Majburiyatini "unutgan" korxona qarz ustida penya to'laydigan bo'ldi
@adliya
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi tomonidan “Kompservis market” MCHJ rahbari D.Qurbonovning murojaati o‘rganib chiqildi.
Aniqlanishicha, “Kompservis market” MCHJ va Mirzaobod tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi o‘rtasida 2022-yil avgust oyida mahsulot yetkazib berish va xizmat ko‘rsatish to‘g‘risida shartnomalar imzolangan.
Unga ko‘ra, mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan buyurtmachiga 18 turdagi 10 155 000 so'mlik ofis jihozlari belgilangan muddatlarda yetkazib berildi, shuningdek 9 turdagi ofis texnikalariga 6 100 000 so‘mlik xizmatlar ko‘rsatildi.
Biroq, Mirzaobod tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi shartnoma shartlarini buzdi. Bajarilgan ishlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish paysalga solinib, majburiyatlar “unutildi”.
Bu esa ancha qimmatga tushdi, yuqorida ta’kidlangan shartnomalar yuzasidan jami qarzdorlik 16 255 000 so‘mni tashkil qildi.
O‘rganish davomida mazkur qarzdorlik taraflar o‘rtasida tasdiqlangan solishtirma dalolatnomasida ham o‘z tasdig‘ini topdi.
Taraflar o‘rtasida tuzilgan shartnomalarga asosan nizolarni muzokara yo‘li bilan hal qilib bo‘lmasa ular qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinishi belgilangan.
Shunga ko‘ra, “Kompservis market” MCHJ tomonidan Mirzaobod tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasiga bir necha bor og‘zaki va yozma ravishda qarzdorlikni to‘lashni so‘rab qilgan murojaatlariga korxona tomonidan javob berilmadi.
“Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 32-moddasiga asosan yetkazib berilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) haqini o‘z vaqtida to‘lamaganlik uchun sotib oluvchi (buyurtmachi) yetkazib beruvchiga o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun kechiktirilgan to‘lov summasining 0,4 foizi miqdorida, ammo kechiktirilgan to‘lov summasining 50 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorida penya to‘laydi.
Yuqoridagilarga asosan, adliya boshqarmasi tomonidan “Kompservis market” MCHJ manfaatida Guliston tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritildi.
Natijada mazkur da’vo arizasi qanoatlantirilib, sudning hal qiluv qarori bilan Mirzaobod tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi hisobidan “Kompservis market” MCHJ foydasiga 16 255 000 so‘m asosiy qarz va 1 200 000 so‘m miqdorida penya undirilishi belgilandi.
Javohir Komilov
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish va metodik ta’minlash shoʻbasi bosh maslahatchisi