bvmmtb.uz

bvmmtb.uz


BUXOROLIK O‘QUVCHI “YOSH KITOBXON” TANLOVINING RESPUBLIKA BOSQICHIDA FAXRLI 3-O‘RINNI QO‘LGA KIRITDI

Halima Sharopova Buxoro shahridagi 35-umumta’lim maktabining 8-sinfida tahsil oladi. Bolaligidan adabiyotga, mutolaaga ishtiyoqmand bo‘lgan bu iqtidorli qizning hozirga qadar o‘qigan kitoblari uch yuztaga yetib qoldi. 

Hali o‘qishni bilmagan 5-6 yoshlarida jajji qizaloqqa onasi turli ertak kitoblar o‘qib berar, u esa jon qulog‘i bilan berilib tinglardi. 

-Birinchi sinfda Chingiz Aytmatovning “Oq kema” asarini o‘qib berganman. Shundan keyin o‘zi kitob tanlab, o‘qiy boshladi,-deydi onasi Ruxshona Sharopova. – Shu yili “Bilimdon” jurnalida ilk she’ri ham chop etildi. 9 yoshida “Yosh kitobxon” tanloviga ishtirok etmoqchi bo‘ldi, ammo yoshi yetmaganligi uchun o‘shanda imkoni bo‘lmadi. 

Halimaning “Yosh kitobxon” tanloviga ikkinchi bor ishtirok etishi. Birinchi gal shahar bosqichida 2-o‘rin bilan kifoyalangan bo‘lsa, bu gal respublika bosqichida 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 

-Bu natija meni sira qoniqtirmadi,-deydi yosh kitobxonimiz. -Lekin bu ishtirok men uchun juda katta tajriba maktabi bo‘ldi. O‘z ustimda yanada ko‘proq ishlashim kerakligini angladim. Bu, albatta, g‘oliblik uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi.  


Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati

Report Page