Xovosda 69 nafar ishchining mehnat huquqlari ta'minlandi

Xovosda 69 nafar ishchining mehnat huquqlari ta'minlandi

@adliya

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan “Xodimlarning mehnat huquqlari kafolati” huquqiy aksiyasi doirasida Xovos tumanida amaliy ishlar olib borilmoqda.

Xususan, Xovos tuman yuridik xizmat ko‘rsatish markazi tomonidan tuman tibbiyot birlashmasida mehnat qonunchiligiga rioya etilishi holatlari o‘rganildi. O‘rganish natijasida mazkur muassasada ishlagan 69 nafar mavsumiy ishchiga jami 15 870 000 so‘m miqdoridagi mehnat ta’tili uchun kompensatsiya pullari to‘lanmaganligi aniqlandi.

Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 493-moddasiga muvofiq, mavsumiy xodimlar ishning har bir oyi uchun kamida ikki kalendar kun hisobidan haq to‘lanadigan mehnat ta’tiliga ega bo‘lishlari lozim. Agar mavsumiy xodim to‘liq mavsum davomida ishlagan bo‘lsa, mehnat shartnomasi bekor qilinganda unga pulli kompensatsiya to‘lanishi belgilangan.

Yuzaga kelgan qonunbuzilish holatini bartaraf etish maqsadida Xovos tuman adliya bo‘limi tomonidan tibbiyot birlashmasiga qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda taqdimnoma ta’sir chorasi qo‘llanildi. Natijada 69 nafar mavsumiy ishchining mehnat huquqlari tiklanib, ularga jami 15 870 000 so‘m miqdorida kompensatsiya pullari to‘lab berilishi ta’minlandi.

Bu kabi huquqiy aksiyalar xodimlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishda muhim o‘rin tutmoqda va mehnat qonunchiligiga rioya etilishini ta’minlashga xizmat qiladi.


Javohir Komilov,

Xovos tuman yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i

Report Page