bvmmtb.uz

bvmmtb.uz


🏫 SHOFIRKONDA ZAMONAVIY QIYOFA KASB ETGAN YANA 4 TA MAKTAB FOYDALANISHGA TOPSHIRILDI


Shofirkon tumanida yangi o‘quv yili arafasida ta’lim muassasalarini zamonaviylashtirish, o‘quvchilar uchun munosib shart-sharoitlar yaratish borasidagi bunyodkorlik ishlari izchil davom etmoqda.


Keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash ishlari natijasida tumandagi 6-, 26-, 3- va 42-sonli umumta’lim maktablari zamonaviy qiyofa kasb etib, foydalanishga topshirildi.


🔹 6-sonli umumta’lim maktabida Osiyo taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan “Qishloq hududlarini barqaror rivojlantirish” dasturi doirasida 8,2 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, 180 o‘rinli yangi o‘quv binosi barpo etildi. Natijada maktabning umumiy sig‘imi 680 nafarga yetkazildi. Sinf xonalari zamonaviy jihozlar, elektron doskalar va zarur texnik vositalar bilan ta’minlandi. Yaratilgan sharoitlar ta’limni bir smenada tashkil etish imkonini bermoqda.


🔹 Jilvon qishlog‘idagi 26-sonli umumta’lim maktabi ham Osiyo taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan, “Qishloq hududlarini barqaror rivojlantirish” dasturi doirasida 5,5 milliard so‘mga yaqin mablag‘ evaziga kapital ta’mirlandi. 330 o‘rinli yangi bino barpo etilib, maktabning umumiy o‘quvchi sig‘imi 476 nafarga yetkazildi.


🔹 3-sonli umumta’lim maktabi Islom taraqqiyot banki va OPEK dasturi doirasida ajratilgan 6 milliard 386 million so‘mga yaqin mablag‘ hisobidan zamonaviy talablar asosida to‘liq yangilandi. 720 o‘ringa mo‘ljallangan maktabda o‘quvchilar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilib, sinf xonalari zamonaviy o‘quv jihozlari bilan ta’minlandi.


🔹 42-sonli umumta’lim maktabi OPEK dasturi doirasida ajratilgan qariyb 5,2 milliard so‘m mablag‘ hisobidan mukammal kapital ta’mirdan chiqarildi. 1989 yilda barpo etilgan, 180 o‘ringa mo‘ljallangan ta’lim maskani bugun zamonaviy talablarga javob beradigan yangi qiyofa kasb etdi. Shuningdek, o‘quvchilarning jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishi uchun 12×24 metrlik yangi sport zali barpo etildi.


✨ Eng muhimi, yangilangan maktablar — shunchaki zamonaviy binolar emas. Bu — farzandlarimizning sifatli ta’lim olishi, iqtidori va salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilgan yangi imkoniyatlardir.

Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati

Report Page