buxoro vxtb. uz
Бухоро вилояти халқ таълими бошқармаси#hamkasbingiz_tajribasidan
TARIX DARSLARIDA “KELING TANISHAMIZ” TEXNOLOGIYASI

“Keling tanishamiz” texnologiyasi orqali o‘quvchilarning o‘tilgan mavzuni, mavzu bo‘yicha tayanch tushunchalarni o‘zlashtirganlik darajasini aniqlash mumkin. Shuningdek, bunda o’quvchilar o‘z bilimlarini erkin bayon etish, bilim darajalarini baholay olish, onlayn o‘qish, tengdoshlarining fikriga hurmat bilan qarash ko’nikmalariga ega bo’ladilar.
“Keling tanishamiz” texnologiyasini qo’llash jarayonida oldindan tayyorlangan buyuk siymolar surati, sulolar nomi, biror tarixiy obidalar rasmi o‘quvchilarga tarqatiladi. O‘quvchilar rasmdagi shaxs, obida yoki sulola haqidagi savollarga javob yozib, taqdimot qiladi. Rasmni to‘g‘ri topgan va to‘g‘ri ma’lumot yozgan o‘quvchi 5 balni qo‘lga kiritadi.
Onlayn o‘qiydiganlar uchun savollar sinfning telegram guruhiga tashlanadi, o‘quvchilar javobni maxsus botga jo‘natadi.
Mazkur texnologiyani o‘tilgan mavzuni mustahkamlash, takrorlash darslarida, loyiha darslarida qo‘llash tavsiya etiladi.
Texnologiyaning 7-sinf "O‘zbekiston tarixi" darsligidan o’rin olgan “Movarounnahr va Xorazmning madaniy hayoti” mavzusi misolida quyidagicha qo’llash mumkin:
Dastlab mavzuda berilgan allomalar haqida savollar tayyorlanib, buyuk allomalarning suratlari tushirilgan varaqqa yoziladi. Oflayn o‘qiydigan o‘quvchilarning har biri uchun alohida savol varaqalari tayyorlanadi. Onlayn o‘qiydiganlar uchun sinfning telegram guruhida savollar e’lon qilinadi. Masalan:
1.Quyida berilgan allomaning ism sharifi, yashagan yilini yozing.

(Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy, 783-850 yil)
2.Uning qalamiga mansub asarlar?
(“Al-jabr val-muqobala”)
3.Fanga kiritgan yangiligi? (hind raqamlariga asoslangan o’nlik hisoblash tizimini yaratdi)
“Keling tanishamiz” texnologiyasini qo‘llash orqali o‘quvchilarga voqea va jarayonlarni tarixiy davr nuqtai nazaridan tahlil qilish o‘rgatiladi. Bu o‘yinni sulolalar misolida tashkil qilish davlatlarning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, madaniy jarayonlari haqida ma’lumot bera olish qobiliyatini rivojlantirishga xizmat qiladi._Me’moriy obidalar misolida tashkil qilish orqali o‘quvchilarda madaniy-ma’naviy merosga hurmat, milliy an’analarimizga sodiqlik hissini tarbiyalaydi.
“Keling tanishamiz” texnologiyasidan foydalanish natijasida erishiladigan yutuqlar:
1.O‘quvchilarning tarixiy bilim, ko‘nikma, malaka va kompetensiyalari DTS talablariga muvofiqligi ta’minlanadi.
2.“Keling tanishamiz” texnologiyasidan foydalanish jarayonida o‘quvchilarning tarix faniga nisbatan qiziqishi, ajdodlar merosiga nisbatan hurmati yanada ortadi,
3.O‘quvchilar faqatgina darslikka bog‘lanib qolmay, fanga oid boshqa manbalar bilan ishlashga, yangi ma’lumotlar izlab topishga intiladilar.
Onlayn darslarda “Keling tanishamiz” texnologiyasini qo‘llashning afzalliklari: _Har bir o‘quvchi bilan alohida ishlash imkoni bo‘ladi;
_Javoblarni bot orqali qabul qilish yakka tartibda baholashni osonlashtiradi;
_O‘quvchilarda AKT savodxonligini oshirishga xizmat qiladi;
Tarix fani o‘qituvchisi sifatida “Keling tanishamiz” texnologiyasini bir necha oy davomida ham onlayn, ham oflayn darslarda qo‘llash orqali sezilarli natijalarga erishib kelmoqdaman. O‘quvchilarim turli onlayn olimpiadalarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Bu texnologiyani nafaqat tarix darslarida, balki hamkasblarim geografiya, biologiya, kimyo darslarida ham qo‘llab yaxshi natijalarga erishib kelmoqda.
Biz har qanday sharoitda farzandlarimizning ta’lim olishlari uchun qulay imkoniyatlar yarata olishimiz kerak. Zero, yosh avlod kelajagi, ularning tarbiyasi uchun fidoiy ustozlar, izlanuvchan pedagoglar mas’uldir.
Nafisa Ibragimova, G‘ijduvon tumanidagi 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabining oliy toifali tarix fani o‘qituvchisi