bvmmtb.uz

bvmmtb.uz


#xorijda_tajriba_oshirib_qaytgan_muallima

YANGI O‘QUV YILINI YANGICHA SHIJOAT VA MAQSADLAR BILAN BOSHLADIM!

 Mavjudaxon Xaitova 2020-yildan buyon Buxoro shahridagi 4-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida o‘quvchilarga nemis tili fanidan saboq berib kelmoqda. Yosh bo‘lishiga qaramay ijodkorligi, tashabbuskorligi, intiluvchanligi bilan o‘quvchilari mehri va hamkasblari hurmatini qozona oldi.

„Eng yaxshi chet tili fani o‘qituvchisi“ ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi g‘olibasi bo‘lgan muallima ayni paytda C1-onSET xalqaro sertifikati va oliy malaka toifasiga ega.

U saboq berayotgan o‘quvchilar turli xalqaro tanlovlar, fan olimpiadalarining viloyat bosqichlarida muvaffaqqiyatli ishtirok etib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritib kelishmoqda. 

2022-yilda ilk bor Germaniyaning Bremen shahrida bo‘lib, malaka oshirgan Mavjudaxon Xaitova yangi o‘quv yili oldidan 2-marta xorijda ta’lim safarida bo‘lib qaytdi. 

 -Yozgi ta’til mavsumi men uchun nihoyatda samarali va hayajonli va unitilmas taassurotlarga boy tarzda kechdi, -deydi muallima. – Gap shundaki, men joriy yilning aprel oyida o‘tkazilgan DAAD - Germaniya akademik almashinuv xizmati dasturi g‘olibi sifatida avgust oyida Germaniyaning Fridrix Shiller nomidagi Yena universitetida bir oylik malaka oshirish kursida bo‘ldim.

Dastur doirasida dunyoning 20 dan ortiq davlatlaridan kelgan ilmga tashna pedagoglar bilan bir guruhda ushbu nufuzli oliygohning salohiyatli professor o‘qituvchilaridan saboq oldim. Bunday muhit ko‘plab do‘stlar orttirishimga, o‘zaro tajriba almashib, bilimim, tajribam va mahoratimni oshirishga xizmat qildi. Samarali o‘qitishning yangi qirralari, metodikalarini o‘rgandim.

Bundan tashqari Germaniyaning ko‘plab tarixiy joylari, mashhur muzeylari bilan yaqindan tanishdim. Pedagogik mahoratim qatori tasavvurlarim, taassurotlarim, dunyo qarashim boyidi. Rejalarim, maqsadlarim yuksaldi. 

Yangi o‘quv yilini yangicha kuch-g‘ayrat va yangi maqsadlar bilan boshladim. O‘ylab qarasam, mamlakatimizda o‘qituvchi uchun nihoyatda ulkan imkoniyatlar, imtiyozlar yaratilgan. Endilikda men ana shu imkoniyatlardan unumli foydalangan holda o‘qituvchi sifatida o‘z qobiliyatimni namoyish etishga, o‘quvchilarimni iqtidorlarini yuzaga chiqarishga astoydil harakat qilaman.

 

Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati


Report Page