bvmmtb.uz

bvmmtb.uz


SIZ DOIMO E’ZOZDASIZ, TA’LIM FIDOYILARI!  

Ma’lumki, mamlakatimizda 9 may – Xotira va qadrlash kuni sifatida keng nishonlab kelinmoqda. Mustaqilik yillarida diyorimizda inson manfaatlari eng oliy qadriyat sifatida amalda qadr topib, urush va mehnat faxriylari, boy hayotiy tajribaga ega insonlarga e’zoz ko‘rsatish, keksalarni qadrlash bilan birga o‘tganlarni xotirlash, ularning ibratli ishlarini yod etib, ehtirom ko‘rsatish ishlari ibratli an’anaga aylandi.

Xalqimizning azaliy qadriyatlaridan bo‘lgan keksa avlod vakillariga hurmat ko‘rsatish va e’zozlash - Xotira va qadrlash kuni tadbirlarining asosiy maqsadi bo‘lib qolmoqda. O‘zining bor mehri va qalb qo‘rini bolalarga berish, ularning hayotiga ma’no bag‘ishlash uchun o‘z orom va halovatidan voz kechib, dunyoda bilim va ma’rifatdan kuchliroq kuch yo‘q ekanligini yillar davomida isbotlab kelayotgan ta’lim tizimi fidoyilariga hurmat va ehtirom ko‘rsatish maqsadida O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri o‘tkazildi. Tadbirga Buxoro viloyatida ta’lim tizimida uzoq yillar mehnat qilib kelayotgan 40 o‘z kasbining fidoyilari taklif etildi.  

Tadbirda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Buxoro viloyat Kengashi raisi M. Olimov, O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi raisi R. Bedilov, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari H. Jumayevalar ishtirok etib, Vatanimiz istiqboli, yosh avlod kelajagi yo‘lida mehnat qilib, mustaqilligimizni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelayotgan mehnat faxriylarini qutladilar. 

So‘zga chiqqan tadbir ishtirokchilari ham o‘z dil izhorlarini bayon etdilar. 

-30 yildan buyon maktabgacha ta’lim tizimida ishlab kelayapman, -dedi Qorovulbozor tumanidagi 1-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi Nag‘ima Nurmuratova. - O‘zim qozoq qiziman. O‘zbekiston- mening jonajon Vatanim. Mehnat faoliyatimni turli millat farzandlari ta’lim tarbiyasiga bag‘ishlaganim bilan faxrlanaman. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin. 

-Mening otam 2- jahon urushida bizning tinchligimiz uchun jang qilganlar,- deydi Romitan tuman Barkamol avlod bolalar maktabi to‘garak rahbari Zuhro Xolmurodova. - Biz doimo otamdek urush qatnashchilarining muqaddas xotirasi oldida bosh egamiz. Har kuni ertalab ularning haqlariga duo qilib, bugungi tinch –osoyishta, baxtli kunlarimiz uchun shukrona aytaman. 52 yildan beri maktabdan tashqari ta’lim sohasida mehnat qilaman. Kasaba uyushmasi –bizning tayanchimiz, g‘amxo‘rimiz, himoyachimiz. O‘quvchilarimning iqtidori va iste’dodini rivojlantirish borasidagi mehnatlarim munosib taqdirlanganligidan boshim ko‘kka yetdi.

Ta’dbir ishtirokchilariga O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi respublika Kengashining esdalik sovg‘alari topshirildi. 

Rayhon NOSIROVA, 

Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashining Buxoro viloyati bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi

Report Page