Mavsumiy ishchilarning mehnat huquqlari tiklandi

Mavsumiy ishchilarning mehnat huquqlari tiklandi

@adliya

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-iyundagi PQ-5168-son qarori bilan tasdiqlangan "Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari to‘g‘risida"gi nizomga muvofiq, markazlar tomonidan yuridik xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlarda qonunchilik hujjatlariga rioya qilinishi ustidan monitoring olib borilishi belgilangan.

Mazkur nizom asosida Xovos tuman yuridik xizmat ko‘rsatish markazi tomonidan tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi muassasalarda mehnat qonunchiligiga rioya etilishi holatlari o‘rganildi.

O‘rganish jarayonida aniqlanishicha, umumiy o‘rta ta’lim maktablari va davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritgan 114 nafar mavsumiy ishchiga jami 43 908 062 so‘m miqdoridagi mehnat ta’tili uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan kompensatsiya pullari o‘z vaqtida to‘lab berilmagan.

Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 493-moddasiga muvofiq, mavsumiy xodimlar har bir oylik ish uchun kamida ikki kalendar kun hisobida haq to‘lanadigan mehnat ta’tili olish huquqiga ega. Agar mavsumiy xodim butun mavsum davomida ishlagan bo‘lsa, mehnat shartnomasi tugatilgan vaqtda u haq to‘lanadigan ta’til yoki uning o‘rniga pulli kompensatsiya olish huquqiga ega bo‘ladi.

Aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish maqsadida, tuman adliya bo‘limi tomonidan maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga taqdimnoma kiritilib, ta’sir chorasi qo‘llanildi. Natijada, 114 nafar mavsumiy ishchining mehnat huquqlari tiklandi va ularga jami 43 908 062 so‘m miqdorida kompensatsiya to‘lab berilishi ta’minlandi.


Javohir Komilov,

Xovos tuman yuridik xizmat ko'rsatish markazi boshlig'i

Report Page