bvmmtb.uz
Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi “Oxford IELTS” o‘quv markazi hamda “PRO UNITY” IT va zamonaviy kasblar maktabi bilan hamkorlik memorandumini imzoladi
Bugun, 7-aprel kuni viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Farrux Qurbonov “Oxford IELTS” o‘quv markazi direktori Xudoyor Ergashev va “PRO UNITY” IT va zamonaviy kasblar maktabi direktori Mironshoh Mustafoyevlar bilan uchrashdi.
Uchrashuv jarayonida o‘quvchilarni chet tili va zamonaviy kasblarga nisbatan qiziqishini oshirish, iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularni rag‘batlantirish va kelajakda yetuk kadrlar bo‘lishiga ko‘maklashish, shuningdek pedagog xodimlarning kasbiy mahoratini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Va bu borada yaqindan hamjihatlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Hamkorlik doirasida viloyat maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi o‘quvchi-yoshlarni chet tili va zamonaviy kasblarga nisbatan qiziqishini oshirib borish yuzasidan targ‘ibot tadbirlari va amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etilishi, IELTS hamda IT sohalariga qiziqishi bo‘lgan 9-11 sinf o‘quvchilari uchun sayyor o‘quvlar o‘tkazib borilishi, shuningdek, tizimdagi chet tili va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchilarining kasbiy salohiyatini oshirishga ko‘maklashish maqsadida pedagoglar uchun o‘quv-seminarlar, trening va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilishi belgilandi.
Shuningdek, maktablardagi o‘quv faoliyati davomida a’lo natijalarni ko‘rsatgan iqtidorli yoshlarni yanada chuqurroq bilim olishlari uchun moliyaviy rag‘batlantirish, buning uchun grantlar e’lon qilinib, tanlovlar o‘tkazish, g‘olib o‘quvchilarning o‘quv markazida bepul bilim olishlarini yo‘lga qo‘yish kabi masalalarda ham hamkorlik ishlarini olib borish rejalashtirildi.
Mazkur memorandum debochasi sifatida “Oxford IELTS” o‘quv markazi , “PRO UNITY” IT va zamonaviy kasblar maktabi tashabbusi bilan, Buxoro viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ko‘magida umumiy byudjeti 600 000 000 so‘m bo‘lgan “Buxoro Umidi” nodavlat ta’lim granti e’lon qilindi.
Ushbu grant Buxoro viloyatidan eng salohiyatli 50 ta yoshni saralab olib, ularni IELTS hamda IT sohalarida chuqurlashtirilgan maxsus kursga yo‘naltirish hamda bir yil mobaynida bu o‘quvchilarning eng zamonaviy va qulay sharoitlarda, kuchli pedagoglar tomonidan o‘qitilishi xarajatlarini qoplab berishga qaratilgan.
Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati