Tadbirkorning manfaatlari sudda himoya qilindi
@adliya
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi tomonidan “EASY TRANSPORT SOLUTION” mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari U.Maxsumovaning yozma murojaati o‘rganib chiqildi.
Bayon etilishicha, 2022-yilda “EASY TRANSPORT SOLUTION” MCHJ bildan Sirdaryo tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi o‘rtasida shartnoma tuzilgan bo‘lib, unga ko‘ra, “EASY TRANSPORT SOLUTION” MCHJ Sirdaryo tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasiga avtotransport vositalari va mashina mexanizmlarini avtomobil yo‘llarini qurish uchun ta’mirlab berish majburiyatini olgan hamda ushbu xizmatlar o‘z vaqtida ko‘rsatilgan.
Biroq, unitar korxona tomonidan shartnomaviy majburiyatlar lozim darajada bajarilmasdan, ko‘rsatilgan xizmatlar uchun xizmat haqi to‘lab berilmagan.
Ushbu marojaatni o‘rganish davomida taraflar o‘rtasida tuzilgan solishtirma dalolatnoma ham ko‘zdan kechirildi va natijada MCHJ tomonidan 160 777 262 so‘mlik ishlar bajarilgan bo‘lsada, Sirdaryo tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar haqi to‘lab berilmagani hamda qarzdorlikni so‘ndirish bo‘yicha yuborilgan talabnomalar ham ijrosiz va oqibatsiz qoldirilgani ma’lum bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 236-moddasiga muvofiq majburiyat majburiyat shartlariga va qonunchilik talablariga muvofiq, bunday shartlar va talablar bo‘lmaganida esa – ish muomalasi odatlariga yoki odatda qo‘yiladigan boshqa talablarga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerak.
Shuningdek, “Xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 32-moddasiga asosan yetkazib berilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) haqini o‘z vaqtida to‘lamaganlik uchun sotib oluvchi (buyurtmachi) yetkazib beruvchiga o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun kechiktirilgan to‘lov summasining 0,4 foizi miqdorida, ammo kechiktirilgan to‘lov summasining 50 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda penya to‘laydi.
Yuqoridagilarga asosan Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi tomonidan “EASY TRANSPORT SOLUTION” MCHJ manfaatida Sirdaryo tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritildi.
Natijada sudning hal qiluv qarori bilan Sirdaryo tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi hisobidan “EASY TRANSPORT SOLUTION” mas'uliyati cheklangan jamiyati foydasiga 160 777 262 so‘m asosiy qarz, 20 000 000 so‘m penya hamda respublika byudjetiga 4 656 109, 4 so‘m davlat boji undirilishi belgilandi.
Javohir Komilov,
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqni qo'llash amaliyotini o'rganish va metodik ta'minlash sho'basi bosh maslhatchisi