29 nafar xodimga ishsizlik nafaqalari to‘lab berildi
@adliyaXovos tuman yuridik xizmat ko‘rsatish markazi tomonidan Xovos tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limida mehnat qonunchiligiga rioya etilishi holati o‘rganildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-noyabrdagi PQ–393-son qaroriga muvofiq, umumta’lim maktablarida faoliyat yuritgan Harbiy chaqiriqqacha tayyorgarlik rahbari lavozimi tugatilib, ushbu lavozimda ishlagan xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari belgilangan tartibda bekor qilingan.
O‘rganish jarayonida aniqlanishicha, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limida ishlagan 29 nafar Harbiy chaqiriqqacha boshlang‘ich tayyorgarlik (CHQBT) fani o‘qituvchilariga jami 89 383 849 so‘m miqdoridagi ishsizlik nafaqasi pullari to‘lab berilmagan.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasining “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunining 49-moddasiga muvofiq, mehnat shartnomasi bekor qilingan taqdirda, xodimga ish qidirish davrida o‘rtacha oylik ish haqi, ishdan bo‘shatish nafaqasi hisobga olingan holda, biroq ko‘pi bilan ikki oy davomida saqlab berilishi kafolatlanadi. Agar xodim mehnat shartnomasi bekor qilinganidan keyin 30 kalendar kun ichida mahalliy mehnat organida ish izlovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tsa, unga uchinchi oy uchun ham avvalgi ish joyidan o‘rtacha oylik ish haqi to‘lanishi lozim.
Mazkur qonun talablari asosida Xovos tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga tuman adliya bo‘limi tomonidan taqdimnoma kiritilib, ta’sir chorasi ko‘rildi. Natijada, 29 nafar CHQBT o‘qituvchisining mehnat huquqlari tiklanib, ularga jami 89 383 849 so‘m miqdoridagi ishsizlik nafaqalari to‘lab berilishi ta’minlandi.
Javohir Komilov, Xovos tuman yuridik xizmat ko'rsatish markazi boshlig'i