Fuqaroning doimiy yashaganlik fakti belgilandi
@adliyaM.Boboyeva 1961-yilda Tojikiston Respublikasida tug‘ilgan. U doimiy yashash manzilidan ro‘yxatdan chiqib, 1989-yildan buyon Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani “Tinchlik” mahallasida yashab kelmoqda.
M.Boboyeva hozirda O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olishga qiynalayotganligini bildirib, 1989-yildan buyon Mirzaobod tumanida doimiy yashaganlik faktini belgilashda amaliy yordam so‘rab Mirzaobod tuman adliya bo‘limiga murojaat qildi.
Mazkur murojaatni o‘rganish davomida fuqaro M.Boboyeva 1989-yilda O‘zbekiston Respublikasi, Sirdaryo viloyati, Mirzaobod tumani, «Tinchlik» mahallasiga kelin bo‘lib tushganligi va doimiy yashash uchun kelganligi hamda hozirgi kunga qadar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs pasporti bilan yashab yurganligi ma’lum bo‘ldi.
“O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasiga ko‘ra, 2005-yil 1-yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan hamda muqaddam chet davlat fuqaroligida bo‘lmagan shaxs xohish bildirgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinadi.
O‘zini O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilgan kunga qadar O‘zbekiston Respublikasida kamida o‘n besh yil doimiy yashab kelayotgan va mazkur davr mobaynida chet davlat fuqaroligida bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinadi.
Yuqoridagilarga asosan, Mirzaobod tuman adliya bo‘limi tomonidan fuqaro M.Boboyeva manfaatida fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi.
Natijada ushbu ariza qanoatlantirilib, sudning hal qiiluv qarori bilan 1961-yil 1-fevralda tug‘ilgan M. A. Boboyevani 1989-yildan buyon O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaganlik fakti belgilandi.
Xokim Erkaboyev,
Mirzaobod tuman adliya bo'limi boshlig'i