...bizga siz oʻqigan zerikarli va foydasiz taʼlimni oʻzgartirishga yordam bering. Hech boʻlmasa, xalaqit qilmang!

...bizga siz oʻqigan zerikarli va foydasiz taʼlimni oʻzgartirishga yordam bering. Hech boʻlmasa, xalaqit qilmang!

Shuhrat Sattorov
Brifingdan chiqsam, Navoiy 30 kiraverishida bir guruh geografiya fani ustozlari meni kutib turishgan ekan. 3-5 yillik ish tajribasiga ega, aksari yosh yigitlar. Birovlari uzoq viloyatdan kelishibdi. Kimdir ularga sizlarga kirishni taqiqlashdi, debdi. Eshitib bir oz xijolat boʻldim, gʻashlandim. Ustozlarni olib, Respublika taʼlim markaziga keldik. Geografiya fani bilan bogʻliq oʻzgarish va muammolarni ochiqchasiga gaplashdik. Ular fan taqdiridan xavotirda ekanliklarini bildirishdi. Men esa birgalikda jamoa boʻlib fanning jozibadorligini oshirish yoʻlida bizning ekspertlarimiz boʻlishni taklif qildim. Ularni qiynayotgan masalalarni birgalashib hal qiladigan boʻldik.

Geografiya fanidagi mavzular soni Milliy oʻquv dasturida avvalgisiga qaraganda 96 taga koʻpaygan. Dasturda endi geografiyaga oid jami 387 ta mavzu oʻqitiladi. Biz bu fanni yoʻq qilmoqchi emasmiz. Ammo muammoning ildizi boshqa yerda.Qachonlardir maktab taʼlimi uchun fanlar soatlari taqsimlanganida, “pirog” taxminlar va ichki sezgi asosida boʻlingan. Bunda na bir tadqiqot yoki tajribaga asoslanilgan emas. Undan keyin esa turli idora va qarorlar aralashuvi bilan kerak-kerakmas fanlar “tugʻila boshladi”. Fanlar koʻpaydi, takror va nafsiz mavzular koʻpaydi. Bundan ayrimlar manfaatdor ham boʻlishgan. “Ochko toʻplash”, hujjatlarni “yopish” ortidan maktab bilan birga, butun boshli 3 avlod qurbon boʻlayotgani hech kimni qiziqtirmagan. Ustiga- ustak eskicha metodika, 50 yillik yondashuv va kontent yangi avlod uchun bamisoli jazo edi.


Maktab tobora zerikarli makonga aylandi, bolalar undan tom maʼnoda zerika boshlashgan edi. Ammo azbaroyi diplom orzusi ular dalil va raqamlarni yod olishar, hayotda esa oʻrganganlarini ishlatishmaydi. Ana shunday bir paytda Xalq taʼlimi vazirligi oldiga Shavkat Mirziyoyev jozibador taʼlimni yaratish, dastur, darsliklar va metodikani yangilash vazifasini qoʻydi. Oldimizda standartlarni yangilash, dastur mavzularini zamonaviylashtirish va tartiblash, fanlarni va 11 yillik oʻquv yuklamasini kamaytirish vazifasi qoʻyildi. Maqsad yoʻlida deyarli yarim ming nafar inson jipslashdi. Ularning aksariyati oʻqituvchilar — eng yaxshi, eng fidoyilari.

Bizdan yangilik kutishgani uchun jahonning eng yaxshi tajribalari asosida dastur va darsliklar tayyorlanmoqda, oʻzgarishlar qilinmoqda. Ular ehtimol sizga hozir sezilmayotgandir, ammo taʼlimda bu uchun kamida 5-6 yil kerak. Mavzular tartiblanganda va tahrirlanganda, ayrim fan soatlarida oʻzgarishlar boʻldi. Soat — oʻqituvchilarning nozik nuqtasi. Chunki uning rizq-roʻzi soatda, uyining barakasi — soatda. Sanoqli davlatlar qatorida Oʻzbekiston ham oʻqituvchilarga dars soatiga qarab oylik toʻlaydi. Yillar davomida soatlar ketidan, raqamlar ketidan chopdik, sifat oʻz holicha tashlab qoʻyildi. Bugun anglayapmanki, oʻqituvchilar oyligi soat bilan bogʻlanar ekan, oʻzbekistonlik oʻquvchilarni keraksiz fanlardan, ogʻir oʻquv yuklamasidan xalos qila olmaymiz.

Hayotimdagi eng katta muvaffaqiyat haqida soʻrashsa, hech ikkilanmay, “fidoyi, bilimdon ustozlarga duch kelganim — katta omadim”, degan boʻlar edim.

Maktab jozibador boʻlishi uchun oʻquvchilarga hayotdan xursand ustozlar kerak. Aynan ular farzandlarimizda baxtlilik hissini, ertangi kunga ishonchni uygʻota olishadi. Bugun islohotlarni notoʻgʻri talqin qilayotganlarga shuni aytmoqchimanki, bugun biz oʻzgarishlar qilayotgan maktablarda oʻzimizning ham farzandlarimiz oʻqiydi. Shu sababli har qanday qaror ortida shaxsiy hushyorlik ham turadi. Bugungi oʻzgarishlar oʻquvchilarimizga kechagidan yuz chandon foydali ekaniga ishonchim toʻliq komil. Farzandingiz siz kabi hayotdan xafa, omadsiz boʻlib ulgʻayishini istamasangiz, bizga siz oʻqigan zerikarli va foydasiz taʼlimni oʻzgartirishga yordam bering. Hech boʻlmasa, xalaqit qilmang!


Respublika ta'lim markazi direktori Shuhrat Sattorov


Report Page