Fuqaroning O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaganlik fakti belgilandi
@adliya
Sayxunobod tuman adliya bo‘limi tomonidan “O‘rikzor” mahallasida yashovchi fuqaro Sh.Shning O‘zbekiston hududida doimiy yashaganlik faktini belgilashda amaliy yordam so‘rab qilgan murojaati o‘rganildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Sh.Sh 1988-yilda Tojikiston Respublikasida tug‘ilgan, 1996-yil Sayxunobod tumani “O‘rikzor” mahallasiga doimiy yashash uchun ko‘chib kelgan va 27-yildan buyon uzluksiz ushbu mahallada istiqomat qilib kelmoqda.
Sh.Sh fuqaro X.U bilan 2020-yilda qonuniy nikohdan o‘tib, 4 nafar farzandlarini voyaga yetkazmoqda.
Fuqaro Sh.Sh bir necha yillardan buyon O‘zbekiston Respublikasi pasportini olish yuzasidan tegishli tashkilotlarga murojaat qilgan bo‘lsada, ijobiy hal etilmagan.
O‘rganish davomida to‘plangan hujjatlar asosida tuman adliya bo‘limi tomonidan Sh.Sh manfaatida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Sirdaryo tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi.
“O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasiga ko‘ra, 2005 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan hamda muqaddam chet davlat fuqaroligida bo‘lmagan shaxs xohish bildirgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinadi.
O‘zini O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilgan kunga qadar O‘zbekiston Respublikasida kamida o‘n besh yil doimiy yashab kelayotgan va mazkur davr mobaynida chet davlat fuqaroligida bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinadi.
Yuqoridagilarga asosan adliya bo‘limining da’vo arizasi qanoatlantirildi hamda sudning hal qiliv qarori bilan Sh.Shni 1996-yildan buyon O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaganlik fakti belgilandi.
Farhod Siddiqov,
Sayxunobod tuman adliya bo'limi bosh maslahatchisi