Shartnoma majburiyatlari bajarilmadi, holatga adliya aralshdi
@adliya
“Mirob qurilish servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda "Sirdaryo tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi" davlat muassasasi o‘rtasida tuzilgan shartnoma majburiyatlari bajarilmadi.
Guliston shahar adliya bo‘limi tomonidan “Mirob qurilish servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbarining ushbu holatdan norozi bo‘lib qilgan murojaati o‘rganildi.
Ma’lum bo‘lishicha, taraflar o‘rtasida 2022-yilda pudrat shartnomasi tuzilgan bo‘lib, unga ko‘ra jamiyat tomonidan 826 447 296, 84 so‘mlik ishlar bajarilgan. Biroq ushbu xizmatlar uchun "Sirdaryo tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi" davlat muassasasi tomonidan to‘lov qisman amalga oshirilgan, natijada 490 447 296, 84 so‘mlik qarzdorlik vujudga kelgan.
O‘rganish davomida ushbu holatlar ishdagi shartnoma, solishtirish dalolatnomasi, hisob-faktura va boshqa hujjatlar bilan o‘z tasdig‘ini topdi.
Fuqarolik kodeksining 673-moddasiga asosan buyurtmachi pudratchining bajargan ishi uchun smetada nazarda tutilgan miqdorda, qonun yoki qurilish pudrati shartnomasida belgilangan muddatda va tartibda haq to‘laydi.
Shuningdek, Fuqarolik kodeksining 236-moddasida majburiyatlar shartnoma shartlariga va qonun hujjatlari talablariga muvofiq, bunday shartlar va talablar bo‘lmaganida esa ish muomalasi odatlariga yoki odatda qo‘yiladigan boshqa talablarga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerak ekanligi nazarda tutilgan.
Yuqoridagilarga asosan, Guliston shahar adliya bo‘limi tomonidan “Mirob qurilish servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati manfaatida Sirdaryo tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritildi.
Natijada sudning hal qiluv qarori bilan "Sirdaryo tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi" davlat muassasasi hisobidan “Mirob qurilish servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati foydasiga 490 447 296,84 so‘m asosiy qarz, Respublika byudjetiga 9 808 945, 93 so‘m miqdorida davlat boji undirilishi belgilandi.
Safarboy Tog'ayev,
Guliston shahar adliya bo'limi boshlig'i