Xodimga ish haqi to‘lashni va unga to‘lanishi lozim bo‘lgan boshqa to‘lovlarni kechiktirganlik uchun ish beruvchiga moddiy javobgarlik belgilanganligidan xabardormisiz?
@adliya
O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 30-aprelidan boslab kuchga kirgan yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi 333-moddasida ish beruvchi ish haqini, ta’til to‘lovlarini, mehnat shartnomasi bekor qilingandagi to‘lovlarni va (yoki) xodimga to‘lanishi lozim bo‘lgan boshqa to‘lovlarni to‘lash muddatini buzgan taqdirda, ularni to‘lov muddatidan keyingi kundan e’tiboran to haqiqatda hisob-kitob qilingan kunni o‘z ichiga olgan muddatgacha har bir kechiktirilgan kun uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining o‘sha vaqtda amalda bo‘lgan qayta moliyalashtirish stavkasidan kelib chiqqan holda foizlar (pulli kompensatsiya) bilan birga to‘lashi shart ekanligi belgilangan.
Mehnat kodeksiga bunday normaning kiritilishi ish beruvchiga xodimning oylik ish haqini yoki xodimga to‘lanishi lozim bo‘lgan boshqa to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lashda ma’suliyatini oshirish bilan birgalikda xodimning oylik ish haqini yoki xodimga to‘lanishi lozim bo‘lgan boshqa to‘lovlarni vaqtida olish huquqini kafolatlaydi.
Ish beruvchi xodimga “sening oylik ish haqing mening aybim bilan kechikmadi” deb e’tiroz bildirishga ham haqli emas. Sababi Mehnat kodeksining 333-moddasi uchinchi qismida mazkur pulli kompensatsiyani to‘lash majburiyati ish beruvchining oylik ish haqini yoki xodimga to‘lanishi lozim bo‘lgan boshqa to‘lovlarni to‘lashning kechiktirilishida aybi bor-yo‘qligidan qat’i nazar yuzaga kelishi belgilangan.
A.Ortiqov,
Mirzaobod tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
bosh yuriskonsulti