buxvxtb.uz

buxvxtb.uz


#Maktab_va_hokim  

O‘Z XONASINI MAKTAB O‘QUVCHILARI UCHUN BO‘SHATIB BERGAN HOKIM

Xitoylik mashhur faylasuf Konfusiy bundan bir necha asrlar aytib ketgan quyidagi hikmat hozir ham juda dolzarbdir: “Agar sen xalqingni bir yil boqmoqchi bo‘lsang, bug‘doy ek. O‘n yil boqmoqchi bo‘lsang, daraxt ko‘kartir. Asrlar davomida boqmoqchi bo‘lsang, ilmli qil”.

 Bu haqiqatni chuqur anglagan Gʻijduvon tumani hokimi Sherzod Ashurov, mazkur lavozimga tayinlangan kunidan maktab ta’limiga alohida e’tibor qaratdi.

Tuman yoshlarini ilmli, bilimli qilish, ularni raqobatdosh kadrlar etib tayyorlash, kelajakka ishonch bilan kirib borishi uchun qulay shart-sharoilar yaratish maqsadida bosqichma-bosqich qator loyihalarni amalga oshirdi. 

Garchand avvalida ko‘plab etirozlarga sabab bo‘lgan esa-da, amaliyotdan muvaffaqqiyatli o‘tgan bu loyihalar keyinchalik o‘ziga xos “Gʻijduvon tajribasi” sifatida ommalashdi. 

“Gʻijduvon olimpiada terma jamoasi” shakllantirildi

Maqsad qancha yuksak bo‘lsa, intilish va natija ham shunga munosib bo‘ladi. Hokim o‘qituvchi va o‘quvchilarga xalqaro fan olimpiadalariga chiqish va jahon maydonida o‘z bilimlarini dadil namoyish etish ishonchini berdi. Buning uchun tumanda “Olimpiada terma jamoasi” shakllantiriladigan bo‘ldi va Sh.Ashurov hokimlik binosidagi o‘zi uchun ajratilgan xonani “Olimpiada terma jamoasi” uchun bo‘shatib berdi. 

Jamoaga tumandagi 67 ta maktab o‘quvchilari orasidan munosib nomzodlar saralandi. 7-sinf o‘quvchilari fizika va matematika fanlaridan 3 bosqichda imtihon topshirishdi. Avvaliga test sinovlari, keyin yozma shaklda masala yechish va eng so‘nggi, uchinchi bosqichda suhbat jarayoni bo‘ldi. Shulardan muvaffaqiyatli o‘tgan 30 nafar bola jamoaga qabul qilindi. 

O‘qitish jarayoni o‘tgan yildan boshlab yuborilgan. Hozirda bolalar bilan hududning eng yaxshi mutaxassislari olimpiadaga mo‘ljallangan o‘quv qo‘llanmalari asosida shug‘ullanib, ingliz tili, fizika va matematika fanlarini chuqur o‘rgatishmoqda. Natijaga 2 yilda erishish, ya’ni birinchi yil respublika fan olimpiadalarida yutish, keyingi yili esa xalqaro maydonga chiqib, oltin medallarni qo‘lga kiritish maqsad qilingan.

Talabalik va “repetitor”likka tayyorgarlik

Hokimning yana bir loyihasi ko‘pchilikka manzur bo‘ldi.Gap shundaki, barcha oilalar ham o‘z farzandini qo‘shimcha kurslarga bera olmaydi. Chunki bunga moddiy sharoit yo‘l qo‘ymaydi. “Olimpiada terma jamoasi” loyihasining mantiqiy davomi sifatida o‘quvchilarni talabalikka, o‘qituvchilarni esa “repetitor”lik ka tayyorlash boshlandi. 

Bunda tumandagi 14 ta maktabning o'qituvchilari repetitorlar tomonidan o‘qitildi. Ularning bilimi va tajribasi oshirilgach esa o‘qituvchilar “repetitor”lik qilishni boshlashdi.

Natijada o‘qituvchilar o‘z ustilarida ishlab, bilimlarini oshirmoqda va bu orqali qo‘shimcha daromad olishmoqda. O‘quvchilar esa o‘zlarining maktablaridagi uncha qimmat bo‘lmagan qo‘shimcha darslarga qatnab, talabalikka tayyorgarlik ko‘rishyapti. 

Ota-onalar maktablarda navbatchiliq qilishmoqda

Samaradorlikni oshirish maqsadida Gʻijduvon hokimligi maktablarda ota-onalar navbatchiligini yo‘lga qo‘ydi. Bunda har bir o‘quvchining ota-onasi jadval asosida darslarda kuzatuvchi bo‘lib ishtirok etmoqda. Bu orqali ular farzandlarining fanlarni qay darajada o‘zlashtirayotganini kuzatib borishi, qolaversa, o‘qituvchilarning dars berish mahorati bilan ham tanishib borishi mumkin.

Buning natijasida tumandagi 52,5 ming o‘quvchidan kariyb 18 mingtasining o‘zlashtirish samaradorligi oshdi. Ular qo‘shimcha darslarga ham qatnay boshlashdi. 

Shuningdek, Gʻijduvon hokimining tashabbusi bilan mingdan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj, oliygohga kirishni, o‘qishni istaganlarga bepul dars ham berilmoqda.

“Hokim olimpiadasi”

Maktablarda har chorakda “Hokim olimpiadalari” tashkil etilayotgani ham o‘quvchilarning bilimini yanada mustahkamlamoqda. Yilida 4 marotaba o‘tkazilayotgan musobaqada 5-9 sinf o‘quvchilari ingliz tili, tarix, fizika, matematika fanlaridan testlarni yechib, shu yo‘sinda pishib borishyapti.

Bir oyda 2 kitob va bir sayohat 

Tuman hokimining yana bir ajoyib tashabbusi kitobxonlik aksiyasining tashkil etilgani bo‘ldi. Bunda o‘quvchilar shunchaki berilgan uzun-uzun ro‘yxatni emas, balki sinflar kesimida berilgan 2 tadan adabiyotni bir oyda o‘qib tugatishi va maxsus kengashning savollariga javob berishi kerak bo‘ladi. 

Sinovlardan muvaffaqqiyatli o‘tgan o‘quvchilar O‘zbekistonning turli joylariga sayohatga olib borilmoqda. Barcha xarajatlar tuman hokimligi hisobidan qoplanadi. 

Bu jarayonda bolalar sayohat qilish uchun bir oyda 2 ta kitob o‘qishga muvaffaq bo‘lishyapti. Bir yilda-chi? 

“O‘qimasalar, kasb o‘rgansin!”

Tahlillarga ko‘ra, Gʻijduvondagi 3 ming 362 nafar yosh OTMga kirishni, 201 nafari turli sohalardagi texnikumlarda o‘qishni hamda 363 nafari esa hunar o‘rganishni tanlagan. Jami 564 nafar bitiruvchining hozircha kelajak hayoti uchun aniq bir maqsad qo‘ymagani ma’lum bo‘lgan. 

Sherzod Ashurov mana shu maktab bitiruvchilari bilan uchrashdi. Suhbat davomida ular o‘qishni emas, balki hunar egasi bo‘lishni tanlashgani ma’lum bo‘ldi. 

Sherzod Ashurovning fikricha, har bir inson u ilm-fan sohasida ketadimi yoki kasb-hunar o‘rganadimi, izlanishi va oliy ta’lim olishi zarur. 

Kasb-hunarda bo‘lsa ham ma’lum darajadagi mutaxassis bo‘lishni xohlagan qizlar tikuvchilik sexiga ishga joylashtirildi. 

Izlanganga ming tanga

 Yaqinda tumanda yosh rassomlar tanlovi tashkil etildi. Unda 500 nafardan ortiq ijodkor yoshlar ishtirok etdilar. Tanlovda ilk marotaba suratlarning kimoshdi savdosi tashkil qilinib, bu orqali 300 dan ortiq suratlar qariyb 20 million so‘mga sotildi. 

Yil davomida salmoqli natijalarga erishgan maktablarning direktorlari rag‘batlantirilib, "Xumson" sihatgohida dam olish uchun imkoniyat taqdim etildi. Shuningdek, yuqori natijalarni qayd etgan o'quvchilar va ularning ota-onalariga sayohat yo'llanmalari berildi. O‘quv yili yakuniga ko‘ra, eng yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘lgan 3 nafar maktab direktori esa yaqinda Dubayga sayohatda bo‘lib qaytishdi. 


Buxoro viloyati xalq ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati










Report Page