AKT xodimiga ustama pullari to‘lab berildi
@adliya
Yangiyer shahar adliya boʻlimi tomonidan fuqaro Boburjon Ismatulloyevning yozma murojaati O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni talablari bo‘yicha o‘rganib chiqildi.
Bayon qilinishicha, B.Ismatulloyev 2023-yil 16-martdan Yangiyer shahar axborot-kutubxona markazi direktorining tegishli buyrug‘i bilan AKT xodimi lavozimiga ishga qabul qilingan. Biroq, unga to‘lanishi lozim bo‘lgan ustama pullari to‘lab berilmagan.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan davlat organlari va boshqa byudjet tashkilotlarining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini joriy qilish va rivojlantirishga mas’ul bo‘lgan xodimlariga beriladigan har oylik ustama miqdori davlat byudjetidan, davlat byudjetidan ajratilmagan bo‘lsa, ushbu tashkilotning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan xodimning lavozim maoshidan 100 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda to‘lanishi belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi PF-76-son “Ma’muriy islohotlar doirasida raqamli texnologiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoninig 6-bandiga muvofiq 2023-yil 1-avgustdan boshlab axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan davlat organlari va boshqa budjet tashkilotlarining axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish uchun mas’ul xodimlariga o‘rnatilgan ustamalarga qo‘shimcha ravishda tashkilotlarning budjetdan tashqari va ish haqi fondi doirasidagi budjet mablag‘lari hisobidan lavozim maoshiga nisbatan 20 foiz miqdorda ustama to‘lanishi qayd etilgan.
O‘rganish davomida B.Ismatulloyev 2024-yil 9-aprelda attestatsiyadan o‘tib, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida xalqaro sertifikat olgan bo‘lsada, Yangiyer shahar axborot-kutubxona markazi tomonidan yuqoridagi qaror va farmon talablari bajarilmay, xodimga ustama to‘lovlari to‘lab berilmagani ma’lum bo‘ldi.
Yuqoridagilarga asosan Yangiyer shahar adliya bo‘limi tomonidan fuqaro B.Ismatulloyev manfaatida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi.
Natijada, sudning hal qiluv qarori bilan Yangiyer shahar axborot-kutubxona markazi hisobidan fuqaro Ismatulloyev Boburjon Muhammad o‘g‘lining foydasiga 13 818 125 (o‘n uch million sakkiz yuz o‘n sakkiz ming bir yuzi yigirma besh) soʻm miqdorida ish haqi va ustama pullari undirilishi belgilandi.
Hayitboy Sayitov,
Yangiyer shahar adliya bo‘limi boshlig‘i