buxvxtb.uz

buxvxtb.uz


#iftixor 

❇️BUXOROLIK MAKTAB BITIRUVCHISI AQSHDAGI NUFUZLI OLIYGOHDA BEPUL O‘QISH VA YASHASH IMKONIYATIGA EGA BO‘LDI

Buxoro shahridagi 1-umumta’lim maktabi bitiruvchisi Behruz Bahriddinov “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan e’lon qilingan tanlovda muvaffaqiyatli ishtirok etib, jamg‘arma stipendiatlari qatoridan o‘rin oldi. 

O‘rta maktabni oltin medal bilan tamomlagan Behruz muddatidan oldin AQShning Arizona universitetida axborot texnologiyalari yo‘nalishida o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritgan edi.  

“El-yurt umidi” jamg‘armasi stependiati sifatida endilikda uning o‘qishi bilan bog‘liq barcha xarajatlar - xorijiy davlatda yashash, turar joy, xalqaro va ichki transport, sug‘urta, viza va adabiyotlar xarid qilish bilan bog‘liq barcha harajatlari jamg‘arma tomonidan moliyalashtiriladi.

Xo‘sh, qahramonimiz bu muvaffaqiyatlarga qanday qilib erishdi? Yutuqlarning omili ilmga bo‘lgan intilishdami yoki bu shunchaki omad? 

Behruz bilan bo‘lgan suhbatimiz asnosida bu savollarga ham javob oldik. 

-Dunyoda jamiki ezguliklarga erishishning yo‘li ilm yo‘lidir. ”Bilagi zo‘r birni yiqar, bilimi zo‘r mingni” deb bejizga aytishmagan,-deydi Behruz. -Hamma narsaning yagona  najotkori, barcha muammo-yu jumboqlarning  yechimi, orzu-istaklarning ro‘yobi, muvaffaqiyatlarning kaliti – ilmda deb bilanman.  

Ziyoli oilada tug‘ilganman. Otam davlat xizmatchisi, onam esa o‘qituvchi. Bolaligimdan bobom bilan buvimning ertaklarini, pand nasihatga boy rivoyatlarini eshitib ulg‘aydim. Kitob o‘qishga,bilim olishga bo‘lgan qiziqishim shunday boshlangan. Garchand asosiy yo‘nalishim axborot texnologiyalari bo‘lsa-da, bugun ham ana shu qiziqish meni tark etmagan. Bo‘sh qoldim deguncha, kitob varaqlashga tushaman. 


Oilamizda ilm olishga nihoyatda katta e’tibor berib kelinadi. Ilk maktab yoshidan o‘z qiziqishlarimizga mos to‘garaklarga qatnay boshlaganmiz. 

6 yoshimda maktabga borganman. Qiziquvchanligim bois har xil ko‘rik-tanlovlarda ishtirok etishga harakat qilardim. 4-sinfda boshlang‘ich sinflar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan “Mitti olimpiada” da ishtirok etib, viloyat boqichida faxrli 3-o‘rinni egallaganman. Bu mening birinchi yutug‘im bo‘lgan. Bundan quvongan ota-onam menga kompyuter sovg‘a qilishgan edi. 11-sinfni bitirgunimga qadar fan olimpiadalarida maktabim sharafini himoya qildim.  

Erishgan yutuqlarimda ustozlarimning o‘rni beqiyos. Buning uchun ulardan bir umr minnatdorman. Shu o‘rinda, birinchi ustozim Inobat O‘rinova, Norjon Teshayeva va Sabohat Haydarovalarga alohida rahmat aytaman. 

 Kelajakdagi  rejalarim  juda  ulkan. Biz yoshlarga shuncha  imkoniyatlar yaratib bergan Vatanimning, ota-onam va ustozlarimning ishonchini oqlab, axborot texnologiyalari yo‘nalishida yetuk mutaxassis sifatida yurtimiz ravnaqiga munosib  hissa qo‘shishni maqsad qilganman.

Bugun mustaqil hayot ostonasida turib, yuksak maqsadlarni ko‘zlayotgan uka-singillarim shunday degan bo‘lardim: Bobokolonlarimizning  "Beshikdan  qabrgacha  ilm izlang" degan hikmatli  so‘zlarini  o‘zingizga shior qilib oling. Hech qachon o‘z  baxtingiz  uchun ilm olishda  harakatdan, izlanishdan  to‘xtamang. ILM- bu yo‘lingizni yoritguvchi  yo‘lchi  yulduz, sizni yuksaklikka eltuvchi  OMADning  kalitidir!

Buxoro viloyati xalq ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati

Report Page