Adliya tadbirkor manfaatini sudda himoya qildi
@adliyaShartnoma ikki yoki bir necha shaxsning fuqarolik huquqlari va burchlarini vujudga keltirish, o‘zgartirish yoki bekor qilish haqidagi kelishuvdir.
Shubhasiz, bugungi kunda shartnomalarga alohida ahamiyat berilmoqda. Chunki shartnomalarda boshqa yuridik faktlarga qaraganda, taraflarning erki-irodasi to‘la ifodalanadi. Shartnomaga kirishuvchi shaxslar kim bilan, qancha, qachon shartnoma tuzishni, u tufayli yetkazib berilishi lozim bo‘lgan pul, tovar, ashyolarni qaysi muddatlarda, qanday transportlarda yetkazilishini, to‘lov amaldagi qanday shakllarda bo‘lishini mutlaqo o‘zlari, mustaqil hal qiladilar.
Biroq, shartnomaviy munosabatlarda taraflar tomonidan majburiyatlarni bajarmaslik holatlari ham afsuski, uchrab turibdi.
Yangiyer shahar adliya bo‘limiga kelib tushgan murojaat ayni shartnomaviy munosabatlar bilan bog‘liq.
Gap shundaki, Yangiyer shahrida faoliyat yurituvchi “Trans imkon servis” MCHJ rahbari “O‘zyo‘lko‘prik” klasterining Sirdaryo filiali davlat muassasasidan norozi, boisi hamkorlik uchun imzolangan shartnoma majburiyatlari bajarilmagan. Mazkur murojaat qonunchilik talablari asosida o'rganildi.
Aniqlanishicha, taraflar o‘rtasida transport va mexanizm xizmati ko‘rsatish, ijara shartnomasi, transport va mexanizm xizmati ko‘rsatish va avtotransport vositasini ijaraga berish bo‘yicha qator shartnomalar tuzilgan hamda ushbu shartnomalarga asosan “Trans imkon servis” MCHJ tomonidan xizmatlar belgilangan muddat va shartlarda bajarilgan, biroq “O‘zyo‘lko‘prik” klasterining Sirdaryo filiali tomonidan shartnoma majburiyatlari to‘liq bajarilmasdan, o‘tgan davrda 207 272 090 so‘m qarzdorlik vujudga kelgan.
Tadbirkor qarzdorlikni so‘ndirish bo‘yicha muassasa ma’muriyatiga og‘zaki va yozma ravishda bir necha marotaba murojaat qilgan hamda talabnoma yuborgan bo‘lishiga qaramasdan amaliy natija bo‘lmagan.
Shuningdek, 207 272 090 so‘mlik qarzdorlik masalasida solishtirma dalolatnoma ham imzolangan.
Achinarlisi, mazkur qarzdorlikni to‘lanmasdan kelinayotgani oqibatida tadbirkor moddiy zarar ko‘rgan hamda ishchi xodimlariga o‘z vaqtida ish haqi to‘lash imkoniyati bo‘lmagan, boz ustiga soliq majburiyatlarini bajarishda ham muammolar yuzaga kelgan.
“Xo‘jalik yurituvchi subyektlarning shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasida shartnoma taraflari tuzilgan xo‘jalik shartnomalari bo‘yicha zimmalariga olgan majburiyatlarni o‘z vaqtida va tegishli tartibda bajarishlari shart ekanligi ko‘rsatilgan.
Shuningdek, ushbu qonunining 32-moddasiga asosan yetkazib berilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) haqini o‘z vaqtida to‘lamaganlik uchun sotib oluvchi (buyurtmachi) yetkazib beruvchiga o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun kechiktirilgan to‘lov summasining 0,4 foizi miqdorida, ammo kechiktirilgan to‘lov summasining 50 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorida penya to‘laydi.
Yuqoridagilarga asosan, adliya bo‘limi tomonidan “Trans imkon servis” MCHJ manfaatida Guliston tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritildi.
Qayd etilganlarga asoslanib, mazkur da’vo arizasi qisman qanoatlantirildi. Sudning hal qiluv qarori bilan “O‘zyo‘lko‘prik” klasterining Sirdaryo filiali davlat muassasasi hisobidan “Trans imkon servis” MCHJ foydasiga 77 272 090 so‘m asosiy qarz va 15 000 000 so‘m penya, shuningdek Respublika byudjetiga 2 318 162,7 so‘m miqdorida davlat boji undirilishi belgilandi.
Hayitboy Sayitov,
Yangiyer shahar adliya bo'limi boshlig'i