Adliya mas'ullari “Olmazor” mahallasida
@adliya
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari A.Shayjigitov “mahalla yettiligi” bilan suhbatlashib, "Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham va boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga asosan endilikda joylarda aholi tomonidan ko‘tarilayotgan dolzarb muammolarni ko‘rib chiqish va hal etish uchun har oyda mahallalarda “Adliya kuni” tadbirlari, shuningdek uyma-uy yurish va “Huquqiy ko‘mak” aksiyalari o‘tkazilishi, bu borada “mahalla yettiligi” bilan doimiy hamkorlikda ishlarni tashkil qilish muhim ekanligini ta’kidlab o‘tdi.


Muloqotda aholiga, avvalambor “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatilishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish lozimligi qayd etildi.

Shuningdek, “mahalla yettiligi”ning fikr-mulohazalari tinglanib, faoliyatda vujudga kelayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan uslubiy ko‘mak hamda aholining huquqiy muammolarini hal etishga ko‘maklashish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.

“Olmazor” mahallasi 4-sektor hududida joylashgan bo‘lib, aholi soni 3634 nafarni, xonadonlar soni 716 tani tashkil qiladi.
Adliya mas’ullari mahallada uyma-uy yurish orqali aholining huquqiy muammolarini o‘rganishdi.

Fuqarolar bilan muloqotlar davomida Vazirlar Mahkamasining 204-sonli qarori bo'yicha bir martalik kompensatsiya berish tartibi tushuntirildi.

Shuningdek, o'zini o'zi band qilgan fuqorolar xonadonida bo'lib, tomorqadan unumli foydalanishning afzalliklari, bu borada qonunchilikda nazarda tutilgan imtiyozlar haqida tushuntirishlar berilib, targ‘ibot materiallari tarqatildi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Axborot xizmati