buxvxtb.uz

buxvxtb.uz


O‘QUVCHILARIGA DUNYOGA CHIQISHNI O‘RGATAYOTGAN YOSH MUALLIM  

Saidjon maktabda o‘qib yurgan kezlariyoq, o‘qituvchi bo‘lishni, bo‘lganda ham oddiy o‘qituvchi emas, o‘quvchilarini dunyo tan oladigan o‘qituvchi bo‘lishni niyat qildi. 

Oliygohni tugatib, Qorako‘l xalqaro matematika maktabiga fizika fani o‘qituvchisi sifatida ish boshlaganida, bu niyatlari qat’iy maqsadga aylangan edi.  

Faoliyatining dastlabki yilidayoq, o‘quvchisi Bobur Halimov fan olimpiadasining viloyat bosqichida faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. O‘zi esa “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” tanlovi viloyat g‘olibi bo‘ldi. 

Bu yil uning pedagogik faoliyat boshlaganiga 5 yil to‘ladi. Ana shu qisqa fursat ichida Saidjonning o‘quvchilari Xalqaro fan olimpiadalarida muvaffaqqiyatli ishtirok etib, ketma-ket g‘olib va sovrindorlar qatoridan o‘rin olishdi. 

Yosh muallimdan bu muvaffaqiyatlari siri haqida so‘radik.

-Muvaffaqiyat va mehnat aslida egiz tushunchalar. Chunki muvaffaqqiyat ortida hamisha mehnat turadi,-deydi Saidjon. 

– Maktabda o‘qib yurgan kezlarim fizika faniga qiziqishim bo‘lakcha edi. Ehtimol bu ishtiyoq fan o‘qituvchimiz Norbibish Shukurovaning qiziqarli saboqlari tufayli uyg‘ongandir. 

Ustozimdan fan sirlarini o‘rganish bilan birga, ko‘p narsaga erishishi uchun o‘quvchiga ko‘proq talab qo‘yish lozimligini  ham o‘rgandim. Bugun faoliyatimda ana shu o‘rganganlarimni qo‘llab kelyapman. O‘quvchilarimni doim o‘z oldiga yuksak maqsadlar qo‘yishga undayman. O‘tgan besh yil mobaynida shuni anglab yetdimki, o‘qituvchi uchun shogirdlarining yutug‘idan ortiqroq yutuq yo‘q. Va men shunday yutuqdan zavqlanish hissini tuyganimdan baxtiyorman. 

-2017- yilda bir nafar o‘quvchim fan olimpiadasining viloyat bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2018-yildan ularning safi ham, natijalari ham ortib bordi. 

Shu yili o‘quvchilarimdan ikki nafari - Azimjon Xayrullayev va Bobur Halimovlar Innovatsion olimpiadaning respublika bosqichida g‘olib va sovrindorlar qatoridan o‘rin olishdi. Bobir Halimov Mirzo Ulug‘bek nomidagi Xalqaro olimpiadada bronza medali sohibi bo‘ldi. Sevara Ostonova, Doniyor Ismoilov va Laziz Rajabboyevlar Ozarbayjonda o‘tgan integrasiyalashgan(matematika, fizika va kimyo) Xalqaro fan olimpiadasida kumush medalga sazovor bo‘lishdi. 2019 –yilda ham o‘quvchilarimiz mazkur olimpiadada muvaffaqiyatli ishtirok etib, Anvarjon Rahmatov kumush, Sevara Ostonova esa bronza medalini qo‘lga kiritdi. Fan olimpiadasining viloyat hamda respublika bosqichlari g‘olibi bo‘lgan Bobur Halimov Isroilda o‘tgan Xalqaro IPHO olimpiadasida faol qatnashib, sertifikat bilan taqdirlandi.  

Joriy yilning 8-13-noyabr kunlari mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilgan “Al-Farg‘oniy” nomidagi Xalqaro fizika olimpiadasida o‘quvchilarimdan ikki nafari ishtirok etib, Abdukomil Itolmasov kumush, Mirzabek Mirzayev esa bronza medalini qo‘lga kiritdi. 

Yaqindagina bo‘lib o‘tgan asosiy fan olimpiadalarining viloyat bosqichida ham Abdukomil Itolmasov va Ozoda Boboqulovalar g‘oliblar safidan o‘rin olishdi. 

Ayni paytda keyingi bosqichga puxta tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Istagim – o'quvchilarim dunyo maydonida mamalkatimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir puxta bilimga ega bo'lishsin!


Buxoro viloyati xalq ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati

Report Page