bvmmtb.uz
faxr
BUYUK AJDODLARGA MUNOSIB AVLODLAR ULGʻAYMOQDA BU YURTDA!

Buxoroning Sharifligi xususida so‘z borganida, eng avvalo bu yurt azal-azaldan ilmu urfon go‘shasi, dunyo taraqqiyoti tamadduniga poydevor qo‘ygan buyuk allomalar, olimu fuzalolarga beshik bo‘lganligi tilga olinadi. Biz haqli ravishda ana shunday muqaddas zamin farzandi va unda kamol topgan buyuk bobokalonlar avlodi ekanligimizdan faxrlanamiz.
Biroq, bu sharaf ortida shunday mas’uliyat va shundayin burch borki, birgina faxr tuyg‘usining o‘zi kamlik qiladi. Bu – munosib bo‘lish mas’uliyati, munosib bo‘lish burchidir!
Hech ikkilanmay ayta olamanki, bugun yoshlarimiz ana shu mas’uliyatni, burchni yurak-yurakdan his qilgan holda chuqur ilm olishga, dunyo maydonlarida munosiblarning munosiblari, buyuklarning avlodlari ekanliklarini namoyon etishga astoydil intilyaptilar.
Raqamlarga yuzlanadigan bo‘lsak, birgina 2024- yilning o‘tgan davri mobaynida viloyatimiz o‘quvchilari xalqaro olimpiadalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, jami 13 ta medalni qo‘lga kiritishdi. Men ushbu medal sohiblari bo‘lgan bilimdonlarimizning nomlarini alohida e’tirof etishni istardim.

2024-yil 25-30-mart kunlari Turkmaniston davlatida turkman shoiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro matematika olimpiadasida Qorako‘l tumanidagi ixtisoslashgan maktab o‘quvchisi Yusufjon Ortiqov oltin, shu maktab o‘quvchilari Farxod Ochilov va Murodjon Mamatov kumush, Anvar Rustamov, Buxoro shahridagi Prezident maktabi o‘quvchisi Mirshod Muxammedov, Jondor tumanidagi 46-maktab o‘quvchisi Ulug‘xo‘ja Bafoyev hamda Olot tumanidagi 10-maktab o‘quvchisi Xushnudbek Durdiyevlar bronza medallarini qo‘lga kiritishdi.

26-31 may kunlari o‘tkazilgan Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro matematika olimpiadasida esa Qorako‘l tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘quvchilari Muhammadali Rasulov, Nurbek Umarov hamda Vobkent tumandagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi Durbek O‘ktamovlar kumush medallariga sazovor bo‘lishdi.
Kuni kecha Buxoro shahrida o‘tkazilgan Abu Ali ibn Sino nomidagi xalqaro biologiya olimpiadasi ham o‘quvchilarimiz uchun nihoyatda muvaffaqiyatli kechdi.
Mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilgan mazkur olimpiadada dunyoning 18 ta mamlakati — Rossiya, Saudiya Arabistoni, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Mongoliya, Ozarbayjon, Hindiston, Quvayt, Belorus, Qatar, Gruziya, Tailand, Vetnam, Xitoy, Turkiya davlatlaridan kelgan hamda O‘zbekiston vakillaridan iborat, jami 105 nafar o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
Aytish lozimki, Ikkinchi Renesans nomini olgan o‘rta asrlar sharq mamlakatlari taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan qomusiy olim Abu Ali Ibn Sino shaxsiyati necha asrlarki dunyo hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otib kelmoqda.
980-yil Buxoro viloyatining Peshko‘ tumani Afshona qishlog‘ida tavallud topgan Ibn Sino tibbiyot, kimyo, tarix, musiqa, optika, metafizika, falsafa, aniq fanlar, tilshunoslik, filologiya, farmakologiya, geologiya va boshqa ko‘plab fanlarga oid qomusiy asarlar muallifi sanaladi. Olimning tibbiyot fani rivoji yo‘lida olib borgan ilmiy faoliyati, xususan, “Tib qonunlari” asari dunyodagi ko‘plab mutaxassislar tomonidan munosib eʻtirof etib kelinadi. Uning asarlari dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilingan.
Shu ma’noda o‘zbek yoshlarining dunyo ilm-fan cho‘qqilarini zabt etishi hamda xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashida Ibn Sino kabi buyuk allamolarning o‘rni beqiyos ekanligini bugun har bir yosh avlod vakili yurakdan his qilmoqda.
Ikki bosqichda kechgan mazkur olimpiadaning yakuniy natijalariga ko‘ra, umumiy hisobda 60 nafar ishtirokchi o‘quvchilar turli darajalardagi(10 ta oltin, 20 ta kumush, 30 ta bronza) medallar bilan taqdirlandi.

O‘zbekistonlik o‘quvchilar 12 ta (3 ta oltin, 3 ta kumush, 6 ta bronza) medal bilan xalqaro olimpiadaning yakka peshqadamiga aylandi.
Eng quvonarlisi, mamlakatimiz terma jamoasi qo‘lga kiritgan ushbu muvaffaqiyatda buxorolik o‘quvchilarning alohida ulushi bor.

Kogon tumanidagi 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Gʻolibjon Sharifov hamda Buxoro shahridagi 35-IDUMning 10-sinf o‘quvchisi Parvina Choriqulova 2 ta oltin medalga egalik qilishgan bo‘lsa, Jondor tumanidagi 33-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Dilnoza To‘ymurodova bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Men bu iqtidorli o‘quvchilarimizni g‘alaba bilan muborakbod etaman va ushbu g‘alabada alohida mehnati singgan fidoyi ustozlarimizga chin yurakdan minnatdorchilik bildiraman.
Aytish joizki, bunday natijalar mamlakatimizda ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlarning ne chog‘li samara berayotganligidan, bu yurtda buyuk ajdodlarga munosib avlodlar ulg‘ayayotganidan dalolat beradi.
Insoniyat qanday marralarni egallamasin albatta ilm orqali erishadi. Bilimdan qudratliroq kuch yo‘q. Inson qanchalik ko‘p bilsa, u shu qadar kuchlidir. Taraqqiyotning asosi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham bu – ilm-fan, ta’lim-tarbiya hisoblanadi. Biz – pedagoglar esa bu yo‘lda bor imkoniyatlarimizni safarbar etishdan charchamaymiz.
Farrux QURBONOV,
Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i