va 4 nafar o‘qituvchisi Buxoroda bo‘lib turibdi. Loyiha doirasida o‘quvchilar maktabdagi tengdoshlarining oilalarida yashab, tengdoshlari bilan birga maktabda ta’lim olishadi. Shuningdek, Buxoroning qadimiy go‘shalari bo‘ylab sayohatda bo‘lishadi, milliy an’analarimiz, urf-odatlarimiz bilan yaqindan tanishishadi.

 

Buxoro viloyatti maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati


Report Page