buxvxtb.uz

buxvxtb.uz


#zamonamiz_qahramonlari

MEHNATI MUNOSIB QADR TOPIB, MING DOLLARDAN ORTIQ MAOSH OLAYOTGAN BUXOROLIK ODDIY MAKTAB O‘QITUVCHISI 

Gʻijduvon tumanidagi 5-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining matematika fani o‘qituvchisi Hoshim Raximov ilg‘or tajribaga ega salohiyatli pedagog sifatida viloyatda o‘z o‘rniga ega.

Qariyb 38 yillik pedagogik faoliyatga ega bo‘lgan fidoyi ustoz hamisha zamon bilan baqamti bo‘lib, o‘z ustida tinimsiz izlanib kelmoqda. 

O‘quvchilarining respublika va Xalqaro fan olimpiadalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelayotganligi, uning muallifligida 21 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma va 30 dan ziyod elektron dars ishlanmalarining yaratilganligi ana shu izlanishlarning samarali mahsulidir. 

2012-2014 yillarda uning muallifligida yaratilgan «Noma’lum modul belgisi ostida qatnashgan tenglama va tengsizliklarni yechish usullari», «Kvadrat tenglamalarni yechishning o‘ziga xos xususiyatlari», «Matematika fanidan murakkab mavzular uchun ko‘rgazmali vositalar yaratish» mavzularidagi o‘quv-uslubiy qo‘llanmalari viloyat miqyosida ommalashtirilgan.

Aytish joizki, faoliyatining oxirgi 2 yili muallim uchun nihoyatda samarali kechdi.   2020- yilda iqtidorli o‘quvchilaridan biri – Diyorbek Tolibov Qozog‘istonda o‘tkazilgan Xalqaro Jautikov olimpiadasida ishtirok etib, bronza medalini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2021- yil oltin medal sohibiga aylandi. Shu yili u Rossiyaning Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan 62-xalqaro matematika olimpiadasida hamda Kavkaz xalqaro olimpiadasida kumush medallariga sazovor bo‘ldi. 

Mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilib kelayotgan iqtidorli o‘quvchining muvaffaqiyatida alohida xizmatlari singgan ustoz O‘zbekiston respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq, to‘g‘ridan-to‘g‘ri oliy malaka toifasiga ega bo‘ldi.

2020- yilda “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan bir guruh o‘qituvchilar qatorida Hoshim domla ham “Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlandi. 2021- yilda esa “O‘zbekistn Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. 

-Mehnatining munosib qadrlanishi, e’zoz topishi, e’tirof etilishi kishining o‘ziga bo‘lgan ishionchini kuchaytiradi, unga yangicha kuch-g‘ayrat baxsh etadi,-deydi Hoshim Raximov. –Mamlakatimizda o‘qituvchilar nufuzini oshirish, ular mehnatini munosib rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani men singari oddiy maktab o‘qituvchilarining faoliyatini yana kuchaytirdi. Bir paytlari maosh kamligi tufayli kasbini tark etgan erkak o‘qituvchilar ham maktablarga qayta boshlashdi. O‘zim ham ancha yillar arzimagan moyana evaziga qiynalib ishlaganman. Bugun esa ming dollardan oshiqroq maosh olyapman. Ro‘zg‘oring but, ko‘ngling xotirjam, faoliyatingga xalal beradigan tashvishlardan xoli bo‘lsanggina ishingda unum bo‘ladi, albatta. Men shu ozod va obod Vatanning ertasi uchun xizmat qilayotgan va mehnatidan e’zozu e’tibor topayotgan muallimi ekanligimdan faxrlanaman.


Buxoro viloyati xalq ta'limi boshqarmasi Axborot xizmati

Report Page