Intellektual mulk huquqiy himoya va muhofaza qilinadi
@adliyaMamlakatimizda intellektual mulk sohasini rivojlantirish, muallif va boshqa huquq egalarining qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga alohida e’tibor berilmoqda.
Intellektual mulkni rag‘batlantirishga doir normalar Asosiy qonunimizdan ham o‘rin olgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 53-moddasida har kimga ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanib, intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinishi va davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishi haqida g‘amxo‘rlik qilishi qat’iy belgilab qo‘yilgan. Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasida tadbirkorlar va ishbilarmonlar, kontrafakt mahsulotlarga qarshi kurashuvch vakolatli organlar xodimlari ishtirokida tashkil etilgan seminarda ayni mavzu muhokamalar markazida bo'ldi.
Tadbirda Adliya vazirligi Intellektual mulk departamenti mas’ullari tomonidan o‘z brendiga ega bo‘lishning afzalliklari, intellektual mulk obyektlarini ro‘yxatga olish tartibi va intellektual mulk huquqini buzganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish maqsadida qabul qilingan qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyatini batafsil tushuntirildi.
Shuningdek, tadbirkorlar uchun intellektual mulk obyektlarini muhofaza va himoya qilish boʻyicha sayyor qabul oʻtkazilib, murojaatlar qabul qilindi.
Tadbir aholida intellektual mulk huquqiga nisbatan hurmat hissini kuchaytirish, kontrafakt mahsulotlarga nisbatan toqatsizlik kayfiyatini shakllantirishga qaratilganligi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Axborot xizmati