Fuqaro huquqlari tiklandi: mehnat ta’tili uchun kompensatsiya to‘lab berildi

Fuqaro huquqlari tiklandi: mehnat ta’tili uchun kompensatsiya to‘lab berildi

@adliya

Sardoba tuman adliya bo‘limiga murojaat qilgan Sh. J. o‘zining ko‘p yillik haqiqat izlanishiga nihoya yasadi — unga 27 million so‘mdan ortiq mehnat ta’tili pullari to‘lab berildi.

Sh. J. 2003–2015-yillar davomida Sardoba tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limida lobarant lavozimida faoliyat yuritgan. U murojaatida ko‘rsatishicha, ayni davr mobaynida u mehnat ta’tiliga chiqa olmagan va unga bu borada qonunda nazarda tutilgan kompensatsiyalar to‘lanmagan.

Mazkur murojaat Adliya bo‘limi tomonidan befarq qoldirilmasdan, holat bo‘yicha monitoring o‘tkazildi. O‘rganish natijalariga ko‘ra, Sh. J. 2012–2014-yillar oralig‘ida mehnat ta’tiliga chiqqani, ammo 2003–2011-yillar va 2015-yilda ta’tilga chiqmaganligi aniqlanib, foydalanilmagan ta’tillar uchun unga to‘lanishi lozim bo‘lgan kompensatsiya miqdori 27 902 105 so‘mni tashkil etishi ma’lum bo‘ldi.

Bu holat O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining bir qator normalariga — xususan, 230, 233 va 234-moddalariga zid bo‘lgan. Ushbu moddalar xodimlarga har yili mehnat ta’tili berilishi, u boshlanishidan avval pul to‘lanishi, shuningdek, foydalanilmagan ta’tillar uchun kompensatsiya to‘lab berilishi lozimligini qat’iy belgilaydi.

Adliya bo‘limi tomonidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limiga qonuniy taqdimnoma kiritildi va natijada, fuqaro Sh.J.ning yillab hal qilinmay kelgan masalasi ijobiy yechim topdi. Unga 2003–2011-yillar hamda 2015-yil uchun mehnat ta’tilidan foydalanmaganligi sababli tegishli kompensatsiya to‘liq hajmda to‘lab berildi.

Ilhom Yunusov,

Sardoba tuman adliya bo'limi boshlig'i

Report Page