buxvxtb.uz

buxvxtb.uz


“O‘QUVCHILARIM HAM DUNYONI SOGʻLOM ODAMLARDEK TASAVVUR QILISHSIN, DEYMAN!”

Maqolamiz qahramoni - Buxoro shahridagi 24-sonli ko‘rish bo‘yicha imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatining ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Sulton Sultonov. 


16 yoshida ko‘zi xastalanib, jarrohlik operasiyasidan so‘ng tamoman ko‘rmay qolgan o‘smir bu zarbadan dahshatga tushib, anchagacha o‘ziga kelolmay yuradi. 

Ammo atrofdagilarning yordami, qo‘llab-quvvatlashi tufayli oradan 10 yil o‘tib, ko‘zi ojizlik – imkonsizlik emasligi, asl ojizlik – qalb ko‘zining so‘qirligida ekanligini anglab yetadi. Istasa, shu holda ham jamiyatga, atrofdagilarga naf keltira olishini tushunadi. 

Oliygohda tahsil olib, maktabda o‘quvchilarga saboq bera boshlaydi. 16 yoshiga qadar ko‘rganlarini o‘quvchilari ham aniq tasavvur qilishlarini istab, ular uchun turli ko‘rgazmalar, ixtirolar yaratadi. 

Brayl alifbosiga mo‘ljallangan yozuv doskasi ham uning ana shunday ixtirolaridan biridir.

-Maxsus maktab-internatida ish boshlagan kezlarim doim o‘zimning o‘quvchilik davrlarim tasavvurimda jonlanardi, -deydi Sulton muallim. – O‘qituvchilarimiz bergan topshiriqlarni bo‘r orqali yozuv taxtasida bajarganmiz. Doskada mashq bajarish, doskaga chiqib, savollarga javob berishning o‘ziga xos mas’uliyati bo‘ladi, bu taxlit o‘rganganlari xotirasida chuqurroq muhrlanib qoladi. 

O‘quvchilarim uchun ham ana shunday muhit va imkoniyat yaratish maqsadida Brayl alifbosida yozishga mo‘ljallangan yozuv doskasi loyihasiga qo‘l urdim. 

Ayni paytda o‘quvchilarim bu doskadan nafaqat ona tili va adabiyot darslarida, balki boshqa darslarda ham samarali foydalanishayotganidan xursandman. 

Sulton muallim shuningdek, o‘quvchilarining tasavvurlarini boyitishga xizmat qiladigan o‘nlab ko‘rgazmalar yaratdi. Ulardan biri – harakatlanuvchi “ Koinot “ maketi. Bu maketda sayyoralar ketma-ketlikda bo‘rtma tarzda joylashtirilgan bo‘lib, o‘quvchilar qo‘l sezgilari orqali koinot haqida to‘la tasavvurga ega bo‘la oladilar. 

Doimiy izlanishda bo‘lib, bor imkoniyatlaridan to‘la foydalanishga intilib kelayotgan Sulton muallim mahoratli ustoz bo‘libgina qolmay, sport yo‘nalishida ham qator yutuqlarni qo‘lga kiritib kelyapti. 

2007 yildan buyon u sportning suzish va dyuzdo turlari bo‘yicha nogironlar o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan respublika chempionatlarida faol ishtirok etib kelmoqda. 

Yaqinda ham u para dyuzdo bo‘yicha o‘tkazilgan respublika chempionatida sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Buxoro viloyati xalq ta'limi boshqarmasi Axborot xizmati

Report Page