Intellektual mulk – taraqqiyot va ijod erkinligining kafolati
@adliyaSirdaryo viloyat adliya boshqarmasida Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi mas’ul xodimlari tomonidan “Intellektual mulk - taraqqiyot va ijod erkinligining kafolati” mavzusida seminar o‘tkazildi. Tadbirda intellektual mulkning mohiyati, uning turlari hamda huquqiy muhofazasi masalalari atroflicha muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 53-moddasida har bir fuqaroning ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi, shuningdek, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi. Mazkur modda bilan bir qatorda, intellektual mulkning qonun bilan muhofaza qilinishi ham qat’iy belgilangan.
Seminarda intellektual mulk tushunchasi, uning mazmun-mohiyati va asosiy turlari - ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, tovar belgisi hamda geografik ko‘rsatkichlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, tadbir davomida tadbirkorlarning mazkur yo‘nalishdagi murojaatlari ko‘rib chiqildi, ixtiro va tovar belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Seminarda viloyatning turli tumanlaridan kelgan tadbirkorlar faol ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Axborot xizmati