Mehnat haqi kechikdi, lekin adolat kechikmadi

Mehnat haqi kechikdi, lekin adolat kechikmadi

@adliya

Sayxunobod tuman adliya bo‘limiga fuqaro I. B. murojaat qilib, tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan mehnat shartnomasi bekor qilinganidan so‘ng hisob-kitob to‘lovlari o‘z vaqtida amalga oshirilmayotganidan shikoyat qildi.

O‘tkazilgan o‘rganish ishlari jarayonida, fuqaro I.B. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan bo‘lsa-da, u bilan so‘nggi hisob-kitob to‘lovlari Mehnat kodeksi talablariga zid ravishda 104 kunga kechiktirilgan holda to‘lanmagani aniqlandi. Xususan, 8 273 680 so‘m miqdoridagi mablag‘ xodimga o‘z vaqtida berilmagan.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 172-moddasiga ko‘ra, mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni xodim bilan hisob-kitob to‘liq amalga oshirilishi shart. Shuningdek, 333-moddada belgilab qo‘yilganidek, kechiktirilgan har bir kun uchun qonunchilikda belgilangan foizlarda kompensatsiya to‘lash ham nazarda tutilgan.

Mazkur holat yuzasidan Sayxunobod tuman adliya bo‘limi fuqarolik ishlari bo‘yicha Sirdaryo tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritdi.

Sud ishni mazmunan ko‘rib chiqib, da’voni qanoatlantirdi. Sud qaroriga muvofiq, fuqaro I. B. foydasiga 11 313 293,72 so‘m kompensatsiya, 2 000 000 so‘m ma’naviy zarar, shuningdek, davlat boji va pochta xarajatlari javobgardan undirilishi belgilandi.


Baxtiyor Nazarov,

Sayxunobod tuman adliya bo'limi boshlig'i

Report Page