Shartnoma majburiyatlari "unutildi"
@adliya“Mirob qurilish servis” masʼuliyati cheklangan jamiyati hamda Sirdaryo tuman yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi pudrat shartnomasi asosida huquqiy munosabatga kirishgan edi.
Shartnomaga muvofiq jamiyat tomonidan 826 447 296,84 so‘mlik ishlar bajarilgan. Sirdaryo tuman yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi esa bajarilgan ishlar uchun to‘lovni qisman amalga oshirgan, natijada 490 447 296,84 so‘mlik qarzdorlik vujudga kelgan.
Guliston shahar adliya bo‘limi tomonidan ushbu qarzdorlikni undrirish yuzasidan kelib tushgan murojaat o‘rganildi.
O‘rganish davomida qarzdorlik holati ishdagi shartnoma, solishtirish dalolatnomasi, hisob-faktura va boshqa hujjatlar bilan o‘z tasdig‘ini topdi.
FKning 673-moddasiga asosan buyurtmachi pudratchining bajargan ishi uchun smetada nazarda tutilgan miqdorda, qonun yoki qurilish pudrati shartnomasida belgilangan muddatda va tartibda haq to‘laydi.
FKning 236-moddasiga asosan majburiyatlar shartnoma shartlariga va qonun hujjatlari talablariga muvofiq, bunday shartlar va talablar bo‘lmaganida esa ish muomalasi odatlariga yoki odatda qo‘yiladigan boshqa talablarga muvofiq lozim darajad bajarilishi kerak.
Yuqoridagilarga asosan, Guliston shahar adliya bo‘limi tomonidan “Mirob qurilish servis” MCHJ manfaatida Sirdaryo tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritildi.
Qayd etilganlarga asoslanib, mazkur da’vo arizasi qanoatlantirildi, sudning hal qiluv qarori bilan Sirdaryo tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi hisobidan “Mirob qurilish servis” MCHJ foydasiga 490 447 296,84 so‘m asosiy qarz, shuningdek Respublika byudjetiga 9 808 945,93 so‘m miqdorida davlat boji undirilishi belgilandi.
Safarboy Tog‘ayev,
Guliston shahar adliya bo‘limi boshlig‘i