Fuqaro dekret puli to'liq to'lab berilmaganidan norozi bo'ldi

Fuqaro dekret puli to'liq to'lab berilmaganidan norozi bo'ldi

@adliya

Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi tomonidan fuqaro M. Maxmudovaning homiladorlik va tugʻruq taʼtil pullari kam toʻlanganligidan norozi boʻlib yoʻllagan murojaati oʻrganib chiqildi.

Aniqlanishicha, fuqaro M. Maxmudova 28.12.2023-yilda homiladorlik va tugʻruq taʼtiliga chiqqan va unga 24 290 120 soʻm miqdorida nafaqa hisoblangan boʻlsada, biroq 19 129 100 soʻm miqdoridagi nafaqa puli toʻlab berilgan.

Mazkur holat “Nurli maskan” maktab internati bosh hisobchisi L.Tursunovning tushuntirishi xatida ham oʻz tasdiqgʻini topdi.

Vaholanki, Davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha nafaqalar tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida Nizomning 46-bandiga muvofiq xodim yillik (asosiy va qoʻshimcha) taʻtilda va bolani parvarishlash uchun taʻtilda boʻlgan vaqtda homiladorlik va tugʻish boʻyicha taʻtil berilganda, nafaqa homiladorlik va tugʻish boʻyicha taʻtilning vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasida koʻrsatilgan barcha kunlari uchun beriladi. Bolani parvarishlash boʻyicha taʻtil davri uchun nafaqa tarif stavkasidan (lavozim maoshidan) va taʻtil boshlanishidan oldingi 12 oy mobaynida olingan mukofotlarning oʻrtacha oylik summasidan hisoblab chiqariladi. Bunda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi ochilgan kuniga boʻlgan tarif stavkasi joylarda belgilangan tuman koeffitsiyenti va ustamalarni hisobga olgan holda olinadi.

Shuningdek, Nizomning 52-bandi 2-qismi vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik yoki homiladorlik taʻtili boshlangan oydan oldingi 12 oy davrida olgan va sugʻurta badallari chegirilgan barcha mukofotlarning 1/12 qismi nafaqa hisoblab chiqariladigan oylik ish haqiga qoʻshilib, oʻrtacha oylik ish haqi miqdori aniqlanishi belgilangan.

Yuqorida qayd etilganlarga asosan adliya boshqarmasi tomonidan Sirdaryo viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi tasarrufidagi “Nurli maskan” maktab internatiga taqdimnoma kiritildi.

Natijada dekret pulini hisoblashda yo‘l qo‘yilgan xatolik bartaraf etildi. Adliya aralashuvi bilan yana bir qonunbuzilishining oldi olindi, homiladorlik va tugʻruq taʼtili uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan qoldiq summa - 5 161 000 so‘m miqdoridagi mablag' xodimga to‘liq to‘lab berilishi ta’minlandi.


Timur Karimov

Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Inson huquqlarini himoya qilish sho'basi boshlig'i

Report Page