Adliya aralashuvi bilan tadbirkor manfaatlari tiklandi
@adliyaTadbirkorlik subyektlari huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida adliya organlari tomonidan olib borilayotgan ishlar natijasida yana bir muammo ijobiy hal etildi.
“Sumayya hamkor servis” MCHJ va “O‘zyo‘lko‘prik klasteri Sirdaryo filiali” davlat muassasasi o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan, MChJga tegishli bo‘lgan diametri 1480 mm bo‘lgan 4 dona, 11 metrlik temir trubalar (umumiy qiymati 119 606 182 so‘m) 2024-yil 31-dekabrga qadar vaqtinchalik saqlash uchun “O‘zyo‘lko‘prik klasteri”ga topshirilgan edi.
Biroq belgilangan muddat o‘tgan bo‘lsa-da, davlat muassasasi shartnoma majburiyatlarini bajarmay, trubalarni MChJga qaytarmagan. Shu bois tadbirkor mazkur holat bo‘yicha Mirzaobod tuman adliya bo‘limiga murojaat qilib, vaqtinchalik saqlash uchun berilgan trubalarni qaytarishda amaliy yordam so‘ragan.
O‘rganishlar davomida arizada bayon etilgan holat o‘z tasdig‘ini topdi. Aniqlanishicha, “O‘zyo‘lko‘prik klasteri Sirdaryo filiali” mazkur trubalardan foydalanib kelayotgani, natijada ularning texnik holati yomonlashib borayotgani ma’lum bo‘lgan.
“Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi Qonunning 7-moddasiga muvofiq, shartnoma taraflari tuzilgan xo‘jalik shartnomalari bo‘yicha zimmalariga olgan majburiyatlarni o‘z vaqtida va to‘liq bajarishlari shart. Shuningdek, 13-moddaga ko‘ra, xo‘jalik shartnomasi tuzilgan paytdan boshlab kuchga kiradi va taraflar uchun majburiy hisoblanadi.
Mazkur huquqiy asoslardan kelib chiqib, Mirzaobod tuman adliya bo‘limi tomonidan tadbirkor manfaatida Guliston tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritildi.
Sud tomonidan ish har tomonlama ko‘rib chiqilib, “O‘zyo‘lko‘prik klasteri Sirdaryo filiali” zimmasiga MChJga tegishli temir trubalarni holaticha yetkazib berish majburiyati yuklatildi.
Adliya aralashuvi bilan tadbirkorning huquqlari tiklandi, shartnoma intizomi ta’minlandi hamda tadbirkorlik subyekti manfaatlari qonuniy himoya qilindi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Axborot xizmati