bvmmtb.uz
Press-tur
VOBKENT TUMANIDAGI TA’LIM MUASSASALARI FAOLIYATI BILAN YAQINDAN TANISHILDI
Mamlakatimizda ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan yuksak e’tibor, amalga oshirilayotgan izchil islohatlar Vobkent tumanidagi maktabgacha va maktab ta’limi muassasalari faoliyatida ham o‘z aksini topib, qator natijalarga erishilmoqda.
Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan navbatdagi Press-tur jarayonida jurnalist va blogerlar tumandagi bir qator ta’lim muassasalari faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Ma’lumot uchun: ayni paytda tumanda 41 ta umumta’lim maktabi, 1 ta ixtisoslashtirilgan maktab va 1 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabi mavjud bo‘lib, ushbu maktablarda jami 21 483 nafar o‘quvchiga 2 113 nafarga yaqin o‘qituvchilar ta’lim-tarbiya berib kelmoqda.
Dastlabki manzil tumandagi 1-umumta’lim maktabi bo‘ldi. Ushbu maktab nafaqat tumanda, balki viloyat miqyosida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan ta’lim muassasalaridan biridir. “Zamonaviy maktab” maqomiga ega bo‘lgan mazkur ilm dargohida bugungi kunda 750 nafar o‘g‘il-qiz ta’lim-tarbiya olib kelmoqda. O‘quv-tarbiya jarayonlarini olib borayotgan 67 nafar pedagoglarning 11 nafari oliy, 21 nafari 1-, 14 nafari 2- malaka toifasiga ega. O‘qituvchilarning 16 nafari milliy va xalqaro darajadagi sertifikatlarni qo‘lga kiritishgan.
Ayni paytda maktabda ikkita xorijiy til – nemis va ingliz tillari o‘qitib kelinmoqda. O‘tgan davr mobaynida maktabda o‘quvchilarga nemis tilini o‘rgatish sifatini oshirish maqsadida Germaniya bilan hamkorlikda qator loyihalar amalga oshirildi. Mazkur loyihalar doirasida joriy yilda maktabning 2 nafar nemis tili fani o‘qituvchisi Germaniyada malaka oshirib qaytdi.
Aytish joizki, olib borilayotgan sa’y-harakatlar o‘quvchilarning natijalarida ham o‘z aksini topmoqda. O‘quvchilar har yili fan olimpiadalari va turli tanlovlarda muvaffaqqiyatli ishtirok etib kelishyapti. Joriy yilda Prezident sovrini uchun o‘tkazilgan “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab “ tanlovining tuman bosqichida 1-o‘rinni qayd etib, 100 million so‘m, viloyat bosqichida ham g‘oliblikka erishib, 250 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritishdi. Ayni paytda ular tanlovning respublika bosqichiga tayyorgarlik ko‘rishmoqda.
Tadbir davomida ishtirokchilar maktabda o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish, ularga ikkita til va kasb-hunar o‘rgatish borasida olib borilayotgan ishlar bilan ham tanishildilar.
Tumanda maktabgacha ta’lim sifatini yaxshilash, maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalar qamrovini oshirish borasida ham samarali ishlar olib borilmoqda. Bugungi kunda tumanda 35 ta davlat, 95 ta nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari mavjud bo‘lib, ularga 9 149 nafar 3-7 yoshli bolalar qamrab olingan. Bu raqam tumanda mavjud maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarning 80,1 foizi qamrab olinishiga erishilganligini ko‘rsatadi.
2024 -yilning yakuniga qadar 9 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotini ochish va 14-umumta’lim maktabining bo‘sh turgan binosini qayta ta’mirlash, “Hajuvon” va “Ko‘lxatib” mahalla hududida yangidan 90 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti qurish orqali qamrov darajasini 87 foizdan ortiq ko‘rsatkichga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Press-tur jarayonida tumanda namunali faoliyat olib borayotgan 12-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati bilan ham yaqindan tanishildi.
12-davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti tuman markazidan 13 kilometr uzoqlikdagi Ko‘liodina mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan. Muassasa 2023-yilda davlat dasturi asosida qayta rekonstruksiya qilinib, zamonaviy ko‘rinish va qulay shart- sharoitlarga ega bo‘ldi. 4 milliard 200 million so‘m mablag‘ evaziga qad rostlagan 120 o‘ringa mo‘ljallangan ikki qavatli ushbu binoda mashg‘ulot xonalari, yotoqxona, oshxona, hamshira xonasi, defektolog xonasi, sport zali, metodist xonasi, guruhlarda ichki xojatxonalar, har bir guruh uchun yozgi ayvonchalar,umumiy ovqatlanish zali mavjud bo‘lib, ichimlik suvi bilan ta’minlangan.
Ayni damda bu tashkilotda 120 nafar 3-7 yoshli tarbiyalanuvchilar qamrab olingan bo‘lib, 30 nafardan ortiq tajribali, salohiyati tarbiyachilardan tarkib topgan pedagogik jamoa bolajonlarga sifatli ta’lim-tarbiya berib kelmoqda.
Press-tur davomida jurnalist va blogerlar tashkilotda yaratilgan shart-sharoitlar va ta’lim-tarbiya jarayonlari bilan bevosita tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati