buxvxtb.uz

buxvxtb.uz


❇️BUXORODA O‘QITUVCHILAR O‘RTASIDA O"TKAZILGAN MATEMATIKA FANI BO‘YICHA RESPUBLIKA OLIMPIADASI G'OLIBLARINI TANTANALI TAQDIRLASH MAROSIMI BO'LIB O'TDI

Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 22- dekabr kuni Buxoro viloyatida matematika fani o‘qituvchilari o‘rtasida o‘tkazilayotgan 1-Respublika olimpiadasi start oldi. 

Matematika fani bo‘yicha ilg‘or, tashabbuskor va ijodkor pedagoglarni aniqlash, ulardagi qobiliyat, kasbiy mahoratni ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish hamda ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida respublikamizda ilk bor tashkil etilgan mazkur olimpiadaga Qorako‘l Xalqaro matematika maktabi mezbonlik qildi. 

Olimpiada sinovlari ikki kun davom etdi. Birinchi kun, ya’ni 23- dekabrda ishtirokchilarga jami 5 ta topshiriqdan iborat yozma ish berildi va 180 daqiqa vaqt ajratildi. Topshiriqlardan dastlabki 2 ta masala 8 baldan, keyingi 2 ta masala 10 baldan, oxirgi masala esa 14 baldan jami 50 ball bilan baholandi.

Keyingi kun esa olimpiadaning metodik qismi o‘tkazildi. Mazkur jarayonda yechimlari keltirilgan misol va masalalarni to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri yechilganligini izohlab, har bir masalani baholash hamda ijodiy yondashuv asosida shartga ko‘ra, yangi masala tuzish talab etildi. Buning uchun ishtirokchilarga 120 daqiqa vaqt ajratildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Toshkent shahridagi “Qorako‘l” NNT o‘qituvchisi Sardor Gʻafforov faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 

Navoiy viloyatidagi Qorako‘l maktabi o‘qituvchisi Zafar Jumayev 2-, Olot tumanidagi 10-maktab o‘qituvchisi Doniyor Hamrayev esa 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 

Ballar ketma-ketligida eng yuqori natijani qo‘lga kiritgan kuchli o‘nlik tarkibiga kirgan yana 7 nafar ishtirokchi sovrindorlar safidan o‘rin oldi. 

Bugun, 25-dekabr kuni Xalqaro matematika maktabida mazkur respublika olimpiadasi g‘olib va sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. 

Tantanada Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamenti rahbari Umid Rahmonov, Buxoro viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Dilfuza Mustafayeva hamda Qorako‘l tumani hokimi Xurshid Tohirovlar ishtirok etib, ishtirokchilarni tabrikladilar. 

Gʻolib va sovrindorlarga Xalq ta’limi vazirligining diplom va sertifikatlari hamda qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.

Qorako‘l tuman hokimi olimpiadada faol ishtirok etgan o‘qituvchilarning uch nafariga maxsus Qorako‘l bosh kiyimlarini sovg‘a qildi. 

Buxoro viloyati xalq ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati

Report Page