Guliston shahar Adliya bo‘limining yangi binosi foydalanishga topshirildi

Guliston shahar Adliya bo‘limining yangi binosi foydalanishga topshirildi

@adliya

Inson qadrini ulug‘lash, aholiga qulay, shaffof va sifatli davlat hamda huquqiy xizmatlar ko‘rsatish mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada joylarda zamonaviy infratuzilmalarni yaratish, aholiga xizmatlarni «yagona darcha» tamoyili asosida taqdim etish amaliyoti keng yo‘lga qo‘yilgan.

Guliston shahar adliya bo‘limi binosining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyat va shahar hokimligi vakillari, Adliya vazirligi mutasaddilari, jamoatchilik faollari hamda OAV vakillari ishtirok etdilar. Ochilish marosimida ushbu inshootni foydalanishga topshirilishining ahamiyati, unda yaratilgan shart-sharoitlar va aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati haqida ijobiy fikrlar bildirilib, mamlakatimizda davlat va huquqiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida alohida to‘xtalib o‘tildi. 

Ta’kidlanganidek, mazkur inshoot fuqarolar, tadbirkorlar hamda ijtimoiy soha vakillariga bir joyning o‘zida keng ko‘lamda huquqiy va davlat xizmatlarini taqdim etish imkonini beradi.

Binoda Guliston shahar Adliya bo‘limi, Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi, Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limi, Davlat xizmatlari markazi, shuningdek notarial va FHDY arxivlari faoliyat yuritadi. Bu esa xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirish, byurokratik to‘siqlarni kamaytirish va aholi uchun qulayliklar yaratishda muhim omil bo‘ladi.

Tadbir ishtirokchilari milliy va zamonaviy me’morchilik an’analari uyg‘unligida bunyod etilgan adliya bo‘limi binosida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar. 

Yangi inshootda fuqarolar va tadbirkorlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Xizmat ko‘rsatish zalida bir vaqtning o‘zida 17 ta qabul oynasi orqali 400 dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatiladi. Shuningdek, elektron navbat tizimi, axborot kioskasi, mini-kutubxona va Wi-Fi hududi, maslahat xizmatlari va huquqiy axborot stendlari, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moslashtirilgan yo‘laklar, kutish zallari va mobil qurilmalar uchun quvvatlagich joylari mavjud. Bolali ota-onalar uchun bolalar maydonchasi ham tashkil etilgan bo‘lib, bu kichkintoylarning vaqtlari mazmunli o‘tishiga yordam beradi. 

Yangi binoda kelin-kuyovlar uchun maxsus fotosuratga tushish maydoni - fotozona tashkil etilganini esa yangicha yondashuv sifatida e’tirof etish mumkin. Milliy an’analar va zamonaviy dizayn uyg‘unlashgan bu maydon yosh oilalarning eng unutilmas lahzalarini tarix zarvaraqlarida muhrlab qoldirishga xizmat qiladi. 

Tadbirda ishtirok etganlar tomonidan mazkur majmuaning foydalanishga topshirilishi davlat va huquqiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, fuqarolarga xizmat ko‘rsatishning tezkorligi va shaffofligini ta’minlashda muhim omil ekani alohida qayd etildi.


Report Page