"Adliya kuni"da huquqiy muammolar o'rganildi
@adliya
Aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilish, ularning huquqiy muammolarini o'rganish maqsadida bugun adliya mas'ullari Boyovut tumanidagi "Ijodkor” mahallasida bo'lishdi. "Adliya kuni" tadbiri dastlab qonunchilikdagi yangiliklar targ'iboti bilan boshlandi. Unda nogironlikni belgilash, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga doir qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyati tushuntirildi.


Shundan so'ng viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o'rinbosari A.Shayjigitovning sayyor qabuli o'tkazilib, 20 ga yaqin fuqarolarning kadastr, ijara shartnomasi, mehnat munosabatlari, kommunal soha, davlat xizmatlaridan foydalanish, mulkiy huquqlarga oid murojaatlari tinglandi hamda huquqiy yechimlari tushuntirildi.


Shuningdek, aholiga davlat xizmatlaridan foydalanish tartibi hamda ulardan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va boshqa elektron resurslar orqali foydalanishning afzalliklari batafsil tushuntirilib, sayyor davlat xizmatlari ko'rsatildi.

Tadbir doirasida “mahalla yettiligi” bilan muloqot qilinib, aholining huquqiy muammolarini aniqlash va bartaraf etishga ko‘maklashish, joylarda aniqlangan muammolarning huquqiy yechimlariga qaratilgan manzilli huquqiy targ‘ibot tadbirlarini tashkil qilish yuzasidan kelishib olindi hamda faoliyatni samarali tashkil etish yuzasidan metodik tavsiyalar berildi.


Shu kuni uyma-uy yurish orqali fuqarolar bilan muloqot qilindi hamda aholining turmush tarzi, yashash sharoitlari bilan tanishildi. Uchrashuv davomida xonadon egalarining kundalik hayotida duch kelinayotgan muammolari o‘rganildi hamda yoshlar, ayollar, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlar, kommunal soha, mehnat qonunchiligi va boshqa masalalar yuzasidan zarur huquqiy tushuntirishlar berildi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Axborot xizmati