Olis hududda "Huquqiy targ'ibot kuni"

Olis hududda "Huquqiy targ'ibot kuni"

@adliya

Xovos tumanidagi “O‘zbekiston to‘kinchiligi” mahallasi tuman markazidan 30 km uzoqlikda joylashgan bo‘lib, mahalladagi 661 dan ziyod xonadonda 3840 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Mahalla aholisi asosan, dehqonchilik, chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Olis hudud aholisini bugun qanday huquqiy muammolar qiynayapti. Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Adxam Shayjigitov uyma-uy yurish orqali fuqarolar bilan suhbatlashib ularning huquqiy muammolarini o‘rgandi.

Yuzma-yuz muloqotlar davomida kadastr hujjatini rasmiylashtirish, ko‘chmas mulklarni o‘z nomiga qonuniy o‘tkazish kabi masalalarda muammolar aniqlandi.

Mahallada tashkil etilgan “Huquqiy targ‘ibot kuni”da uyma-uy yurish jarayonida aniqlangan huquqiy muammolar yechimiga e’tibor qaratilgan holda Prezident tomonidan “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi Qonun mazmun-mohiyati xususida atroflicha so‘z yuritildi.

Ta’kidlanganidek, huquqlarni e’tirof etish hududlar bo‘yicha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi, buning uchun Kadastr agentligi har yili reja-jadval tasdiqlaydi, unga asosan Kadastr agentligi Avtomatlashtirilgan axborot tizimini yaratib, unga barcha yerlar bo‘yicha 6 xil turdagi birlamchi ma’lumotlarni kiritadi. 10 ta vakolatli organ (hokimlik, qurilish, ekologiya, soliq, “O‘zbekkosmos” agentligi va boshqalar) har bir yer uchastkasi bo‘yicha o‘z vakolatidagi ma’lumotlarni tizimga kiritadi. To‘plangan hujjatlarning to‘liqligi va qonuniyligi adliya organlari tomonidan o‘rganib chiqiladi. Ijobiy xulosa qabul qilingan fuqarolarga Kadastr agentligi tomonidan xabarnoma yuboriladi. Xabarnoma asosida bir martalik to‘lovni amalga oshirganlarga har chorakda xalq deputatlari viloyat Kengashi qarori bilan huquqlar e’tirof etiladi.

Tadbir davomida qonun mazmun-mohiyati batafsil tushuntirilib, amnistiyaga tushgan yerlar, ijara huquqi tan olinganda yer uchastkasini berish tartibi, huquqni tan olish uchun asoslar haqida to‘xtalib o‘tildi.

Tadbir mobaynida fuqarolarning uy-joy, mulk huquqini e’tirof etish bilan bog‘liq murojaatlari tinglanib, zarur huquqiy tushuntirishlar berildi.


Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Axborot xizmati

Report Page