"Huquqiy targ'ibot kuni"da olis hudud aholisining huquqiy muammolari tinglandi

"Huquqiy targ'ibot kuni"da olis hudud aholisining huquqiy muammolari tinglandi

@adliya

Mamlakatimizda barcha sohalarda islohotlar jarayoni jadal davom etmoqda. Demak, qonunchilik takomillashib, yurtimiz o‘zgarishlar va yangilanishlarga yuz tutmoqda. Tabiiyki, bunda aholining huquqiy axborotga ehtiyoji oshib boraveradi. 

Aytish mumkinki, haftaning har chorshanba kuni o‘tkazib kelinayotgan “Huquqiy targ‘ibot kuni” tadbirlari aholining huquqiy savodxonligini oshirishga xizmat qilmoqda. 

Sardoba tumanidagi olis hududlardan biri - “Yangiqishloq” mahallasida tuman adliya bo‘limi, shu jumladan yuridik xizmat ko‘rsatish markazi, FHDY, davlat xizmatlari markazi tomonidan manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda manzilli huquqiy targ‘ibot tadbiri tashkil qilindi. Unda aholi uchun eng dolzarb masalalar aniqlanib, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari uchun imtiyozlar va moddiy yordam berish, nafaqa tayinlash, ishsizlikdan himoyalanish, vaqtinchalik ish bilan ta’minlash, ijtimoiy yordam olish tartibi bo‘yicha tizimli huquqiy tushuntirishlar berildi. 

Shundan so‘ng, Adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o'rinbosari A.Shayjigitovning sayyor qabuli o'tkazilib, 20 ga yaqin fuqarolarning ijtimoiy himoya, mehnat munosabatlari, tibbiyot, kommunal soha, davlat xizmatlaridan foydalanish, mulkiy huquqlarga oid murojaatlari tinglandi hamda huquqiy yechimlari tushuntirildi. 

Tadbir doirasida “mahalla yettiligi” bilan muloqot qilinib, aholining huquqiy muammolarini aniqlash va bartaraf etishga ko‘maklashish, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatilishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish lozimligi alohida qayd etildi. 

Shuningdek, aholining huquqiy muammolarini o‘rganishda hech bir xonadon, hech bir fuqaro e’tibordan chetda qolmasligi, joylarda aniqlangan muammolarning huquqiy yechimlariga qaratilgan manzilli huquqiy targ‘ibot tadbirlarini tashkil qilish aholi uchun eng dolzarb masalalarni aniqlash va uning huquqiy yechimiga ko‘maklashish yuzasidan kelishib olindi.

"Huquqiy targ'ibot kuni"da olis hudud aholisiga davlat xizmatlaridan foydalanish tartibi hamda ulardan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va boshqa elektron resurslar orqali foydalanishning afzalliklari batafsil tushuntirilib, sayyor davlat xizmatlari ko'rsatildi.


Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Axborot xizmati

Report Page