Adliya boshqarmasi boshlig'ining sayyor qabulida aholining, xususan nogironligi bo‘lgan fuqarolarning muammolari o'rganildi
@adliya
Sayyor qabullar aholi murojaatlari bilan ishlash, ularni qiynab kelayotgan muammolarni aniqlash va bartaraf etishda samarali muxanizm.
Negaki, fuqaro ariza yoki shikoyat bilan murojaat qilmasa, bu unda umuman muammo yo‘q, degani emas. Ayniqsa, dardu-tashvishi qiynab turgan bo‘lsa-da, sabr-qanoat bilan qiyinchiliklarni yengib kelayotgan, bu haqda mahalla-ko‘y, mutasaddi idora va tashkilotlarga murojaat qilishni o‘ziga ep ko‘rmaydiganlar ham bor. Shu bois sayyor qabullar xalq bilan faol muloqot qilishda muhim omil bo‘lmoqda.

Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i S.Sattarovning Boyovut tumani "S.Ayniy" mahallasida o‘tkazgan sayyor qabulida ham aholi, xususan nogironligi bo‘lgan fuqarolarning muammolari o‘rganildi.
“Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish” doirasida tashkil etilgan mazkur tadbir avvalida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartiblari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi. Shundan so‘ng fuqarolar muammolarini o‘rganishga kirishildi.

M. Shoyoqubovning 2 nafar farzandi tug‘ma nogiron. Turmush o‘rtog‘i farzandlarlar parvarishi bilan band, oila ayni paytda ijtimoiy ko‘makka muhtoj.
Hududga adliya mas’ullarining kelishi M.Shoyoqubov uchun ayni muddao bo‘ldi. Fuqaroga nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularga g‘amxo‘rlik qiluvchi fuqarolar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlar haqida to‘liq tushuntirish berildi.

A.Jo‘raboyevning farzandi ham 2-nogironi, hozir 16 yoshda. U tug‘ma nogironligi sabab tibbiyot muassasasida doimiy davolanib turadi, hozir sog‘ligida muammolar bor. Shu bois joriy yil dekabrda keladigan navbatini noyabr oyiga ko`chirishda amaliy yordam so`radi. Fuqaroning ushbu murojaati joyida ijobiy yechim topdi.

Sayyor qabulda subsidiya ajratish, shaxsini tasdiqlovchi hujjat olish, ish stajiga oid yo‘qolgan hujjatlarni tiklash, pensiya ta’minoti, moddiy yordam olish kabi masallarda 20 ga yaqin murojaatlar kelib tushdi. Shundan 5 ta murojaat joyida o‘z yechimini topdi, 6 tasiga zarur huquqiy tushuntirishlar berildi, 7 ta murojaat belgilangan tartibda kirim qilinib, ularning ko‘rib chiqilishi alohida nazoratga olindi.

Shuningdek, tadbir davomida 15 nafar fuqaroga bolani maktabgacha ta'lim tashkilotiga ro'yxatga qo'yish, elektron raqamli imzo olish, sanatoriyaga navbatga qo'yish bo'yicha sayyor davlat xizmatlari ko'rsatildi.
Qabul nafaqat aholi muammolarini o‘rganish, balki ishtirokchilarni qonunchilikdagi yangiliklardan xabardor qilish imkonini ham berdi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Axborot xizmati