TADBIRKOR MANFAATLARI SUDDA HIMOYA QILINDI
@adliyaSayxunobod tumanidagi “Elektrqishloqqurilish” aksiyadorlik jamiyati hamda Sayxunobod tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi o‘rtasida 2023-yil 29-noyabrda “Yangi hayot” mahallasiga elektr uzatgich linayalariga elektr simlarini tortish va transformator o‘rnatish bo‘yicha pudrat shartnomasi imzolangan.
“Elektrqishloqqurilish” aksiyadorlik jamiyati tomonidan shartnomaga muvofiq ishlar to‘liq bajarilgan. Biroq, tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi tomonidan bajarilgan ishlar uchun 262.200.000 so‘m mablag‘ to‘lab berilgan xalos.
“Elektrqishloqqurilish” aksiyadorlik jamiyati rahbarining asosiy qarzdorlikni undirishda amaliy yordam so‘rab Sayxunobod tuman adliya bo‘limiga yo‘llagan murojaati o‘rganib chiqildi.
O‘rganish davomida shartnoma va qo‘shimcha kelishuvga ko‘ra, jamiyat tomonidan 760 708 800 so‘mlik ishlar bajarilganligi, kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi tomonidan esa shartnoma majburiyatlari buzilib, bajarilgan ishlar uchun to‘lov qisman amalga oshirilganligi aniqlandi hamda ushbu holat ishdagi shartnoma, solishtirish dalolatnomasi, hisob-faktura va boshqa hujjatlar bilan ham o‘z tasdig‘ini topdi.
FKning 673-moddasiga asosan buyurtmachi pudratchining bajargan ishi uchun smetada nazarda tutilgan miqdorda, qonun yoki qurilish pudrati shartnomasida belgilangan muddatda va tartibda haq to‘laydi.
FKning 236-moddasiga asosan majburiyatlar shartnoma shartlariga va qonun hujjatlari talablariga muvofiq, bunday shartlar va talablar bo‘lmaganida esa ish muomalasi odatlariga yoki odatda qo‘yiladigan boshqa talablarga muvofiq lozim darajada bajaralishi kerak.
FKning 244-moddasi 1-xatboshisida agar qonun hujjatlari yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, majburiyatni bajarishni kechiktirishga yoki uni bo‘lib-bo‘lib bajarishga yo‘l qo‘yilmasligi qayd etilgan.
Yuqoridagilarga asosan, Sayxunobod tuman adliya bo‘limi tomonidan tadbirkor manfaatida Iqtisodiy ishlar bo‘yicha Sirdaryo tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi.
Natijada sudning hal qiluv qarori bilan kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi hisobidan “Elektrqishloqqurilish” aksiyadorlik jamiyati foydasiga 498.508.799 so‘m asosiy qarzdorlik undirilishi belgilandi. Shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi Respublika budjetiga 9.970.175,98 so‘m davlat boji to‘laydigan bo‘ldi.
Baxtiyor Nazarov,
Sayxunobod tuman adliya bo'limi boshlig'i