Guliston tuman adliya bo'limining yangi binosi foydalanishga topshirildi

Guliston tuman adliya bo'limining yangi binosi foydalanishga topshirildi

@adliya

Inson qadrini ulug‘lash mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning asosiy mezonidir. Prezidentimiz tashabbusi bilan aholiga professional davlat va huquqiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi tubdan isloh qilinib, fuqarolarga yengilliklar yaratilmoqda. 

Bugungi kunda davlat xizmatlari markazlari orqali aholiga 400 turdan ortiq xizmatlar ko‘rsatilayotgan bo‘lsa, yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tomonidan 19 ta davlat tashkilotlari yuridik xizmat ko‘rsatilmoqda, shuningdek, umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, ko‘p tarmoqli markaziy va oilaviy poliklinikalar ham to‘liq qamrab olindi. Adliya organlari esa yagona davlat huquqiy siyosatini yuritish, huquq ijodkorligi faoliyatini muvofiqlashtirish va samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu tuzilmalar yagona tizimga birlashtirilib, bir tom ostida faoliyat yuritib kelmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32 yilligi arafasida Guliston tuman adliya bo‘limining yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Tadbir Yashil makon umummilliy loyihasi doirasidagi xayrli tadbir bilan boshlanib, adliya bo‘limiga manzarali ko‘chat o‘tqazildi.

Ochilish marosimida bayram oldidan inshootni foydalanishga topshirilishining ahamiyati, mamlakatimizda davlat va huquqiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.

Tadbirda ishtirokchilar milliy va zamonaviy me’morchilik an’analari uyg‘unligida bunyod etilgan adliya binosida yaratilgan qulaylik, shart-sharoitlar bilan tanishdilar. 

Yangi binoda adliya bo‘limi, yuridik xizmat ko‘rsatish markazi, FHDY bo‘limi va davlat xizmatlari markazining bir joyda bo‘lishi hudud aholisiga yanada qulaylik yaratadi.

Mazkur bino qurilishida Yagona buyurtmachi xizmati DUK Sirdaryo filiali buyurtmachi vazifasini bajardi, qurilish ishlari shaffof tender natijalariga ko‘ra g‘olib bo‘lgan “Servis texnologiya stabilnost” MChJ tomonidan amalga oshirildi. Obyektning umumiy qiymati 2 868 299 603 so‘mni tashkil qiladi.

Tuman markazida zamonaviy va milliy shaharsozlik normalariga muvofiq qad rostlagan ushbu inshootda fuqarolar va tadbirkorlar uchun har tomonlama qulay sharoitlar yaratilgan bo‘lib, tezkor, shaffof, sifatli davlat xizmatlari va huquqiy yordam ko‘rsatiladi.

Yangi binoda murojaatchilarga bir vaqtning o‘zida 8 ta xizmat ko‘rsatish oynasida 400 dan ortiq davlat xizmati ko‘rsatiladi. Elektron navbat tizimi, axborot kioskasi, elektron xizmatlardan mustaqil foydalanish hamda mini-kutubxona ham tashkil qilinib, maxsus adabiyotlar bilan boyitilgan, Wi-Fi hudud esa aholi uchun yana bir qulaylikdir.  

Ayniqsa, bu yerga farzandlari bilan tashrif buyurgan ota-onalar uchun yorqin ranglarda jihozlangan bolalar maydonchasi kichkintoylarning vaqtlarini mazmunli o‘tishiga yordam beradi. Xizmat ko‘rsatish zalida har qanday faslda xona haroratini moʻtadil saqlab turish ham alohida e’tiborga olingan. Shuningdek, «Madad» NNT orqali aholining turli qatlamlariga huquqiy yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.

Bosh qomusimiz – Konstitutsiyamizning 32 yilligi oldidan foydalanishga topshirilayotgan ushbu zamonaviy inshoot matonatli xalqimizga qadrli bo‘lishiga hech shubha yo‘q.

Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Axborot xizmati


Report Page