buxvxtb.uz
RESPUBLIKA TANLOVI GʻOLIBI BO‘LGAN BUXOROLIK O‘QITUVCHIGA XALQ TA’LIMI VAZIRLIGINING SOVGʻALARI TOPSHIRILDI

Xabaringiz bor, joriy yilning 26- yanvar kuni Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ingliz yozuvchisi Jozef Redyard Kiplingning “«If/Yesli» (Zapoved)” asarini o‘zbek tiliga tarjima qilish bo‘yicha tanlov e’lon qilingan edi.

Ushbu tanlovga jami 840 ta tarjimalar kelib tushib, shundan saralab olingan 257 ta ijodiy ish hakamlar Hay’atiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etildi.
Hakamlar Hay’atining xulosasiga ko‘ra, Buxoro viloyati Gʻijduvon tumani 63-IDUMning ingliz tili fani o‘qituvchisi Gulhayo Ortiqova g‘olib deb topildi.
19 -fevral kuni Buxoro viloyati xalq ta’limi boshqarmasida tanlov g‘olibiga xalq ta’limi vazirining sovg‘asi- noutbuk topshirildi. Boshqarma boshlig‘i Dilfuza Mustafayeva muallimani yutuq bilan samimiy tabriklar ekan, bundan-da yuksak marralarni qo‘lga kiritishiga ishonch bildirdi.

Gʻolibning ijodiy ishinini e’tiboringizga havola etamiz:
Agar sen boshingni baland tutolsang,
O‘zgalar ta’naga ko‘mishganda ham.
Haqligingga doim o‘zing ishonsang,
Do‘st-u yoronlaring shubha qilsa ham.
Rohatga yetmoqchun faqat sabr qil,
Yolg‘on so‘zlamagin, aldashganda ham.
Nafratdan yonsang-da, zahring sochmagil,
Kamolot yo‘lida faqat kamtar bo‘l.
Xayol osmonida ko‘p ham uchmagin,
O‘ylaring qalbingga hokim bo‘lmasin.
Gʻolibmi, mag‘lubmi, ne bo‘lganda ham,
Faqat o‘zligingni hech unutmagin.
Sening haqiqating razil odamlar,
Ezib yanchishsa ham bardosh berolgin.
Hayoting baxsh yetgan aziz rishtalar,
Barbod bo‘lganda ham qayta qurolgin.
Yutuqlar, zafarlar, orzu-umidlar,
Ko‘z ochib yumguncha ko‘kka uchsa ham,
Chekinma, bo‘ysunma, kurashdan tolma,
Yengildim, bo‘ldi bas, deya tan berma.
Hayot oq-qorasin ajrata olgin,
Aqling-u qalbingga bo‘lolgin hokim.
Gar chorasiz qolib najot izlasang,
Olg‘a bor deguvchi qalb so‘zga ishon.
Odamlardan o‘rgan-u, o‘zliging saqla,
Nopokliklar ichra pok qalbing saqla.
Qadringni bil, angla izzat hurmating,
Faqat tosh tarozi me’yorni saqla!
Umr o‘tkinchidir, bir ortingga boq,
O‘tgan har oningni qilgin sarhisob.
Chin insonlik tojin kiyaman desang,
Nasihatim qilgin qo‘lingga mayoq!
Buxoro viloyati xalq ta'limi boshqarmasi Axborot xizmati