#бошқарма_ўрганишида

#бошқарма_ўрганишида




GO‘DAKLAR HAQQINI TUYA QILAYOTGAN “BOGʻCHA OPA”LAR 

Raqamlar faylasufi Pifagorning oliy matematika haqidagi qonunida tomchining formulasi H2O bilan belgilansa, ummonning formulasi ham xuddi shunday ifolanadi, degan g‘oya ilgari suriladi. Demak, ummonda qancha haqiqat bo‘lsa, tomchida ham shunda haqiqat mavjud. 

Ba’zi bog‘cha opalar xuddi shu qonunni zo‘r berib amaliyotga tadbiq etishga urinishayotganga o‘xshashadi. Xuddi bir butun tuxumning tarkibi nimadan iborat bo‘lsa, yarimtasining tarkibi ham shunday yoki o‘n kilogramm bo‘lsa ham, bir kilogramm bo‘lsa ham baribir nomi go‘sht-da degandek. 

Bolalar haqqiga xiyonat qilish - kechirib bo‘lmas holat. Taassufki, hali-hamon maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bu kabi holatni kundalik odatga aylantirgan “Bog‘cha opa”larimiz ko‘pchilikni tashkil etadi. 

Buxoro shahridagi 71-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati bilan tanishish jarayonida xuddi shunday noxush holatga duch kelindi.  

Tashkilotda bolalarni sog‘lom ovqatlantirish va oziq-ovqat mahsulotlarining saqlanish holati ko‘zdan kechirilganda, tarbiyalanuvchilarga berilishi kerak bo‘lgan 12 kilogramm pishirilgan go‘sht va 4 kilogramm baliq mahsuloti oshpazlar yuvinish xonasidagi vannada yashirib qo‘yilganligi aniqlandi. Bundan tashqari taomnomada tushlik uchun ajratilgan 75 kilogramm o‘rniga atigi 20 kilogramm baliq mahsuloti tayyorlanayotganligi ma’lum bo‘ldi. Oshpazlarning shaxsiy buyumlari saqlanadigan shkaf va tashkilotning bo'sh turgan xonasidan ham yashirib qo‘yilgan oziq-ovqat mahsulotlari topildi. 

Eng achinarlisi, na bog‘cha mudirasi, na xo‘jalik ishlari mudiri, na hamshira va na oshpaz bu holatga tayinli izoh bera olishdi. “Xabarim yo‘q” deb qo‘ya qolishdi. Biroq, har bir nojo‘ya hatti-harakat, noqonuniy yo‘riqning so‘rovi, javobgarligi bor. 

Ayni paytda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ishchi guruhi tomonidan holat bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Holatni yuzaga keltirgan sabablar va aybdorlar aniqlanib, ularga nisbatan qat’iy jazo chorasi ko‘riladi.  

Shu o‘rinda viloyatdagi barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarni sog‘lom ovqatlantirish masalasi doimiy nazoratda ekanligi va bu borada yo‘l qo‘yilgan kamchilik va noqonuniy hatti-harakatga nisbatan keskin choralar ko‘rilishi belgilanganligini ma’lum qilamiz. 

Maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbarlaridan davlat tomonidan berilayotgan sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini to‘liq yetkazib berilishini ta’minlash va tarbiyalanuvchilarni sog‘lom ovqatlantirishga alohida e’tibor qaratishlarini so‘raymiz.  

O‘rganishlar davom etadi...

Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati





Report Page